Olomonning noqonuniy “jazo”si
Tarixdan maʼlumki, jinoyatchilar – saltanat, din yoki jamiyat qonun-qoidalariga zid ish qilganlar koʻpincha ommaning oldida jazolangan. Aybdor yoki jinoyatchini dorga osish, toshboʻron qilish, kaltaklash va boshqa jazolar shariat yoki saltanat mutasaddilarining buyrugʻi bilan, baʼzan esa xalq qahr-gʻazabining ifodasi sifatida koʻpincha elning koʻzi oldida amalga oshirilgan.
Oradan yillar oʻtib, zamon oʻzgardi, demokratik davlat va fuqarolik jamiyati shakllanib, jinoyatchini qoʻlga olish, tergov qilish, sudlash va jazolash bilan maxsus organlar shugʻullanadigan boʻldi.
Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpogʻiston Respublikasining Beruniy tumanidagi Shabboz dehqon bozorida oʻgʻrilikda gumon qilingan yigitni bozorning darvozasiga qoʻlidan osib qoʻygani tasvirlangan videoni koʻrib, oʻsha oʻrta asrlardagi voqealar esimizga tushadi...
Videodan maʼlum boʻlishicha, bir yigit oʻgʻirlikda gumon qilinayotgan yana bir yigitning qoʻlidan arqon bilan bozorning darvozasiga osib qoʻyadi. Yonidagi bir guruh olomon esa voqeani tasvirga olish bilan band. Kimdir “Sheriging qani”, “Uying qayerda” kabi savollar berib, “oʻgʻri”ni “tergov” qilmoqda.
Milliy qonunchiligimizda “aybsizlik prezumptsiyasi” degan tushuncha bor. Bu – aybdorning jinoyati qonuniy tartibda isbot qilinmaguncha uni aybsiz deb faraz qilish demakdir. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi uning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda nazarda tutilgan tartibda isbotlangunga va qonuniy kuchga kirgan sud hukmi bilan aniqlangunga qadar aybsiz hisoblanadi.
Nahotki shu voqeaga guvoh boʻlgan kimsalardan biri bu ishning noqonuniy ekanligini, aksincha, “oʻgʻri”ni oʻzboshimchalik bilan jazolayotganlar Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229-moddasida koʻrsatilgan jinoyatni (Oʻzboshimchalik) sodir qilayotganini, qonun oldida javob berishlarini bilmasa, tushunmasa? Undan koʻra, oʻgʻirlik qilishda gumonlanuvchini huquq-tartibot idoralari topshirish lozim ekani nahotki hech kimning esiga kelmasa?
Biz bu bilan oʻgʻirlikda gumon qilinib, qoʻlidan osilgan yigitni oqlamoqchi emasmiz. Tegishli tartibda, vakolatli organlar tomonidan uning mazkur jinoyatni sodir etgan yoki etmaganligi tergovda oʻrganib chiqilib, agar aybdorligi isbotlansa, qonun oldida javob berar. Ammo, qonunni bilmagan, hurmat qilmagan oʻzboshimcha olomon ertaga boshqa jinoyatchini, boshqa joyda, qoʻlidan emas, boʻynidan osmaydi, deb kim kafolat beradi?
Qolaversa, bu videoni koʻrgan xalqaro jamoatchilik qanday munosabat bildiradi? Bir guruh olomonning huquqiy saviyasi pastligi, qonun-qoidani bilmasligi yoki hissiyotlarini jilovlay olmasligi oqibatida xalqimizning, huquq-tartibot organlarining obroʻsi toʻkilmasligiga kim kafolat beradi?
Shunday ekan, bu kabi voqealar takrorlanmasligi uchun huquqiy tarbiyani kuchaytirish kerak, har qanday jinoyat (shu jumladan jinoyatchini oʻzboshimchalik bilan jazolash ham) jazosiz qolmasligini odamlarimiz tushunib yetishi kerak.
Gʻ.Yeshniyozov

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶