SUBSIDIYaLAR HISOBIDAN YeNGIL KONSTRUKTsIYaLI ISSIQXONALAR OʻRNATILMOQDA
Inson toʻlaqonli ijtimoiy faol boʻlmogʻi uchun u eng avvalo biron bir foydali mehnat bilan shugʻullanishi zarur. Ijtimoiy faol inson eng avvalo oʻzi, oilasi va el-yurt manfaatini koʻzlab yashashdan zavq oladi.
Tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markaziga maʼlum sabablarga koʻra ishsiz qolgan turli xulq-atvordagi turfa kasb-kor egalari bilan birga biron bir kasbni egallash tugul, hatto bunga ishtiyoqi ham yoʻq, jamiyatdagi oʻzgarishlarga beparvo va loqayd insonlar ham kelishadi. Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi mutaxassislari tomonidan ularga zarur yoʻl-yoʻriqlar tavsiyalar beriladi. Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari, tomorqa yerida oʻzini-oʻzi ish bilan band qilish tamoyili asosida moʻʼjaz issiqxona xoʻjaligini yuritishi, 10-15 bosh, balki undan koʻproq parranda parvarishlashlari, kichik qoʻychilik, quyonchilik, asalarichilik xoʻjaligini tashkil etishlari mumkinligi boʻyicha zarur tushunchalar beriladi. Maqsad esa ezgu – aholining ishsiz qatlamini ijtimoiy foydali mehnatga jalb etish, faolligini oshirish, xalqimiz orasidagi kambagʻallikni bartaraf qilishga koʻmaklashishdir.
Bu borada mamlakatimizda shaxsan Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev tashabbuslari bilan keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Aholi bandligini taʼminlash, kambagʻallikni bartaraf etish, har bir insonning hayotga faol aralashuviga imkon yaratish borasida zarur chora-tadbirlar Dasturi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotgani bois, aholining ishsiz qatlamini kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning kasbiy malakasini oshirish boʻyicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-martdagi “2019-yilda aholi bandligini taʼminlash va yangi ish oʻrinlarini tashkil etish boʻyicha davlat buyurtmasi toʻgʻrisida”gi Qarori muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ushbu Qarorga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratilayotgan maqsadli subsidiyalar aholining vaqtincha ishsiz qatlami, shuningdek, biron bir kasb-korga ega boʻlmagan shaxslarning bandligini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan ajratilayotgan mablagʻlar ish beruvchilarga aholi bandligiga koʻmaklashish markazi yoʻllanmasi bilan ishga qabul qilingan xodimlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishga sarflanadigan xarajatlarni qoplash maqsadida 6 oy davomida, har bir xodim uchun bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari miqdoridagi toʻlovni amalga oshirish uchun yoʻnaltiriladi. Buni ayrim fuqarolar men markaz roʻyxatida turibman, shuning uchun toʻlov doimiy amalga oshiriladi, deb oʻylashadi. Yoʻq, bunday emas, yuqorida aytganimizday, 6 oy muddatga ajratiladi va yuqoridagi miqdorda toʻlov amalga oshiriladi. Chunki shu muddat ichida kasbga tayyorlanadi, qayta tayyorlash, malaka oshirish jarayonlarida ishtirok etadi. Kasb-korga, malakaga ega boʻlgach, albatta, unda ijtimoiy foydali mehnat qilish qobiliyati shakllanadi.
Tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazida roʻyxatdan oʻtgan, tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish istagida boʻlgan ishsiz shaxslarga oʻz tadbirkorlik faoliyatlarini yoʻlga qoʻyishlari uchun tadbirkorlikka oʻqitish va kredit olishda sugʻurta polislari toʻlovini amalga oshirish borasidagi xarajatlari uchun bazaviy hisoblash miqdori BHMning 10 baravari miqdorida subsidiya ajratilmoqda.
Yuqoridagi Qaror bilan ehtiyojmand aholi qatlamiga mansub shaxslarni kvotalangan eng kam sondan ortiq miqdorda ishga qabul qilgan tashkilotlarga har bir xodim uchun bir yil davomida har oyda, bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida toʻlov amalga oshiriladi.
Ayniqsa, kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash maqsadida qishloq xoʻjaligi birlashmalari jamgʻarmasiga ulush sifatida har bir aʼzo, oilaga BHMning 10 baravari miqdorida, shuningdek, yengil konstruktsiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻliklar, koʻchatlar va sugʻorish vositalari xarid qilishlari uchun markaz va tomorqa yer egalari oʻrtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida BHMning 3 baravaridan 10 baravarigacha boʻlgan miqdorda subsidiyalar ajratilayotgani tumanimizdagi oʻnlab ehtiyojmand, kam taʼminlangan oilalarning moddiy, ijtimoiy farovonligini oshirish imkonini bermoqda.
Joriy yilning oʻtgan 5 oyi davomida markaz tomonidan yengil konstruktsiyali issiqxonalar oʻrnatish, urugʻliklar, koʻchatlar va sugʻorish vositalari xarid qilish uchun markaz va tomorqa yer egalari oʻrtasida tuzilgan uch tomonlama shartnomalar asosida 249 nafar fuqaroga 527,1 mln. soʻm miqdorida subsidiyalar ajratib berildi. Demak, tumanimizdagi 249 ta ehtiyojmand oilaning moddiy farovonligi taʼminlandi. Bundan ham muhimi, shuncha oilada istiqomat qiluvchi fuqarolar oʻzini-oʻzi ijtimoiy foydali mehnat bilan band qila oldi. Bundan tashqari, oʻnlab tomorqa yer egalari oʻz oilalari bagʻrida yashab, mehnat qilish gashtini his etish baxtiga muyassar boʻlishdi. Xonadon chorvasi, xonadon parrandachiligi yoʻnalishlarida muvaffaqiyatli ish yuritishni boshlab yuborishdi.
Xulosa qilib aytganda, insonning ijtimoiy faolligini oshirishda nafaqat uning oʻzi, balki atrofidagilarning, xususan, davlat idoralarining ham maʼnaviy va moddiy ragʻbati oʻta muhim ahamiyatga ega. Inson tabiatidagi beparvolik va loqaydlik illati aslida shaxsga nisbatan jamiyatning eʼtiborsizligi, davlat idoralarining xalqdan uzoqlashib ketishi tufayli ham yuzaga keladiki, buni, albatta, tan olishimiz kerak!
Tuman aholi bandligiga koʻmaklashish markazi xodimlarining maqsadi esa doimo ezgu – xalqimiz orasiga kirib borib, samarali xizmat qilishdir.
Alisher SOBIROV,
tuman Aholi bandligiga koʻmaklashish markazi direktori.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶