ChILPIQ YoDGORLIGI HAQIDA BIZGA NIMALAR MAʼLUM?
Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududidagi Ustyurt pasttekisligidan to Sulton Uvays togʻlarigacha boʻlgan joylarda oʻtmish tarix izlarini koʻrish mumkin. Sir-sinoatlarga toʻla mahobatli qalʼalar qoldiqlaridan bu yerlarda bir paytlar hayot qaynaganini, madaniyat gurkirab yashnaganini, taraqqiyot rivojlanganini, bu yerlarda yashab oʻtgan ajdodlarimizning ham maʼnaviyatli va zukko insonlar boʻlganligini anglash qiyin emas. Oʻtmish yodgorligi boʻlgan ana shu qalʼalarning 14 tasi Amudaryo tumani hududiga toʻgʻri keladi.
Shulardan biri boʻlgan Chilpiq qalʼasining yoshi ikki ming yildan ortiq. Chilpiq tarhi xalqa shaklida boʻlib, Nukus shahridan 43 km. janubda joylashgan. Chilpiq – bu daryo sathidan 35-40 metr balandikdagi 65 metr diametrga ega tomsiz dumaloq minora boʻlib, tabiiy yassi tepalikning choʻqqisida joylashgan. Chilpiq aylana shaklda boʻlib, atrofi qalin paxsa devor bilan oʻralgan, bir tomoni kirish yoʻli sifatida ochiq qoldirilgan. Chilpiqning 6-8 metrlik devori saqlangan, ichki radiusi 12 metr. Qadimgi devorlarning bizgacha nuramasdan kelishining siri, yomgʻirdan saqlovchi suvoqlarning oʻrnatilishida. Suvoqlar daryo ultonidagi soz loydan olingan va har qanday zax, zilzilalarga qarshi turishi uchun poydevor tagiga qum toʻshalgan. Mahalliy aholi Chilpiqning barpo etilishini afsonaviy devlar bilan bogʻlaydi. Chilpiq hududidan islomgacha boʻlgan qadimgi dafn marosimlariga xos yodgorliklar topilgan. Olimlar fikriga koʻra, Chilpiq otashparastlar jasadlarini keltirib qoʻyadigan maxsus dahma vazifasini bajargan. IX-X asrlarda, Qadimgi Xorazmning gullagan vaqtlarida qayta taʼmirlangan. Xorazmliklar Chilpiqdan Xorazmshohlar davlatining boshqa qalʼalari bilan bir qatorda xabar yetkazish va mudofaa inshooti sifatida foydalanishgan. Chilpiq oʻz vaqtida fasllar almashinuvi, Amudaryo suvi toshishi va qaytishi kabi dehqonchilik uchun juda muhim oʻzgarishlarni oldindan astronomik kuzatish va kalendar xizmati yuritish joyi boʻlgan degan fikrlar ham mavjud.
Chilpiq – Amudaryo sohili va tumanimiz hududida joylashganligi sababli tumanimiz timsoliga aylangan. Bundan tashqari, oʻzining tarixiy ahamiyatga ega ekanligi va noodatiy shakli tufayli Qoraqalpogʻiston Respublikasi davlat gerbida ham tasvirlangan.
Inʼomjon TURSUNBOYeV, 41-maktabning tarix fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶