IKKI BUYuK ShOIRGA EHTIROM KOʻRSATILDI
Har yili yurtimizda fevral oyi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarga boy boʻladi. Shu oyda oʻzbek tilining asoschisi, klassik adabiyotimizning mumtoz vakili Alisher Navoiy va buyuk sarkarda, shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud topgan. Sanalar munosabati bilan Navoiyxonlik, Boburxonlik kechalari, ularning hayoti va ijodi bilan yoshlarni yanada yaqinroq tanishtirish maqsadida adabiy kechalar oʻtkazilishi anʼanaga aylanib qolgan.
Shu yilning 9-fevralida Mangʻit shahridagi 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabida ham Alisher Navoiy tavallud topgan kunga bagʻishlanib, “Buyuk daho” nomli adabiy-badiiy kecha boʻlib oʻtdi.
Tuman Madaniyat boʻlimi madaniyat markazi va 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabi hamkorligida tashkillashtirilgan ushbu tadbir tuman Madaniyat boʻlimi xodimi Nasiba Eshchonova stsenariysi asosida tayyorlandi va boʻlim xodimi Oybek Begimov olib bordi.
Alisher Navoiy hayoti va faoliyati, yaratgan bebaho asarlari, ularda ilgari surilgan gʻoyalarning ahamiyati haqida maʼruza tinglangach, oʻquvchilar ijrosida alloma bobomizning gʻazallari, ruboiylaridan parchalar oʻqildi. Shuningdek, tumanimiz sanʼatkorlari tomonidan Alisher Navoiy gʻazallariga kuy bastalangan qoʻshiqlar ijro etildi.
Alisher Navoiy faqat shoirgina emas, davlat arbobi, oddiy mehnatkash xalq gʻamxoʻri sifatidagi faoliyati ham tahsinga sazovordir.
U Husayn Boyqaro hukmronlik qilgan davrda saroyda amaldor sifatida ilm ahllariga rahnamolik qilish bilan birga madaniy taraqqiyotiga ham ulkan hissa qoʻshadi, oʻz hisobidan koʻplab masjid, madrasalar, hammom, koʻpriklar, yoʻlovchilar uchun bekatlar bunyod etadi, el maʼmurligi uchun kurashadi. Qisqa qilib aytganda, Alisher Navoiyning ijodi ham, hayoti ham ibratdir.
Ishtirokchilar bu borada tadbirdan ulkan taassurotlar oldilar, alloma bobomiz ijodi bilan yanada yaqinroq tanishdilar.
Ana shunday tadbirlarning biri 14-fevral kuni klassik adabiyotimizning yana bir yirik vakili, shoh va shoir, davlat arbobi, buyuk sarkarda Zahriddin Muhammad Bobur tavallud kuni munosabati bilan oʻtkazildi.
“Shoh va shoir” deb nomlangan ushbu maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkaziladigan 9-sonli Bolalar musiqa va sanʼat maktabi tomoshalar zali tadbir mavzusiga xos bezatilganligining oʻziyoq kishi eʼtiborini tortadi. Sahna toʻridan Boburning ulkan portreti joy olgan, sahna devorlarida ruboiylari, gʻazallari yozilgan plakatlar osilgan.
Tadbir ikki nafar boshlovchilarning Bobur hayoti, ijodiga doir maʼlumotlar bilan tanishtirishidan boshlandi, dillarni erituvchi musiqa sadolari ostida Bobur hayotiga doir sahna koʻrinishi namoyish etildi.
Shuningdek, shoir ijodidan ifodali oʻqilgan gʻazallar, ruboiylar ham barchaga oʻchmas taassurotlar baxsh etdi.
Oʻzbek klassik adabiyotimizning ikki buyuk namoyandasi Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodlari misli ilm-maʼrifat chashmasidir. Bu chashmadan bahramand boʻlgan kishi shuuri tobora oydinlashib boraveradi.
Shu bois ham oradan besh asrdan ziyod vaqt oʻtsa-da, hammamiz Navoiyni, Boburni oʻqiyveramiz.
Oygul RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶