SUDYa TARAFLARNI YaRAShTIRISh UChUN JABRLANUVChINING XONADONIGA BORDI
Mastlik odamni ne koʻylarga solmaydi. Tumandagi ovullardan birida yashovchi (ismlar oʻzgartirilgan) S.S ham mastlik oqibatida oʻzini-oʻzi sarson qilganlardan. U ovul hududidagi ichki yoʻllardan birida boshqa kishiga tegishli boʻlgan MTZ-80X rusumli traktorni hech qanday boshqaruv huquqini beruvchi hujjatlarsiz, mast holatda boshqarish oqibatida transport halokati sodir etgan. Oqibatda, traktor kabinasida boʻlgan shaxs T.A jiddiy tan jarohati olgan. shu sababli S.S Oʻzbekiston Respublikasi JKning 266-moddasi, 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda ayblandi va unga nisbatan jinoiy ish qoʻzgʻatildi.
Shu yilning 7-yanvar kuni Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining ish yurituvida boʻlgan mazkur jinoyat ishi Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudining raisi S. Davletmuratov raisligida sayyor tartibda koʻrib chiqildi.
Sudya yordamchisi E.Jumaniyozov kotibligida, tuman prokurorining yordamchisi E.Yormuhammedov, fuqaroviy daʼvogar N.A, ayblanuvchi S.S ishtirokida fuqaro – jabrlanuvchi T.A ning yashash xonadonida boʻlib oʻtgan mazkur sayyor sud majlisida ayblanuvchi tomonlardan kechirim soʻrab, yetkazilgan zararlarni toʻliq qoplab berganligi, fuqaroviy daʼvogar N.A, jabrlanuvchi T.A ayblanuvchi S.S bilan oʻz xohishlariga koʻra ixtiyoriy yarashganliklari tufayli Jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi tomonidan yarashtirilib, mazkur jinoyat ishi tugatildi.
Kechirimlilik va bagʻrikenglik tamoyili, sud ishida ochiqlik va shaffoflikka amal qilinganligi bois, jabrlanuvchining xonadonida, bevosita xalq vakillari, xolislar ishtirokida boʻlib oʻtgan mazkur sayyor sud faoliyatidan tomonlar mamnun boʻldilar.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶