MEN NEChUN SEVAMAN, OʻZBEKISTONNI?!
Hech oʻylab koʻrganmisiz, siz Vatanni nima uchun sevasiz?
Men shu yerda tugʻilib-oʻsganman, kindik qonim toʻkilgan desangiz – bu balandparvoz va umumiy gaplar boʻlib tuyulishi aniq. Bu savolga tayinli bir javob topa olmaymiz. Negaki, mana shu biz koʻz ochib koʻrgan, muqaddas qoʻrgʻon – Vatanga boʻlgan mehr-muhabbatni faqatgina his qilish mumkin. Mening nazdimda, inson borki, ikki siymoga taʼrif keltira olmaydi, oʻsha ikki siymo insoniyatni yashashga chorlaydi. Biri – ona, ikkinchisi Vatan – Ona Vatan!..
Bilasizmi, men ona Oʻzbekistonimizni kimga oʻxshataman? “Sen yetim emassan” badiiy filmidagi onaizorga oʻxshataman. Urush oʻz farzandini bagʻridan yulib ketgan boʻlsa ham, boshqa millatning, boshqa bir elning oʻn beshta norasidasini asrab olgan, oʻz bolasidek mehr-u muhabbatini ayamay, bagʻriga bosgan oʻsha munis va mushtipar onaga...
Ha, onalar kabi ona Oʻzbekistonning otashin mehri millat va elat tanlamaydi. Balki shuning uchundir, bugun uning bagʻrida bir qancha millatlar ahillikda, bir oila farzandlariday boʻlib yashayotir...
Yaqin oʻtmishga nazar tashlaydigan boʻlsak, bizning xalqimiz tahqirlangan, insoniy qadr-qimmati toptalgan, respublikamiz esa agrar va qoloq hudud edi. Bugun esa, birinchi Prezidentimiz boshlab bergan shonli yoʻlni davom qildirayotgan, xalqparvar sarbonga ergashgan buyuk karvonmiz. 28 yillik qisqa vaqt ichida har tomonlama rivojlangan, har bir soha taraqqiy topgan, iqtidorli farzandlari dunyoni lol qoldirayotgan, yuksak maʼnaviyatli hur millatga aylandik. Yurtboshimiz Sh.Mirziyoyev olib borayotgan odilona siyosat va yuksak eʼtibor tufayli bugun xalqimiz hayotidan mamnun va rozi yashamoqdalar. Bugun qaysi bir manzilga bormang, u yerda yangilanish va bunyodkorlikning guvohi boʻlamiz. Obod manzillarni koʻrib, yashashga boʻlgan ixlosimiz yanada ortadi.
Rossiyalik jurnalist, bugungi kunda notinchlik hukm surayotgan qaysidir davlatlarning biriga tashrif buyurdi. Va u yerdagi ahvolni oʻrganayotib, olti-yetti yoshlardagi bolakayga koʻzi tushib, unga savol berdi:
– Bolakay, sening orzuing nima?
Bolakay javob berdi:
– Tongda eson-omon uygʻonish...
Chet el kanallarining biridan efirga uzatilayotgan bu koʻrsatuvni kuzatar ekanman, murgʻak bolakayning bu javobini eshitib, koʻzlarimdan yosh chiqib ketdi. Mana, tinchlikning qadri nimada?! Agarda bu savolni oʻzbek farzandiga, Oʻzbekiston bolasiga bersangiz – u hech ikkilanmay kelajakda kim boʻlishi haqida, dadasi yoki onasiga oʻxshab “katta odam” boʻlishi haqida koʻzlari porlab javob bergan boʻlar edi... Aqalli mana shu holatning oʻzi uchun erkin va ozod Vatanda yashayotganimiz uchun shukrona aytging keladi.
Ha... Vatan bizga, menga shu kungacha koʻp narsalar berdi. Koʻp imkoniyatlar eshigini ochdi. Ammo oʻylab qolaman, men-chi? Men Vatanga nima berdim?
Bolaligimda harbiy boʻlishni, qiz bola boʻlishimga qaramay, men ham xuddi yigitlarga, akalarimga oʻxshab armiyaga borib xizmat qilishni, egnimda harbiy libos bilan qasamyod qabul qilishni orzu qilardim. Ota-onam mening bu qiziqishimni koʻrib, jajji vatanparvarim, deya erkalardi. Taqdir taqozosi bilan men bu sohani egallay olmadim. Lekin oʻz oldimga aniq bir maqsad qoʻydim: Men Oʻzbekistonga boʻlgan muhabbatimni oʻzim tanlagan va hozirda taʼlim olayotgan soham orqali izhor etaman.
Va quyidagi sheʼrim orqali butun Oʻzbekiston yoshlari nomidan shunday degim keladi:
Koʻhna Turon tuprogʻiga qorishib ketgan,
Bobolarning dilidagi buyuk iqrormiz.
Ey, minnatni bilmagan munisim, onam –
Oʻzbekiston, bizga suyan, mana, biz bormiz!
Aziza MADRAHIMOVA,
Qoraqalpoq Davlat universiteti talabasi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶