UNI KASBI ELGA TANITDI
Ulugʻ mutafakkir Abdulla Avloniy bobomiz tarbiyachini tabibga oʻxshatgan, tabib bemor badanidagi kasaliga davo qilgani kabi yaxshi tarbiyachilar bolada yaxshi xislatlar shakllanishiga, yomon odatlardan tiyilishiga sababchi boʻladi, degan edilar.
Tarbiyachi – eng avvalo ota-onadir. Ha, bola koʻz ochib koʻrgan yaqinlari davrasida ilk tarbiya olsa, bu jarayon maktabgacha taʼlim tashkilotlarida davom ettiriladi.
Keyingi yillarda maktabgacha taʼlim tashkilotlariga maktabgacha yoshdagi bolalarning qamrovini oshirishga alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki bogʻchalarda tarbiyalangan bola avvalo maktab taʼlimiga sifatli tayyorlanadi, dunyoqarashi keng boʻladi, jamoada oʻzini tutish, muomala madaniyatining ilk koʻnikmalariga ega boʻladi. Hatto oddiy suhbatda ham bogʻchada, uyida tarbiyalanayotgan bolalarni farqlash qiyin emas.
Mangʻit shahrining Navoiy nomli mahallasida tugʻilib, voyaga yetgan Oydin Kazakova bularga oʻzining 31-yildan ziyod mehnat faoliyati davomida qayta-qayta iqror boʻlgani uchun guruhidagi bolalarga shirin soʻzi, qalb qoʻri bilan yaxshi tarbiya berishga intiladi, xuddi oʻz ota-onalari kabi erkalanib ogʻushiga talpinishlaridan koʻngli yuksalib ketadi.
U 1990-yilda tumanimizdagi 1-sonli maktabni tugatib, Toshkentdagi sobiq Krupskaya nomli pedagogika bilim yurtiga oʻqishga kirdi. Muassasani aʼlo baholar bilan bitirib kelib, dastlab oʻzi taʼlim olgan maktabda kuni uzaytirilgan guruh tarbiyachisi boʻlib ish boshladi. 1993-yilda esa 1-sonli Maktabgacha taʼlim tashkilotiga tarbiyachi boʻlib ishga kirdi va shu kungacha bolajonlar taʼlim-tarbiyasi yoʻlida mehnat qilib kelayotir.
Uning dastlab tarbiyalagan oʻgʻil-qizlari hozirgi kunda turli mutaxassislik, kasb-hunarlarni egallab, hayotda oʻz oʻrinlarini topishgan.
– Hozir avvalgi tarbiyalagan bolalarimning bolalarini tarbiyalayapman. Ota-onalari ham yarim hazil, yarim chin “bogʻcha opa” deb murojaat qilishadi, – deydi kulib O.Kazakova.
Uning kasbiga fidoyiligi bejiz emas. Bir umr oʻqituvchilik qilib, yoshlarga taʼlim-tarbiya bergan otasi, taʼlim faxriysi boʻlgan Shomurod Kazakov qiziga yosh bolalar tarbiyasi juda nozik va masʼuliyatli ish ekanligini koʻp uqtirar, oʻz ustida koʻp ishlashga, kasb mahoratini oshirishga undardi.
Mehnat faoliyatida O.Kazakova otasi, onasi orzu qilganiday darajaga erishdi. Buni har kuni ertalab muassasa eshigi oldida tarbiyalanuvchilarning ota-onasi qoʻlidan tushib, uning bagʻriga talpinishlaridan ham anglash mumkin.
O.Kazakova halol mehnatlari tufayli Qoraqalpogʻiston xalq taʼlim aʼlochisi, deya eʼtirof etilgan.
Sevara ISMOILOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶