Ona diyorim
Xayoldan ketmaydi kecha-yu kunduz,
Qayerda boʻlsa-da, sogʻinch-xumorim.
Men uchun dunyoda yagona-yolgʻiz,
Sen oʻzing faxrimsan, ham iftixorim,
Goʻzal Oʻzbekiston-ona diyorim.
Ellarning ichida erur sarasi,
Bepoyon yerlari, togʻ-u darasi.
Oʻzingsan gavharim-koʻzim qorasi.
Boʻynimdagi marjon, tilla tumorim -
Goʻzal Oʻzbekiston-ona diyorim.
Sanʼatiga bugun tan berdi jahon,
Dovrugʻini koʻrib, qoldi lol-hayron.
Oʻgʻil-qizi bari botir, pahlavon.
Shu sabab dilimda yoʻqdir-gʻuborim,
Goʻzal Oʻzbekiston-ona diyorim.
Olma, anor, uzum mevaning turi,
Olloh nazar solgan, yoʻq, buning siri.
Koʻrgan oʻzi aytar, jannatning biri.
Toʻrt fasli baravar: yoz-u bahori,
Goʻzal Oʻzbekiston-ona diyorim.
Oʻzbek elim doim oʻziga bekdir,
Oʻzgalardan aslo hech kami yoʻqdir.
Bugun hayotidan koʻngillar toʻqdir,
Qancha fido qilsam, arziydi borim,
Goʻzal Oʻzbekiston-ona diyorim.
Mustaqillik - ulugʻ farovon hayot,
Mustaqillik bilan el-u yurt obod.
Mustaqillik boʻlsin mudom barhayot,
Shomurod, abadiy boʻlsin shiorim -
Goʻzal Oʻzbekiston-ona diyorim.
Shomurod XOʻJANOV.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶