MENI TANLAYSIZMI, UNIMI?
Agar men ushbu savolni xohlagan bir doʻstimga bersam, yetmish foizi, shubhasiz, uni tanlashi aniq! Xoʻsh, u nima, demoqchimisiz? U bugunda dunyoning 4 milliardlik qatlamini, Oʻzbekistonning esa 20 million aholisini bitta doira atrofida birlashtirgan – “Xalqaro oʻrgimchak toʻri” atalmish internetdir.
Holbuki, bu global tarmoq hali aytganimday, insonlarni doʻstlaridan, yaqinlaridan ayirishgacha yetib kelibdimi, demak, unga yengil-yelpi qarab boʻlmaydi. Axir bugun, ushbu “oʻrgimchak toʻri” iskanjasiga tushib qolib, nafaqat doʻstidan, balki ota-onasidan, oʻz vatanidan voz kechib, odam savdosi-yu diniy oqimlar girdobiga gʻarq boʻlayotganlar qancha... Turli jangari oʻyinlar qurbonlari-chi?..
Bugungi kunda internetda 20 mingga yaqin buzgʻunchi va dinni notoʻgʻri targʻib qiluvchi saytlar mavjud. Yoshlarning ongini zaharlab, qimmatli vaqtini oʻgʻirlayotgan internetdagi turli oʻyinlar ham kundan-kun bolalab ketayapti. Shulardan eng xavflilari - “Koʻk kit”, “Momo” va boshqa shu kabi oʻyinlardir. Birgina mana shu “Momo” oʻyini sabab 2018-yilning iyul oyigacha Rossiyada 130 nafar oʻsmir oʻz joniga qasd qilgan...
Endi oʻylanib qolasan kishi, internet hayotimizni egallab olgan rivojlanish darakchisimi yoki cheklanilishi lozim boʻlgan fojia!?
Yoʻq, menimcha bu ikkala fikr ham notoʻgʻri. Biz unga yigirma birinchi asr “dastyori” deya aniq bir maqtov taʼrifini berolmaymiz. Va shuningdek, undan voz kechib, oʻn toʻqqizinchi asr odami ham boʻlolmaymiz. Eng maqbul javob esa internet foydalanuvchilarining foydalanish madaniyatiga bogʻliq. Axir u jamiyatdagi barcha jabhalarda yetakchi kuchga aylangani shubhasiz. Hozirgi globallashib borayotgan davrda hayotimizni internetsiz tasavvur qilib boʻlmaydi. Qani, ayting-chi, kundalik tezkor xabarlar saytlariga kirmasdan, ijtimoiy tarmoq va messenjerlardan foydalanmasdan qancha vaqt yashay olasiz? Agarda mendan: “internet nima?” – deb soʻrashganida, men hech ikkilanmay: “barcha sohaning “uchinchi qoʻli”, deya javob bergan boʻlardim.
Internetdan foydalanish madaniyati bir qarashda aytilaverib, yozilaverib, siyqasi chiqqan mavzu. Biroq virtual dunyoda yashayotgan ayrim kimsalar (ayniqsa, yoshlar) toʻgʻri xulosa chiqarmagunicha, bu yechimini kutayotgan muammo boʻlib qolaveradi.
Kimgadir unday qil, bunday qil, deyishga hech kimning haqqi yoʻq. Axir maʼnaviyatli, oʻzini-oʻzi idora qila oladigan odamga bunday deyishning oʻzi nooʻrin.
“Qalam – ijodkor uchun yo hayot, yo mamot”, – degan edi yozuvchilardan biri. Internet ham xuddi shunday, u inson hayotida toʻgʻri foydalanilgan holatda vergul, notoʻgʻri foydalanilgan holatda nuqta boʻlishi mumkin...
Aziza MADRAHIMOVA,
QDU talabasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶