KUTUBXONAGA MAROQLI SAYoHAT

Kitob – insonni ezgulikka chorlaydi, ana shu ezgulik yoʻliga chiqqan odam borki, kitob bilan oshno boʻlgan sari koʻngil uyi obod boʻlib boraveradi. Kitob oʻqish bilan inson oʻz xulqini ziynatlaydi, hayotini orastalaydi. Demak, inson uchun kitobdan yaxshiroq doʻst-u qadrdon yoʻq.
Amudaryo qishloq xoʻjalik kasb-hunar kolleji oʻquvchilarining joriy yil 28-may kungi “Jayxun ilhomlari” NNT qoshidagi kutubxonaga sayohati buni yaqqol isbotlaydi. Milliy gʻoya, huquq va maʼnaviyat asoslari fani oʻqituvchisi Xosiyat Qurbonboyeva rahbarligida kitoblar olamiga sayohat qilgan oʻquvchi-yoshlar A.Navoiyning toʻla asarlar toʻplamlari, Firdavsiyning “Shohnoma” asari, Oʻzbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti I.A.Karimov asarlari, shuningdek, oʻzbek va jahon mumtoz adabiyoti namoyondalarining eng sara asarlari namunalari bilan yaqindan tanishdilar.
- Biz kursdosh doʻstlarimiz bilan kutubxonaga tez-tez kelib turamiz, - deydi oʻquvchi-yoshlardan Iroda Safarboyeva.- Kitob oʻqish juda zavqli.
- Kitob oʻqigan sari odamning eslab qolish qobiliyati yaxshilanib boradi, - oʻz fikrini bildirdi Sevara Rahimova. – Kitob mutolaasi – xotirani charxlaydi.
Shuningdek, yosh kitobxonlardan Goʻzal Rahimboyeva, Iroda Xolboyeva, Omonjon Ibrohimova, Shahlo Koʻklanboyeva, Dilfuza Ozodova, Sadoqat Rahimova, Dinora Poʻlatova, Shohista Yodgorova, Marhabo Tojimurodova, Qunduz Xudoyberganova, Aziza Rahmatullayevalar oʻzlarini qiziqtirgan mavzulardagi asarlar, ulardan olingan taassurotlari haqida toʻlqinlanib gapirdilar. Bir guruh oʻquvchi-yoshlar “Jayxun ilhomlari” NNT qoshidagi kutubxonaga aʼzo boʻldilar.
Oʻquvchi-yoshlarning kutubxonaga sayohati maroqli va qiziqarli taassurotlarga boy boʻldi.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶