YaGONA INTERAKTIV DAVLAT XIZMATLARI PORTALI HAQIDA BILASIZMI?
Internetning turmushimizdan chuqur oʻrin olishi jamiyat hayotidagi koʻplab muammolarni hal qilishning samarali va muqobil variantlarini amaliyotga joriy etish imkonini bermoqda. Lugʻatimiz yangi soʻzlar, yangi atamalar bilan boyimoqda. Xuddi shunday soʻzlardan biri — “maygovuz”dir. Biror murojaatingizga javob kechikayotgan yoki qaysidir muammongiz hal qilinmayotgan boʻlsa, odamlar “ana, maygovuz”ga yoz. Uch kunda hal boʻladi”, degan gaplarni aytishmoqda. Bu soʻz orqali shu kunlarda tobora ommalashib borayotgan my.gov.uz — Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali nazarda tutiladi.
Yagona portal — foydalanuvchilarning interaktiv davlat xizmatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan erkin foydalanishini, shuningdek elektron shaklda davlat xizmatlari koʻrsatishni taʼminlovchi Internet tarmogʻidagi Oʻzbekiston Respublikasining Hukumat portalidagi maʼlumot-axborot portalidir. U hukumat tomonidan tashkil yetilgan va hukumat nazorati ostidagi dasturdir.
Yagona portal foydalanuvchilar tomonidan interaktiv davlat xizmatlaridan, shu jumladan pulli asosda erkin foydalanish maqsadida tashkil etilgan. U quyidagi vazifalarni bajaradi:
- foydalanuvchilarga davlat organlariga toʻgʻridan-toʻgʻri murojaat qilish uchun imkoniyat berish;
- foydalanuvchilarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi boshqa loyihalar bilan integratsiyalash;
- foydalanuvchilarning davlat organlari bilan oʻzaro hamkorligi samaradorligini oshirish;
- davlat organlariga murojaat qilinganda foydalanuvchilar uchun byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish va ularni bartaraf etish;
- «Elektron hukumat»ni yanada rivojlantirish va davlat boshqaruviga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etishda koʻmaklashish.
Portaldan qanday foydalaniladi?
Portaldan toʻlaqonli foydalanish hamda davlat organlariga murojaat qilish uchun eng avvalo siz portalda roʻyxatdan oʻtgan boʻlishingiz kerak. Buning uchun portaldagi login orqali, ID.uz – Yagona identifikatsiya tizimidan roʻyxatdan oʻtgan boʻlishingiz zarur. Shu bilan birga, bugungi kunda elektron raqamli imzo va UzCard yordamida ham portaldan roʻyxatdan oʻtish mumkin.
Maʼlumot uchun:
Shu oʻrinda sizda ushbu portalda roʻyxatdan oʻtish murakkabdek koʻrinishi ham mumkin. Ammo maʼlumki, “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Qonunga binoan, jismoniy shaxsning familiyasi (ismi, otasining ismi), uning yashash joyi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar yoki yuridik shaxsning toʻliq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar koʻrsatilmagan yoxud ular haqida yolgʻon maʼlumotlar koʻrsatilgan, shuningdek, imzo (elektron raqamli imzo) bilan tasdiqlanmagan murojaatlar anonim murojaatlar deb hisoblanadi. Shuning uchun ham davlat portalidan foydalanishda bir qator rasmiyatchilikni bajarish talab qilinadi.
Biz sizga ID.uz – Yagona identifikatsiya tizimidan roʻyxatdan oʻtib qoʻyishni tavsiya qilamiz. Chunki ushbu tizim sizga nafaqat hukumat portalidan emin-erkin foydalanish, ayni paytda milliy umail.uz pochta tizimidan ham foydalanish imkonini beradi.
Siz ID.uzdagi raqamingiz bilan portaldan roʻyxatdan oʻtganingizdan soʻng, shaxsiy maʼlumotlaringiz aks etgan darcha paydo boʻladi. Siz ushbu maʼlumotlarni tasdiqlab yoki tahrir qilib, “ruxsat berish”tugmasini bosasiz.
“Mening arizalarim” boʻlimida Siz yuborgan arizalar roʻyxati, ularning holati va ularga berilgan javob xatlari bilan tanishishingiz mumkin.
Mansur TOJIBOYeV, tuman Davlat xizmatlari markazi boʻlim boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶