DUNYo MATOHLARI IMONDAN AZIZ EMAS
Hayot – bebaho! Tiriklik sahnasida har kim oʻz xohishicha, salohiyati yetganicha mehnat qilib, hech kimdan kam boʻlmay yashagisi keladi, shunga intiladi. Lekin bu dunyo baribir biri kam-da. Roʻzgʻor – gʻor deganlariday, uni but qilib, endi boʻldi, deb oʻzimiz haqimizda oʻylashga fursat topolmaymiz, hayotdan zavqlanib yashashga, sogʻligʻimizni tiklashga eʼtibor qilmaymiz. Chunki kun sayin uy–roʻzgʻor buyumlarining, jihozlarning, mebellarning, kiyim–kechag-u taqinchoqlarning yangisi, davr tili bilan aytganda, “zoʻri” chiqaveradi. Birovdan oldin, birovdan orqada deganday, “zoʻr”larga intilaveramiz. Jismimizdan quvvat ketib, turli xastaliklar namoyon boʻla boshlaganida esa afsuski, kech boʻladi. Sogʻligimizdan kechib yiqqanlarimizning qadri bir pul ekanligini ana shu vaqtda anglaymiz...
Bu dolgʻali dunyoda bizning buningdek hayot tarzimizdan farqli kishi tang qolarlik voqea–hodisalar juda koʻp.
Yer kurrasining qay bir burchagida bir oʻta boy odam hayotining soʻnggi lahzalarida butun boyligini umr yoʻldoshiga – ayoliga emas,itiga meros qilib qoldiribdi, yana birov koʻp yillar davomida orzu qilganiday it qiyofasiga kiribdi, timsohga uylangan erkak esa oʻzini juda baxtiyor his qilayotganini bildirgan. Bu uning taʼbiricha, odamlarning jonzotlarga mehr-eʼtiborini qaratish uchun qilgan ishi ekan.
Buningdek ajabtovur hangomalarni sanayversak, adogʻiga yetolmaymiz. Biroq ijtimoiy tarmoqdagi mahalliy saytlardan birida eʼlon qilingan bir xabar eʼtiborimni tortdi, tortdigina emas, ham hayratlandim, ham ajablandim. Emishki, 16 kishilik stol oʻtirgʻichi bilan 350 mln., shu stolga yarasha idish-tovoq 133 mln., tarelka-yu qoshiqlari ham shunga yarasha, jami esa 483 mln. soʻmdan ortiq ekan. Albatta, har kimning puli oʻz choʻntagida turadi, qachon, nima xarid qilish har kimning oʻz ixtiyorida. Biroq, shu xabarni oʻqigan necha odam (ayniqsa, ayollar)ning koʻnglida shu matohlarni xarid qilish istagi tugʻilgan boʻlsa ajab emas. Achinarlisi, bunday summadagi xaridlarni halol ishlab pul topayotganlar qilishi aqlga sigʻmaydi. Yana bilmadim. Ishqilib, dunyo matohlari yurtdoshlarimizni halol rizq topish yoʻlidan ozdirmasa boʻldi.
Axir hech narsa imondan aziz emas, shunday emasmi?..
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶