INNOVATsION FIKRLASh – DAVR TALABI
Maʼlumki, davlatimiz tomonidan yoshlarni ish bilan taʼminlashga alohida eʼtibor berilmoqda. Oʻrta maxsus, kasb hunar taʼlimini bir yilda mamlakatimiz boʻyicha 500 mingdan ortiq yoshlar tamomlaydi. Davlat hisobidan taʼlim olib, endi mustaqil hayotga qadam qoʻyib, oʻqib-oʻrgangan barcha nazariy bilimlarini amalda hayotga tatbiq qilmoqchi boʻlgan, faqat oʻz kuchiga ishongan va ayni paytda har qanday sinovlarga tayyor boʻlgan bitiruvchilarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish, oʻz biznes rejalarini tuzishni oʻrgatish, tadbirkorlik sohasida innovatsion texnologiyalarni qoʻllashni va innovatsion fikrlashni oʻrgatish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri.
Shu yilning 26-27-yanvar kunlari Mangʻit Iqtisodiyot kolleji 2-3-bosqich oʻquvchilari orasida “Eng yaxshi innovatsion gʻoya – 2018” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi. Tanlovda har birida 4 nafar oʻquvchidan iborat jamoalar qatnashib, oʻzaro bellashdilar.
Tanlovning birinchi sharti “Gʻoyalar varagʻi”, ikkinchi sharti “Raqobatchilar sharhi”, uchinchi sharti “Pul muhimdir”, toʻrtinchi sharti “Gʻoyalar taqdimoti” deb nomlanib, oʻquvchilar oʻzlari tayyorlagan gʻoyalarini taqdimot qilishdi va ular oldiga qoʻyilgan maqsadlarga yetishish bosqichlarini, sarflanadigan mablagʻ va xarajatlar, daromadlar va ularning amalda qoʻllanilishini, bozor tahlili, raqobatchilar kimlar boʻlishi mumkinligini taʼriflab berishdi. Koʻrik-tanlovda sahna koʻrinishi asosida innovatsion gʻoyalar qiziqarli tarzda namoyish qilindi.
Yakuniy natijalarga koʻra 2-bosqich oʻquvchilari orasida 3-16-guruhi jamoasi ishtirokchilari, 3-bosqich oʻquvchilari orasida esa 8-15- guruhi jamoasi ishtirokchilari faxrli birinchi oʻrinni egalladilar. Gʻoliblar va ishtirokchilar kollej maʼmuriyati tomonidan tayyorlangan faxriy yorliqlar va sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Ushbu tanlovga oʻquvchilarni tayyorlashda maxsus fan oʻqituvchilaridan Zulfiya Qidirboyeva, Gulora Jumaniyozova, Goʻzal Soburova, Nafisa Sultonova, Qunduz Yerdoshova, Rustam Bekimbetov, Shahnoza Davletovalar jonbozlik koʻrsatdilar. Tanlov qiziqarli oʻtdi va barchada yaxshi taassurot qoldirdi.
Saule PATULLAYeVA,
kollejning maxsus fan oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶