El dilida qolgan el sevgan hofiz
El-yurt hurmatiga sazovor boʻlib yashagan insonlarni eli, xalqi hech qachon unutmaydi. Mangʻitlik otashnafas hofiz Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan artist Nazir Rahimov ana shunday eʼzozga munosib inson edilar.
Men Nazir Rahimovni bolaligimdan bilardim. Bolaligim, oʻsmirlik va yigitlik davrim Nazir Rahimov qoʻshiqlariga hamdam oʻtgan. Uning deyarli barcha qoʻshiqlarini sevib tinglardim va ayrimlarini yoddan bilardim.
Esimda: otam juda sanʼatsevar inson edilar. U ikkinchi jahon urushi yillarida maktabda oʻqituvchilik qilar, kolxoz ishlariga qarashar, yoz-u qish tinim bilmay ishlardi. Qishning uzun tunlarida rahmatlik otam uyimizga baxshi-yu sozandalarni chorlar, qoʻni-qoʻshni, ovul-el yigʻilib uyimizda ajoyib qoʻshiq va kuylar, dostonlar tinglashardi. Qoʻchqor baxshi ismli baxshi doston kuylasa, hamma jim tinglardi. Bir kuni ana shu Qoʻchqor baxshi: - Mangʻitda Nazir Rahimov degan yosh bir hofiz chiqibdi, shuni bir chorlasang-chi, -deb qoldilar otamga. Otam Nazir Rahimov nomini eshitib quvonib ketdilar va ertasigayoq Mangʻit qalʼasiga yoʻl oldilar.
Nazir Rahimov otam bilan birga kelgani, ovulimiz ahli iltimosini yerda qoldirmay qoʻshiq kuylagani hamon yodimda.
Keyinchalik men Nazir Rahimov bilan xuddi aka-ukalarday yaqin, tanish boʻlib qoldim. U kishining kontsertlarida ashulalarini jon qulogʻi bilan tinglagan, hatto bitta ashulasini takror-takror kuylashini soʻrab, xalq hofizni sahnadan tushirmay qoʻshiq ayttirganlariga guvohman. Nazirjon aka skripkada ham, torda ham juda chiroyli, maromiga yetkazib kuylar edilar. U kishining sodiq shogirdlaridan biri, rahmatlik Saidabdullaxoʻjaning guvohlik berishicha, oʻzbek anʼanaviy qoʻshiqchilik maktabining asoschisi Komiljon Otaniyozov va mashhur sanʼatkor Hojixon Boltayevlar, Nazir Rahimovning matnni yodlash, kuy va qoʻshiq ijro etish qobiliyatiga yuqori baho berganlar. Hatto xalq sevgan sanʼatkor, davlat mukofotlari sohibi Otajon Xudoyshukurov Nazir Rahimov sanʼatiga yuqori baho berib, tez-tez yoʻqlab, duolarini olib turganlar.
Sanʼatkorning qoʻshiqlari – uning ikkinchi umri, shogirdlari esa izdoshlaridir. Bugungi kunda Nazir Rahimov oramizda jisman boʻlmasa-da, ruhan tirik. U shogirdlari hamon tildan qoʻymay kuylayotgan qoʻshiqlari bilan Mangʻit elining toʻy-u marosimlarida kezib yurganday. Magnit tasmalarida xalqimiz uchun yodgor boʻlib qolgan “Feruz”, “Suvora” kabi mumtoz qoʻshiqlari, mashhur “Kiyik” qissa-qoʻshigʻi esa har bir xonadonning maʼnaviy mulkiga aylangan.
- Men qoʻshiqqa ixlosni, kuylash sanʼatini, qoʻshiq ustida ishlashni Nazir Rahimovdan oʻrganganman. U kishining xizmatlarini el-yurt ham, shogirdlari ham hech qachon unutmaydi, -deydi Nazir Rahimovning shogirdlaridan biri Chorsham Yaxshimurodov.
Nazir Rahimovning nevarasi Ikromjon Siytimov esa bobosi kuylab oʻtgan qoʻshiqlarning doimiy shaydosi va mohir ijrochisidir.
Qutlugʻ iyd –Ramazon kunlarida Nazir Rahimovni, u kishining xalqimizga qilgan halol xizmatlarini eslab, ruhi shod, oxirati obod boʻlishini yaratgandan soʻrab qolamiz.
Tursunboy Abdullayev, mehnat faxriysi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶