INSONDAGI XISLATLAR TARBIYa BILAN TAKOMILLAShADI
Taʼlim jarayoni tajribali oʻqituvchi tomonidan tashkil etilishi, boshqarilib turishi va maʼlum maqsadlarga yoʻnaltirilishi lozim. Chunki har bir oʻquvchi voqea-hodisalarni oʻzicha bila olmaydi. Unga oʻqituvchi maʼlum darajada koʻmak berishi lozim. Daraxtning yetukligi uning mevasi bilan boʻlganidek, insonning barcha xislatlari ham yaxshi tarbiya bilan takomillashadi.
Ibn Sino tarbiya masalasida axloqiy tarbiyaga alohida oʻrin ajratgan. Uning fikricha: “Agar inson aqliy va jismoniy jihatdan qanchalik yetuk boʻlsa ham undagi bilim axloq qoidalariga mos boʻlmasa, u kishi jamiyatning haqiqiy aʼzosi boʻla olmaydi”. Yuksak axloqiy fazilatlar koʻproq vatanparvarlikda oʻz aksini topadi.
Ibn Sino ona-Vatanni hamma narsadan buyuk hisoblab, unga xizmat qilishni oʻz burchi deb bilgan. Vatanning fani, madaniyatini yuksaltirishga ulkan hissa qoʻshgan.
Bugungi kunda bu jarayonlar biz oʻqituvchilar zimmasidagi eng masʼuliyatli vazifadir. Bu borada mahalla-maktab-oila hamkorligi muhim oʻrin tutadi. Tarbiya jarayonida farzandlarimizni ota-ona va ustoz birgalikda tarbiyalab borsak, har kuni bitta ibratli soʻz eshitgan bola bir haftada yettita ibratli soʻz eshitadi, buning uchtasiga amal qilib, oʻzida saqlab qolsa, bu bola kelajakda yetuk inson boʻlib shakllanadi. Oʻgʻil bolalarga mardlikni, jasorat, rostgoʻylikni, qizlarimizga ibo-hayo, mehr-oqibat tuygʻularini singdirsak, tarbiya borasida yutuqlarga erishamiz.
Ulugʻ bobokalonimiz Beruniy pand-nasihat orqali bolalardagi ayrim nuqsonlarni bartaraf etishni maslahat qilganlar: “Odamlar oʻrgangan, odatlangan va koʻpchilikka maʼqul boʻlgan narsaga qarshilik koʻrsatmasdan oʻrganish kerak”, - deya fikr bildirganlar. Yaxshi xulqlar yaxshilik alomatidir, yomon xulqlardan bolalarni saqlamoq lozim. Ayniqsa, maqtanish, buzuq niyatlilik, chaqimchilik, besabrlik, nafs balosi, yolgʻonchilik insonni tubanlikka boshlaydi. Shu bois, ulugʻ allomalarimiz taʼlim va tarbiyaga alohida eʼtibor qaratishgan.
Ota-onalarni bola tarbiyasiga eʼtibor berishga daʼvat etar ekanman, jamiyat farzandlar xulq-atvoriga qarab, ularning ota-onalariga baho berishini taʼkidlagim keldi. Chunki bola oiladan tashqari jamiyatga aralashar ekan, uning har bir xatti-harakati, muomalasi, el-ulus ichida oʻzini tutishi jamiyat nazaridan chetda qolmaydi. Unutmangki, salgina qoʻyilgan qaltis qadam, oʻylamasdan aytilgan bir ogʻiz soʻz insonning umr boʻyi erishgan obroʻ-eʼtibori, nufuzini, shaʼnini tuproq bilan teng qilishi hech gap emas.
Maqsuda ABDULLAYeVA,
64-sonli maktab oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶