SOTIB OLINGAN DABDABA
Toʻxtaboy ota kenja oʻgʻlini uylantirdi. Toʻy juda serhasham boʻldi. Otaning rejasi umuman boshqa – ixchamgina, kamchiqimgina toʻy qilish edi. Lekin qanday qilib buncha dabdabali toʻyga aylanib ketganini bilolmay hayron. Toʻydan keyingi mayda-chuyda chiqimlar, quda chaqiriq, quyovchaqirigʻ-u “oʻchoq koʻmdi” marosimlaridan soʻng bi-i-ir erkin nafas olaman, deganida uyiga goh shahardagi doʻkonlardan, goh yarimtayyor mahsulot tayyorlovchi firmalardan “qarzingizni toʻlang!” – degan qoʻngʻiroqlar kela boshladi.
Toʻxtaboy ota avval kampirini, soʻng katta oʻgʻlini savolga tutdi.
– Men oʻz “krugim”dagi (oʻzim bordi-keldi qiladigan demoqchi) ayollar uchun alohida dasturxon yozdirdim, shunga Mangʻit bozoridagi doʻkondan 1,5 mln. soʻmlik xarajat qilgan edim, – dedi kampiri “nima, qadrim yoʻqmi?” – deganday xoʻmrayib.
– Bir ogʻiz indamasdan-a?! – xunobi oshdi otaning. – Ana, yana bittasi 7 mln. soʻmlik qarzing bor, deyapti, 7 million-a! Bu kim uchun edi?
– Axir toʻyga shuncha odam aytilgan. Hammasining koʻnglini topish kerak-da, ota, – qizishdi oʻgʻli. – 7 million qarzni men koʻtardim. Tovuq goʻshti, salat, salqin ichimliklar, non-pon, deganday...
Toʻxtamurod otaning boshi “gʻuvillab” ketdi, fikri-yodi qarzlarini qanday qaytarish bilan band edi.
– Mening ham “salon” (goʻzallik saloni)da qarzim bor, – dedi kuyovlik toʻnini yelkasiga tashlab ichkaridan chiqqan kenja oʻgʻil. – 3 milliondan ziyodroq.
Toʻxtamurod ota kampiriga qoʻlini bigiz qilgancha:
– Aslida yoʻq joydagi muammoni sen – xotinlar keltirib chiqarasanlar, – dedi peshonasidagi terni artarkan. – Nima, kelin sening orzu-havasing deb qarz koʻtarishi kerakmidi?
Xullas, Toʻxtamurod otaning kenja oʻgʻlini uylantirishi oilani qarz botqogʻiga botirdi. Butun oila topgan-tutganini bir necha oy davomida “sotib olingan dabdaba” evaziga kelgan qarzni toʻlash uchun sarfladilar. Oradan bir yil oʻtib, kampiri yangi tugʻilgan chaqaloqqa beshik toʻyi qilmoqchiligini aytganida:
– Beshik toʻyimi, menga qoʻyib ber, – dedi kinoya bilan. – Quda-qudagʻayim bilan bi-i-r doʻppini yerga qoʻyib maslahatlashay.
– Bolaga oladigan narsalarni siz qayerdan bilasiz? – ajablandi kampir.
– Juda yaxshi bilaman-da!
Oʻzi aytganiday, Toʻxtamurod ota kenja kelinning ota-onasi bilan “doʻppini yerga qoʻyib” maslahatlashdi. Shundan soʻng, kelinining ota-onasi bilan birgalikda pensiya pulidan chaqaloqqa aravacha, kiyim-kechaklar, qoʻshni bolalar uchun shirinliklar sotib olishdi. Kechqurun farzandlari va quda-qudagʻayi bilan fayzli dasturxon atrofida jam boʻlishdi. Hech kim menga u kerak, bu kerak, demadi. Ikki oila ham qarz koʻtarishmadi. Hamma, ayniqsa, qoʻshni bolajonlar xursand boʻlishdi.
Toʻxtamurod otaning bu ishidan qoʻni-qoʻshnilar ham mamnun boʻldilar. Shunda:
– Yuzlab odamlarni yigʻib, shovqin-suronli toʻy qilmay ham odam murodiga yetar ekan-ku, – deyishdi mahalladoshlari.
– Asli tashvishni oʻzimizga oʻzimiz sotib olamiz-da, – dedi mahalla kayvonilari.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶