“AMU MED KOMPLEKS” XUSUSIY KLINIKASINING YoSh VA BILIMDON ShIFOKORI
Gʻayratjon Tojiboyev yoshligidan shifokorlik kasbiga qiziqdi. Oʻgʻlining orzularini qoʻllab-quvvatlagan ota-onasi Aminboy ogʻa bilan Raʼnojon opa uni yaxshi niyatlar bilan Toshkent shahriga kuzatib qolishdi.
Sinovlardan muvaffaqiyatli oʻtib, Toshkent Tibbiyot Akademiyasi talabasi boʻldi. 2004-2011-yillarda – 7-yil davomida Tibbiyot Akademiyasi tahsilini olgan Gʻayratjon nafaqat zamonaviy, balki xalq tabobatiga oid manbalar asosida oʻz bilimini boyitdi. Oʻzi tanlagan yoʻnalish – otolaringologiya sohasini yanada puxta oʻrganish maqsadida 2011-2014-yillar davomida Toshkent Tibbiyot Akademiyasining magistratura boʻlimida tahsil olib, yuqori malakali otolaringolog magistr diplomini oldi.
Dastlabki ish faoliyatini Amudaryo tuman Tibbiyot birlashmasi koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida otolaringolog-shifokor sifatida boshlagan Gʻayratjon Tojiboyev qisqa fursat ichida nafaqat hamkasblarining, balki xalqning ham ishonch va eʼtiborini qozondi.
Har bir bemorni sinchiklab tekshirish, muolaja choralarini qoʻllashda Gʻayratjon vaqtini ham, bilimini ham ayamaydi. Tobora rivojlanib borayotgan otolaringologiya sohasi yangiliklaridan xabardor boʻlib borish, oʻz ustida ishlash, oʻqib-izlanish esa uning eng sevimli mashgʻuloti. U mijozlariga namunali xizmat koʻrsatish, ayniqsa, yosh bolalar oʻrtasida koʻp uchraydigan quloq, tomoq, burun kasalliklarini erta aniqlash va oldini olish choralarini koʻrish maqsadida 2022-yilning aprel oyida “Amu med kompleks” xususiy klinikasini tashkil etdi va zamonaviy otolaringologiya xizmatini yoʻlga qoʻydi.
Mamlakatimiz tibbiyot sohasida xususiy sektorni rivojlantirishga qaratilayotgan eʼtibor va soha mutaxassislari uchun berilayotgan imtiyozlar tufayli Gʻayratjon Tojiboyev xususiy klinikasi huzurida 2022-yilning avgust oyida klinik tashxis-laboratoriya xizmatini ham yoʻlga qoʻydi. Endilikda Amudaryo tumani aholisi quloq, tomoq, burun kasalliklarini endoskopik usulda aniqlash maqsadida Nukus va Urganch shaharlariga qatnamaydigan boʻlishdi. Chunki Gʻayratjon Tojiboyev rahbarligidagi “Amu med kompleks” xususiy klinikasida bemorlar uchun barcha sharoitlar mavjud. Klinikada bir vaqtning oʻzida quloq, tomoq, burun kasalliklari endoskopik tekshiruvdan oʻtkazilib, kasallikni erta aniqlash va sifatli davolash ishlari muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilgan.
Ayni paytda klinikada 5 nafar malakali xodim doimiy ish bilan taʼminlangan va mijozlar uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan.
Inson oʻzi tanlagan yoʻnalishda muvaffaqiyatlarga erishishi uchun, eng avvalo, uning koʻngli xotirjam boʻlmogʻi joiz. Bu jihatdan Gʻayratjon omadli. Uni doimo tushunadigan, qoʻllab-quvvatlaydigan, hammaslak umr yoʻldoshi Umidaxon, ota-onasi Aminboy ogʻa bilan Raʼnojon opa, shirin-shakar farzandlari, tugʻishganlari bor. Ayniqsa, Navoiy viloyatining Xatirchiday jannatmakon tumanidan kelib Gʻayratjonga boʻlgan mehr-muhabbati tufayli Amudaryo elini oʻziga Vatan qilgan Umidaxon har bir ishida Gʻayratjonga koʻmakdosh. TTB koʻptarmoqli poliklinikasi revmatolog-shifokori Umidaxon Xoliqulova ham oʻz kasbi, bilim va mahorati bilan hamisha xalq olqishiga sazovor.
Biri tibbiyot sohasida oʻz tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, biri xalq salomatligi yoʻlida kamarbasta mehnat qilayotgan yosh va fidoyi shifokorlar – Gʻayratjon Tojiboyev va Umidaxon Xoliqulovalarni tibbiyot xodimlari kuni bilan tabriklaymiz. El-yurt salomatligi yoʻlida aslo charchamang, Alloh ezgu ishlaringizning xayr-u barokatini bersin, deymiz.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶