“QUVNOQ MATEMATIKA” DEB NOMLANGAN TADBIR OʻTKAZILDI
Fanlar shohini matematika, deyishadi. Bu fundamental hayotiy fanni qoʻshimcha mashgʻulotlar, fan boʻyicha toʻgaraklarda atrof-olam bilan bogʻlab oʻrgatilsa, oʻquvchilarning qiziqishi kucha¬yib, oʻzlashtirish va eslab qolish qobiliyati ham ortadi. Ayniqsa, mustaqil ravishda misol va masalalar yechishga, matematik tenglamalar ustida ishlab, har xil boshqotirmalar oʻylab topishga yoʻnaltirish, ularni turli oʻyinlar orqali amalga oshirish oʻquvchilardagi kreativlik, ijodiy tafakkurni oʻstirishga xizmat qiladi.
Oʻquvchilarning boʻsh vaqtlarini toʻgʻri va maqsadli tashkil qilish maqsadida 40-sonli umumiy oʻrta taʼlim maktabida 2-“V” va 2-“D” sinflarida matematika toʻgaragi tashkil etilgan boʻlib, unda oʻquvchilar toʻliq qatnashishadi. Toʻgarak mashgʻulotlari haftaning har shanba – oʻquvchilarning darsdan boʻsh kunlarida oʻtkaziladi. Toʻgarak oʻquvchilarning ushbu fanga qiziqishlari oshishiga, uni boshlangʻich sinfdan boshlab, mukammal egallashiga xizmat qilmoqda.
Mazkur toʻgarakka jalb etilgan oʻquvchilar uchun fevral – matematika fan oyligi doirasida “Quvnoq matematika” deb nomlangan tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda ikkala sinf oʻquvchilari avvalo mazkur fanni oʻrganish zaruratiga oid maʼruza tingladilar. Fan oʻqituvchilari hayotimizda matematika fanning tutgan oʻrni, oʻqish, oʻrganish uchun yaratilayotgan sharoitlar oʻzining ijobiy samaralarini berayotganini misollar yordamida tushuntirdi.

Shundan soʻng, oʻquvchilar ikki guruhga boʻlingan holda stolga qoʻyilgan geometrik shakllardan uycha yasadilar. Ustozlari Bekajon Aytboyeva, Roza Primovalar ana shu uycha misolida matematika barcha bilimlar poydevori ekanligini, poydevori mustahkam qurilgan uy har qanday tabiat hodisalariga ham dosh bera olganiday, matematika bilimlar poydevori ekanligini, fanni yaxshi oʻzlashtirish barcha bilimlar sari yoʻl ochishini tushuntirib berdilar.
Ikkala guruh aʼzolari uchun ham matematikadan qiziqarli misol, masalalar yechish, topshiriqlarni bajarish jarayonlari juda hayajonli boʻldi.
Tadbir matematik sonlar orqali bajariladigan amallarga oid sheʼrlar bilan davom etdi. Ayniqsa, matematik boshqotirmalarning belgilangan muddatda javobini topish topshirigʻining bajarilishi juda hayajonli boʻldi. Oʻquvchilar topshiriqlarni bajarish jarayonida topqirliklarini, intiluvchan va harakatchanliklarini namoyish etdilar.
Mazkur maktab tumanimizda oʻquvchilarga taʼlim berish borasida ilgʻor muassasalardan sanaladi. Oʻquvchilarning bilimlar bellashuvi, fan olimpiadalarida erishayotgan yutuqlarida boshlangʻich taʼlim davridayoq mustahkam asos yaratilayotir. Xususan, ular ilk sinfdan boshlab, dars mashgʻulotlarini oʻzlashtirib borishlari uchun gʻamxoʻrlik qilinayapti.
Tajribali boshlangʻich taʼlim oʻqituvchilari Bikajon Aytboyeva, Roza Primovalar oʻzlarining darslariga ijodiy yondashib, bilim asoslarini oʻquvchilarga chuqur singdirishga harakat qilishmoqda.
Oʻtkazilgan fan oyligi doirasidagi tadbir ham shu maqsadga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. Boisi bunday tadbirlar oʻquvchilarning tafakkuri, aql-zakovati, zehnini yanada oʻtkirlashtiradi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶