HUQUQNI MUHOFAZA QILUVChI ORGANLAR MUVOFIQLAShTIRUVChI KENGAShI YIGʻILIShI BOʻLIB OʻTDI
Mamlakatimizda huquqiy demokratik davlatni barpo etish, tinchlik-barqarorlikni mustahkamlash, xalq farovonligini taʼminlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, bu borada qilinayotgan ishlar samarasi tahlil qilinib, kelgusidagi maqsadlar aniq belgilab olinmoqda.
Yaqinda tuman hokimligi majlislar zalida Amudaryo tumani huquqni muhofaza qiluvchi organlar muvofiqlashtiruvchi kengash yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Yigʻilish 2019-yilda tumanda qonun ustuvorligini taʼminlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va davlat manfaatlarini muhofaza qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilgan ishlardagi yoʻl qoʻyilgan kamchiliklar va kelgusida qilinishi lozim boʻlgan chora-tadbirlarni belgilab olish maqsadida oʻtkazildi.
Muvofiqlashtiruvchi kengash yigʻilishini tuman prokurori, adliya maslahatchisi Javlon Muftullayev ochdi hamda olib bordi.
Yigʻilishda tuman hokimligi va tumandagi huquqni muhofaza qilivchi organlar xodimlari, muassasa, korxona va tashkilotlar rahbarlari hamda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari raislari ishtirok etdi.
Yigʻilishda soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganlaridek, jinoyatchilikka qarshi kurashish barcha davrlarda ham davlatning jiddiy va muhim masalasi hisoblanib kelingan. Inson tinch va xotirjam yashashni hohlaydi. Tinchlik boʻlgan joyda baraka va rivojlanish boʻladi.
Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, huquqbuzarliklarning maʼlum qismi ishsiz fuqarolar tomonidan sodir etilmoqda. Bunday shaxslar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilishini oldini olishda aholi bandligini taʼminlash, tadbirkorlikni rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etadi.
Davlatimiz rahbarining Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha harakatlar strategiyasini amalga oshirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni hamda “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorlari shu yoʻnalishdagi vazifalarni amalga oshirish uchun dasturilamal vazifasini bajarmoqda. Ushbu qonun hujjatlari ijrosini taʼminlash yuzasidan tumanimizda ham samarali ishlar qilinmoqda.
Xususan, tuman prokuraturasi tomonidan oʻtgan davr mobaynida barcha jabhalarda olib borilgan nazorat tadbirlari natijalariga koʻra, 259 ta prokuror nazorati hujjati qoʻllanilib, ularning muhokamasiga koʻra 293 nafar shaxs intizomiy, 110 nafar shaxs maʼmuriy va 1 nafari jinoiy javobgarlikka tortildi. Shuningdek, tergov va nazorat tadbirlarida davlat va jamiyat manfaatlariga yetkazilgan jami 54 mln. 634 ming soʻmlik zarar ixtiyoriy undirilib, 128 mln. soʻmlik zararni undirish boʻyicha sudlarga daʼvo arizalar kiritilib, 144 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklanishi taʼminlandi.
Yigʻilishda joriy yilda yuqoridagi kabi xato va kamchiliklarga barham berish yuzasidan qilinishi lozim boʻlgan vazifalar aniq belgilab olindi.
Charos ARSLONOVA,
Tuman hokimligining axborot xizmati rahbari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶