AJDODLAR XOTIRASI – KELAJAK POYDEVORI
Ezgulik yoʻlida qilingan mehnat hamisha qadrlanadi va eʼzoz topadi. Mamlakatimizda milliy qadriyat darajasiga koʻtarilgan keksalarga hurmat-ehtirom koʻrsatishdek ezgu anʼana yaqinda yurtimizda keng nishonlangan Xotira va Qadrlash kunida yanada yaqqolroq namoyon boʻldi.
Muhtaram Prezidentimiz bayram arafasida poytaxtimizdagi Xotira maydonida ommaviy axborot vositalari vakillari bilan suhbatda bundan 17-yil oldin mamlakatimizda 9-may sanasini Xotira va Qadrlash kuni deb eʼlon qilib, hududlarimizda Xotira maydonlari barpo etilganini, xotira va qadrlash degan bir-birini toʻldiradigan tushuncha ayni shu nomda oʻzining yorqin ifodasini topganini alohida eʼtirof qilib oʻtdi.
Darhaqiqat, yurtimizda el farovonligi, yurt tinchligi yoʻlida zahmat chekkan insonning qadri hamisha baland boʻlgan va bunday mehnat, aytish joizki, ayni kunda ham ragʻbat va eʼtibor topmoqda. Bu - xalqimizning asrlar osha shakllangan fazilatlarining amaldagi ifodasidir. Zotan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, bizga tinchlik kerak, omonlik kerak.
Shu maʼnoda, xalqaro hamjamiyat tomonidan keng eʼtirof etilayotgan hujjat, yaʼni «Oʻzbekiston Respublikasining tashqi siyosiy faoliyat kontseptsiyasini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi Qonun normalarining hayotga izchil tatbiq etilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur hujjatda Oʻzbekistonning turli harbiy-siyosiy blok va alyanslarga qoʻshilmasligi, oʻzining suvereniteti va hududiy yaxlitligini himoya qilish boʻyicha qatʼiy pozitsiyasiga ega ekani, oʻz hududida xorijiy davlatlarning harbiy bazalari joylashtirilishiga yoʻl qoʻymasligi, mustaqil, izchil va faol tashqi siyosat olib borishi haqidagi printsiplar qatʼiy mustahkamlab qoʻyilgan. Davlatimiz rahbari buni bugungi murakkab vaziyatda oʻzimiz uchun maʼqul va toʻgʻri yoʻl ekanini yana bir bor taʼkidlab oʻtdi.
Binobarin, bugun yon atrofimizda, umuman dunyoda avj olayotgan qarama-qarshiliklar, ekstremizm, terrorizm kabi illatlar tahdidi tobora kuchayib borayotgan bir sharoitda bir narsani faxr va iftixor bilan aytishimiz mumkinki, Oʻzbekistonda tinch va osuda hayot hukm surmoqda. Yurtimizning barcha goʻshasida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda. Xalqimizning dunyoqarashi yuksalib borayapti, hayotga qarashi oʻzgarayapti. Yangicha fikrlaydigan, yuksak salohiyatga ega boʻlgan yosh avlod voyaga yetmoqda. Albatta, bularning barchasi yurtimizda tinchlik, osoyishtalik hukm surayotganining amaliy tasdigʻidir.
Jurnalistlar bilan muloqot chogʻida Yurtboshimiz yoshlarga qarata, ertangi kun bizniki, marra bizniki, deb bejizga taʼkidlamadilar. Zero, mamlakatimizning dunyodagi eng taraqqiy topgan davlatlardan, erkin va ozod yashayotgan xalqlardan aslo kam boʻlmasligi ertangi kunimiz egalariga boʻlgan katta ishonchda yaqqol namoyon boʻlmoqda.
Bu borada esa biz deputatlar, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan gʻoyalarni hayotga tatbiq etish, davlatimizning dunyoda tinchlik oʻrnatish va barqarorlikni taʼminlashdagi tashabbus va siyosatini qoʻllab-quvvatlab, uning amaliy ijrosi boʻyicha olib borilayotgan ishlarda faol ishtirok etishimiz lozim. Zero, bugungi kunda vatanimizni yanada obod qilish, hayotimizni yuksaltirish, eng muhimi, yon-atrofimizda roʻy berayotgan voqeahodisalarga daxldorlik hissi bilan yashash talab etilayotgan ekan, bunga har birimiz masʼuliyat bilan yondashishimiz maqsadga muvofiqdir.
Joldasbay Abdijamilov,Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, OʻzMTDP fraktsiyasi aʼzosi.
(Foto - http://muxlis.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶