QUTURISh – XAVFLI KASALLIK
Quturish kasalligi qadim zamonlardan maʼlum. Odamlarda quturish kasalligi itlarning tishlashi natijasida kelib chiqishini birinchi marta Aristotel aniqlagan. Quturish klinikasini dastlab 1 asrda Tsels yoritdi va uni gidrofobiya, yaʼni suvdan qoʻrqish deb atadi. Mashhur frantsuz olimi Lui Paster oʻtgan asrda quturishga qarshi emdori – vaktsina topdi va ishlab chiqdi, it, boʻri tishlagan odamlarni shu emdori bilan emlashni amalda joriy etdi.
Quturish qoʻzgʻatuvchisi neytotrop virus boʻlib, u quturgan hayvonning soʻlagida boʻladi, tashqi muhitda uzoq saqlana olmaydi.
1887-yilda Babesh va 1903-yilda Negri quturib oʻlgan hayvonlar bosh miyasining ammon shoxi deb ataluvchi qismida dogʻga oʻxshash yumaloq tuzilmalar borligini aniqlaganlar.
Keyinchalik boshqa olimlar ana shu dogʻlar quturish virusi taʼsirida paydo boʻlishini isbotladilar. Virus dezinfektsiyalovchi moddalar taʼsirida 45-10 daqiqa, qaynatilganida 2 daqiqa davomida halok boʻladi. Quritilganda va past haroratda uzoq vaqt tirik saqlanadi.
Infektsiya manbai quturgan itlar, mushuklar, boʻrilar, tulkilar, boʻrsiqlar va boshqa hayvonlardir. Kamdan-kam hollarda kasallik quyonlardan, kalamush va sichqonlardan yuqishi mumkin. Itning soʻlagi virus quturish belgilari maʼlum boʻlishidan 7-10 kun ilgari paydo boʻla boshlaydi. Itdan quturish kasalligi yuqishi uchun itning odamni tishlashi shart emas, uning soʻlagi odam terisidagi shilingan yoki tirnalgan joyiga tushsa ham kasallik yuqadi. Quturish yoz-kuz oylarida koʻproq uchraydi, chunki yilning shu fasllarida kishilarni hayvonlar koʻproq tishlaydi. Odam boshi va yuzining tishlanishi oyoq-qoʻllar tishlanishiga qaraganda ancha xavfli. Itning kiyim-kechak ustidan odamni tishlashi ham xatarli.
Kasallikning inkubatsion, yaʼni yashirin davri 1-2 oy davom etadi, baʼzan 2 haftagacha qisqarishi yoki 1-yilgacha uzayishi mumkin. Yashirin davrining qisqa yoki uzoq boʻlishi quturgan hayvon tishlaganida yuzaga kelgan jarohatning qayerga joylashgani, katta-kichikligi va chuqur-yuzakiligiga bogʻliq. Jarohat bosh yoki yuzda boʻlsa, yashirin davri qisqaradi. Bolalarda esa bu davr kattalarga qaraganda qisqaroq davom etadi.
Quturishning davosi yoʻq. Profilaktikasi – hayvonlarga qarshi kurash, daydi itlarni yoʻqotishdir. Faqatgina it tishlagan odamlarni oʻz vaqtida ehtiyotdan emlash orqaligina hayotini saqlab qolish mumkin.
A.YaVBASAROV,
tuman SEOVJS boʻlimi vrach-epidemiologi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶