Telekommunikatsiya tarmogʻidan qonunga xilof ravishda foydalanish maʼmuriy javobgarlikka sabab boʻladi
2018-yil 22-oktyabrda “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jamoat xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-503-son Oʻzbekiston Respublikasining qonuni qabul qilindi
Mazkur qonun bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksiga, Jinoyat-protsessual kodeksiga hamda Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi. Jumladan: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining:
278(3)-moddasi «Kompyuter tizimidan» degan soʻzlardan keyin «shuningdek telekommunikatsiya tarmoqlaridan» degan soʻzlar bilan toʻldirildi.
Kompyuter tizimidan shuningdek telekommunikatsiya tarmoqlaridan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish uchun maxsus vositalarni oʻtkazish maqsadini koʻzlab tayyorlash yoxud oʻtkazish va tarqatish eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
v) xizmat mavqeidan foydalangan holda;
g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
eng kam oylik ish haqining ikki yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanishi belgilab qoʻyildi.
Yangi 278(7)-moddasi kiritildi. Telekommunikatsiya tarmogʻidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish
Oʻrnatilgan himoya tizimlarini chetlab oʻtgan holda telekommunikatsiya tarmogʻidan foydalanish va xalqaro trafikni oʻtkazish maqsadida telekommunikatsiya tarmogʻidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, shuningdek mazkur maqsadlar uchun moʻljallangan maxsus dasturiy yoki apparat vositalarini qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) saqlash va ularning faoliyat koʻrsatishi uchun sharoitlar yaratish —
eng kam oylik ish haqining yuz baravaridan uch yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻsha harakatlar:
a) bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib;
b) takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan;
v) xizmat mavqeidan foydalanib;
g) uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini koʻzlab sodir etilgan boʻlsa, —
eng kam oylik ish haqining uch yuz baravaridan olti yuz baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud uch yildan besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 345-moddasi beshinchi qismi «278 moddasi ikkinchi va toʻrtinchi qismlarida» degan soʻzlardan keyin «2787-moddasi ikkinchi qismida» degan soʻzlar bilan toʻldirildi;
381-2 moddasi birinchi qismining 1-bandi «278-1-278-6-moddalarida» degan soʻzlardan keyin «278(7)-moddasi birinchi qismida» degan soʻzlar bilan toʻldirildi.
Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga: «Telekommunikatsiya tarmogʻidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish» mazmunidagi 155(2)-moddasi kiritilgan.
Telekommunikatsiya tarmogʻidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish
Telekommunikatsiya tarmogʻidan qonunga xilof ravishda (ruxsatsiz) foydalanish, jinoyat alomatlari mavjud boʻlmagan taqdirda:
- huquqbuzarlik sodir etish qurolini musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining oʻn baravaridan yigirma baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — yigirma baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab boʻladi.
245-moddaning birinchi qismi «155(1)» raqamidan keyin «155(2)» raqami bilan toʻldirildi.
X.Alleyov, Oʻzbekiston Respublikasi Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat boʻyicha davlat inspektsiyasi Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududiy inspektsiyasi yetakchi inspspektori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶