“Taraqqiyot koʻzgusi” va “Mening oilam” gazetalariga nima uchun obuna boʻlish kerak?
Keyingi vaqtlarda vaqtli matbuot nashrlarida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlarda “davriy bosma nashrlarning umri tugadi” qabilida koʻplab fikr-mulohazalar bildirilmoqda. Ayniqsa, elektron ommaviy axborot vositalari xodimlari hamma tezkor axborotlar ijtimoiy tarmoqlarda yoritilmoqda, matbuot nashrlariga ehtiyoj qolmadi, oʻrnini internet jurnalistika egallab oldi, deyishgacha borishmoqda.
Toʻgʻri, bular mamlakat miqyosidagi davriy nashrlarga nisbatan aytilgan fikr. Biroq men oʻzim 34-yildan beri mehnat qilayotgan “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi ham davriy nashrga mansubligi uchun oʻz fikrlarimni aytgim keldi. Shu oʻrinda avvalo bizning tahririyatimizda joriy yilda amalga oshirilgan ishlarga toʻxtalsam. Yil boshida 7 mingga yaqin nusxada, yil oxirlagan ayni kunlarda 5472 nusxada, oyda toʻrt marta bosilib, deyarli toʻliq tahririyatning oʻz kuchi bilan hali “tafti sovimay” tarqatilib turgan gazetamizning tumanimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida ham oʻz oʻrni bor. Gazeta ijodkorlari gazetadan tashqari oʻzlarining tashabbusi bilan tashkil etilgan yosh ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlovchi “Jayxun ilhomlari” NNT, gazeta qoshida tashkil etilgan “Jayxun sadosi” internet radiosi, ayni kunda kitob fondi toʻrt mingga yaqinlashgan kutubxona, Amudaryo televideniyesi faoliyatini samarali olib borish bilan birga, “Ommaviy kitobxonlik oyligi” tashkil etib, oylik doirasida 16 ta maktab, kollejlarda koʻchma kitob karvoni tadbirlari oʻtkazishdi va har bir tadbirda kutubxona kitoblari koʻrgazmasi namoyish etildi, xohlovchilar kutubxonaga aʼzo qilindi.
Tumanimizda oʻtkazilayotgan turli tadbirlarda kitoblarimiz koʻrgazmasini tashkil etib, aholi, ayniqsa, yoshlarni kitob oʻqishga daʼvat etmoqdamiz.
Gazetada yil mobaynida toʻrt marta insholar tanlovi oʻtkazilib, gʻoliblar ragʻbatlantirildi va ijodiy ishlari gazetada yoritildi. Gazetaning deyarli har bir sonida yosh ijodkorlar ijodidan namunalar oʻrin olgan maxsus sahifa bor. Shuningdek, tumandagi yosh ijodkorlarning toʻrtta toʻplami nashr etildi. Bulardan tashqari, bugungidek tezkor davrda tumanimizda boʻlayotgan yangilanishlar, rivojlanishlar, erishilayotgan yutuqlardan aholini xabardor qilib, har birining mustahkam fuqarolik pozitsiyasiga ega boʻlishiga intilmoqdamiz.
Joriy yilning oʻzida tuman hokimligi va “Taraqqiyot koʻzgusi” gazetasi hamkorligida tumanning beshta hududida “Xalq kutubxonalari” tashkil etildi. Bular ham yoshlarimiz, aholi ongida sogʻlom fikrni tarbiyalashga, ularning hayotda oʻz oʻrnini topishlariga xizmat qiladi.
Endi yuqoridagi aytganim – davriy bosma nashrlar xususidagi fikrlarga kelsak: Gazeta – hech qachon oʻlmaydi. Men internet jurnalistikaning tezkorligini, tarqatish imkoniyatining yuqoriligini kamsitmagan holda, gazetalarning oʻrnini hech qanday vosita bosa olmaydi, degim keladi. Boisi, hech qaysi ijtimoiy tarmoqlarda oʻqigan maqolangiz – gazetani qoʻlingizga olib, batafsil oʻqiganda olgan taassurotni bera olmaydi. Qolaversa, ijtimoiy tarmoqlardagi axborotlarning matni sayoz, imlo xatolari koʻp. Saytlarning koʻpida deyarli bir xil xabarlar. Masalan biron YTH yoki boshqa hodisa haqida hamma sayt bir xabarni beradi. Gazetalarda bu holni deyarli uchratmaysiz. Internet-nashrlarda xabarlar, voqealar asosan batafsil emas, qisqagina beriladi. Bularning ichida oʻz tasdigʻini topmaganlari ham koʻp uchraydi. Biron xabar oʻqigan saytingiz ertasiga bunday emas ekan, deb yozaveradi. Internet nashrlar koʻproq sensatsiyaga intilishayotganday, nazarimda.
Oʻylaymanki, qariyb 84-yildan beri qadim Jayxunning qoʻsh sohilida joylashgan tumanimizning xalqi bilan hamnafas, hamqadam boʻlib kelayotgan “Taraqqiyot koʻzgusi” sahifalarini varaqlagan kishi tezkor davrning oʻz zimmasiga qoʻyayotgan maqsad-vazifalarini sharaf bilan ado etayotganini his qiladi.
Qaysi bir amudaryolik oʻzining kimligini, qanday el farzandi ekanligini bilmoqchi boʻlsa, “Taraqqiyot koʻzgusi”ni varaqlasin. Unda betakror tariximiz mujassam. Uni hech narsaga almashib boʻlmaydi! Shunday ekan, 2015-yilda “Oʻzbekistonning eng yaxshi hududiy nashri” sifatida eʼtirof etilgan “Taraqqiyot koʻzgusi” va uning ilovasi “Mening oilam” gazetalariga 2019-yil uchun obuna boʻlishga shoshiling!
Agar 3-4 kunlik ish haqingiz evaziga gazetamizga obuna boʻlsangiz, yil davomida mamlakatimiz va tumanimiz hayotidagi oʻzgarish va yangiliklar bilan tanishib borasiz. Oʻz navbatida internetda tumanimiz nomini dunyoga tanitayotgan veb-saytimiz, internet radio va Amudaryo televideniyesining ham uzluksiz ishlashiga hissa qoʻshgan boʻlasiz.
Oygul RAJABOVA, gazetaning maxsus muxbiri:

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶