INTILUVChAN OʻQUVChIM BILAN FAXRLANAMAN
Olloyor Rajabov Amudaryo tumanining soʻlim Xolimbeg qishlogʻida tugʻilib-oʻsdi. Qishloqdagi 73-sonli umumtaʼlim maktabining 1-sinfiga qabul qilinganida ushoqqina bola edi. Lekin darslarni tez oʻzlashtirishi, ayniqsa, jismoniy tarbiya fanidan oʻtkaziladigan mashgʻulotlarni oʻta epchillik bilan bajarishi tufayli sinfdoshlaridan ajralib turardi. Taʼlim-tarbiya jarayonida oʻqituvchi bilan oʻquvchining oʻzaro xolis hamkorligi koʻpdan-koʻp muvaffaqiyatlar sari yoʻl ochadi. Ayniqsa, oʻquvchining fanlarni oʻzlashtirish qobiliyati rivojlanishiga yordam beradi.
Men jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi sifatida Olloyor Rajabovning intilishlarini qoʻllab-quvvatladim. Shaxsiy pedagogik tajriba sifatida yengil atletika boʻyicha mashgʻulotlarda uni yuqori sinflar oʻquvchilari guruhiga qoʻshib qoʻydim va uning oʻz ustida ishlashi uchun imkon yaratdim. Natija esa yaxshi boʻldi. U 7-sinfdan boshlab, “Umid nihollari” sport musobaqalarining tuman va respublika bosqichlarida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli oʻrinlar sohibi boʻldi. Bir necha marta “Yoz oʻyinlari” sport musobaqalarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi birinchiligida sportning yengil atletika turi boʻyicha ishtirok etib, tumanimiz sharafini munosib himoya qildi.
Olloyor Rajabov hozir 18 yoshda. Uning orzulari koʻp. Kelajakda nufuzli sport musobaqalarida faol ishtirok etib, sportda oʻz oʻrnini topish va shu soha boʻyicha bilimini oshirish. Men ustoz sifatida Olloyor Rajabovga orzulari yoʻlida omad yor boʻlishini tilayman va shunday intiluvchan oʻquvchim borligidan faxrlanaman.
Nizom QOʻShAYeV,
73-sonli maktabning jismoniy tarbiya fani oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶