AYoLNI QANChA ULUGʻLASAK, ShUNChA OZ!
Ayol! U – avvalo ona. Ayol – bu olam munavvarligi! Ayol – bu goʻzallik timsoli! Ayol – bu mardlik, matonat, oriyat va fidoiylikdir. Ayol bor joyda muhabbat niholi unib-oʻsadi, ayol bor joyda pokizalik, qut-baraka, fayz-ziyo boʻladi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy sohalardagi faolligini oshirish boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Xususan, tumanimizda ham ayollar bilan ishlash tizimini mutlaqo yangi darajaga olib chiqish, ularni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qoʻllab-quvvatlash, kasb-hunarga yoʻnaltirish va bandligini taʼminlash ishlarini samarali tashkil etish va amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Sektor rahbarlari, tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻi tomonidan “Ayollar daftari”ga kiritiladigan xotin-qizlarning roʻyxatlari hamda ularning muammolarini bartaraf etishga qaratilgan “Yoʻl xaritasi” tasdiqlandi. Xalq deputatlari tuman Kengashi tomonidan tasdiqlangan roʻyxatlar sektor shtablarining kotiblari tomonidan “Mahalla” yagona axborot tizimi dasturiga kiritildi.
Tumandagi 1528 nafar yakka tartibdagi tadbirkordan 681 nafari (45 foiz) xotin-qizlardir. Shu bois, xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida 21 ta loyihaga jami 644 mln. soʻmlik, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish boʻyicha boshqa dasturlar doirasida 1385 ta loyihaga 52 mlrd. 513 mln. soʻmlik kreditlar ajratildi. Oʻtgan yili 143 nafar xotin-qizlar kasb-hunarga va hayotga ruhlantirish (motivatsiya berish) boʻyicha oʻqitilgan boʻlsa, 2021-yilda umuman boshqa uslubda, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev rahbarligida 2020-yil 8-oktyabr kuni kengaytirilgan tarzda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida jamiyatda ayollarning rolini oshirish hamda bandligini taʼminlash, ularni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan vazifalar qatorida “Ayollar daftari” asosida ish olib borish vazifasi belgilab berildi. Bugungi kunda “Ayollar daftari”ga kritilgan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish boʻyicha tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish va kredit olishga koʻmaklashishni soʻragan 501 nafar ayollardan 241 nafariga tadbirkorlik koʻnikmalari va biznes loyihalari tuzishni oʻrgatish, ularning barchasiga kredit olishda hamda tomorqadan daromad manbai sifatida foydalanishlarida koʻmaklashish, 305 nafar ayolning tomorqasida yengil bichimdagi issiqxonalar oʻrnatish va parranda boqishni yoʻlga qoʻyish orqali bandligini taʼminlash rejalashtirilgan.
Aholining tibbiy madaniyatini oshirish, sogʻlom turmush tarzini fuqarolar ongiga singdirish, reproduktiv salomatlikni mustahkamlash, sogʻlom farzandlar tugʻilishi, ona va bola salomatligini muhofaza qilish, farzandlar tarbiyasida ota-onaning masʼuliyatini oshirish hamda FHDYo boʻlimiga nikohdan oʻtish uchun ariza bergan nikohlanuvchi shaxslarni oilaviy hayotga tayyorlash boʻyicha 4 kun davomida tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi binosida belgilangan oʻquv rejasi asosida oʻquv mashgʻulotlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Oʻsib kelayotgan yosh avlodning yetuk inson, barkamol avlod sifatida shakllanishi oila muhitidan, ayoldan boshlanadi. Xohlaymizmi, yoʻqmi, bizning mentalitetda oila muhitini, turmush tarzini ayol yaratadi. Bola tili chiqmasidan avval ham, tili chiqqanidan keyin ham ona bilan boʻladi. Tabiatan onaning maʼnaviyati, axloqi, savodxonligi bolaning qon-qoniga singib boradi. Shunday ekan, sogʻlom avlod tarbiyasida ayolning roli juda katta ekanligi inkor etib boʻlmaydigan haqiqatdir. Demak, Ayolni, Onani sharaflash, ardoqlash nainki har birimizning, xalqimizning ham burchidir.
Qadrli opa-singillar! “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da xotin-qizlarning maʼnaviyatini yuksaltirish, oʻsib kelayotgan yosh avlodni urf-odatlarimizga zid xatti-harakatlardan qaytarishga qaratilgan tadbirlarni amalga oshirish, oila qadriyatlarini mustahkamlash, hayotimizning barcha jabhalarini qamrab olgan islohotlarni amalga oshirish jarayonidagi faoliyatlaringizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Barchangizga 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami muborak boʻlsin, aziz opa-singillar!
Muqaddas BEKNAZAROVA, tuman Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi boshligʻining birinchi oʻrinbosari, tuman hokimining Xotin-qizlar masalalari boʻyicha maslahatchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶