NAMUNALI ASKAR
Tumanimizda xizmat qilayotgan harbiy safarbarlik guruhlarida barchaga oʻrnak boʻlib kelayotgan askarlar talaygina. Shulardan biri 9202 “K” harbiy qismdagi oddiy askar Oʻrinbosdi Mirzaolimovdir.
Xarbiy xizmatga kelganining dastlabki kunlaridan oʻzining bilimdon va masʼuliyatliligi, intiluvchanligi bilan har bir ishda oʻrnak va namuna boʻla olgan, safdoshlari orasida ajralib turadigan Oʻrinbosdi harbiy qismda tashkil qilinadigan turli tadbirlarda va jamoat ishlarida faol ishtirok eta boshladi. Ayniqsa, bayram tadbirlariga turli dasturlari, oʻzining ajoyib chiqishlari bilan fayz kiritdi. U tumanda harbiylar oʻrtasida oʻtkazilgan insholar tanlovida faxrli 3-oʻrinni egalladi. Askarlar oʻrtasida boʻlib oʻtgan “Quvnoqlar va zukkolar” musobaqasida ham Oʻrinbosdining jamoasi gʻoliblikni qoʻlga kiritishga muvaffaq boʻldi.
Hozirda u Shimoliy-gʻarb mintaqaviy shtabi 9115-harbiy qism maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻlimi tomonidan saralangan harbiy xizmatchilardan tashkil topgan “Sokin sarhad” guruhining ijodkor aʼzosi sifatida ham faoliyat yuritadi. Askar chuqur maʼno-mazmunga ega, ajoyib sheʼrlar yozadi. Uning ayrim koʻngilga yaqin sheʼrlarini safdoshlari darrov yod olishadi, baʼzilari esa gazetalarda ham chop etilib turadi.
Intiluvchan askar harbiy xizmatni ado etish mobaynida bir qator yutuqlarga erishdi. U aʼlo darajadagi harbiy xizmatlari uchun Yuqori qoʻmondonlik tomonidan “Chegara qoʻshinlari aʼlochisi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.
Harbiy qismda munosib xizmat qilayotgan askar Oʻrinbosdi Mirzaolimov intizomi, intiluvchanligi, masʼuliyatliligi va boshqa xislatlari bilan doim safdoshlariga oʻrnak boʻlib kelmoqda.
Rashid JANNAZAROV,
harbiy xizmatchi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶