YuRTIMIZ OSOYIShTALIGIDA MENING HAM HISSAM BOR
“Vatan bizsiz ham Vatan, ammo biz Vatansiz hech kim emasmiz”, degan edi buyuk adiblardan biri.
Ha, kindik qonimiz toʻkilgan shu muqaddas goʻsha, koʻz ochib koʻrgan yaqinlarimiz, doʻst-u birodarlarimizsiz hayotimizni tasavvur qila olmaymiz. Yurtimizning har qarich yeri, har bir hududi jon qadar aziz.
Bunday kechinmalar Vatanimiz sarhadlarini qorongʻi tunlari-yu kunduzi, issigʻi-yu sovugʻida ham oʻz xizmat postida sobit turib qoʻriqlaganlar koʻnglidan tez-tez oʻtadi. Shu aziz Vatan tinch-osoyishtaligini kerak boʻlsa, joni bilan asrashga tayyor turadi ular. Bu chegarachi harbiylarning muqaddas burchi.
Davlat chegaralarini qoʻriqlash va muhofaza qilish tizimiga eʼtibor tobora kuchayayotganligi chegaralarimiz daxlsizligini asrashda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning, muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotgan askarlarning ruhini koʻtarib, kuchiga kuch qoʻshmoqda.
Ayniqsa, keyingi vaqtlarda chegara va chegara oldi hududlarida tinchlik-osoyishtalik barqaror boʻlishida huquqni muhofaza qiluvchi organlar, mahalliy davlat hokimiyati organlarining uygʻun hamkorligi yoʻlga qoʻyilgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Men hayotimni yurtimiz chegaralarining daxlsizligini saqlashdek sharafli ishga bagʻishlaganimdan doimo faxrlanib yashayman. Maktablar oʻquvchilari, yoshlar bilan boʻlgan uchrashuvlarda ular mendan koʻpincha “Doim qattiq harbiy intizomga rioya qilib, yana tugʻilgan oilangizdan, yaqinlaringizdan uzoqda yashash qiyin emasmi?” deya soʻrashadi. Aslida harbiy hayot tarzining ham gashti, zavqi bor. Qolaversa, harbiy burchni ado etish sharafli ish ekanligini takrorlayman doim.
Barchani Vatan himoyachilari kuni va Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil topgan kun bilan qizgʻin qutlayman. Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo boʻlsin!
Fazliddin MAHAMADIYeV,
92-02 harbiy qism 3-chegarani qoʻriqlash vzvodi komandiri oʻrinbosari.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶