ELIM, DEGAN EL FIDOYISI
Bu hayot karvoni shundayki, hech toʻxtamaydi, bir zum tin olmaydi. Daryosiga oshiqqan sharshara kabi oldinga intilaveradi, inson esa ana shu karvon bilan umr deb atalgan safarda hamroh.
Darvoqe, umr – insonga Alloh tomonidan inʼom etilgan eng oliy mukofot. Uning qadriga yetish, umr safarini oʻzining saodatli amallari bilan goʻzal tarzda ado etish insonning ilm-u zakovatiga, fidoyiligiga, tashabbuskorligiga bogʻliq. Agar taʼbir joiz boʻlsa, koʻplab mangʻitlik taniqli insonlar, hatto olim-u arboblarga ustozlik qilgan fidoyi oʻqituvchi, Alloh rahmat qilsin, Qoʻziboy Roʻzmetov oilasida dunyoga kelgan Rustam Roʻzmetovning hayot yoʻli bir inson orzu qilguday ibratli lahzalarga boy boʻldi. Oʻta intizomli va qattiqqoʻl ota tarbiyasini olgan Rustam Roʻzmetov 1953-yilda, Ikkinchi jahon urushi asoratlari hamon ketmagan, oilalarda yetar-yetmaslik hukm surayotgan bir davrda dunyoga keldi. Hayot qanchalik ogʻir sinovlari bilan insonlarni qiynamasin, oiladagi 9 nafar farzandning toʻrtinchisi boʻlgan Rustam ota-sining har bir soʻzini, maslahatini misli javohirday qabul qildi va oʻzidan katta aka-opalari izidan borib, ilm-irfonga, kitobga mehr qoʻydi.
Otasining: “jamiki ezguliklarning kaliti ilmda, kitobda”, – degan oʻgitini oʻziga shior qilib olgan Rustam Roʻzmetov umumtaʼlim maktabini muvaffaqiyatli tamomlagach, 1970-yilda Samarqand davlat universitetining kimyo fakultetiga oʻqishga kirdi. Garchi, oilasidan yiroqda, olis Samarqand shahrida taʼlim olayotgan boʻlsa-da, u hamisha otasining sinchkov nigohida, har bir semestr va oʻquv yili bosqichlari boʻyicha hisobdor edi. Chunki oʻqish masalasida farzandlariga nisbatan oʻta talabchan boʻlgan Qoʻziboy ota Roʻzmetov ularning yurish-turishi, muomala-odobi, oʻqishini nazorat qilishni aslo unutmasdi. Shundanmi, bu oila farzandlarining barchasi oʻqimishli, ziyoli insonlar boʻlib yetishdilar.
Rustam Roʻzmetov universitetni tugatgunga qadar, undan keyin ham ota-onasi tartib bergan Qoʻziboy Roʻzmetovlar oilasiga munosib farzand sifatida oʻz umrini ezgu amallari bilan ziynatlab yashashga intildi va bunga maʼlum maʼnoda erishdi.
Ilk mehnat faoliyatini 1975-yilda Amudaryo tumani qishloq xoʻjalik kimyo korxonasida agronom boʻlib ishlashdan boshlagan Rustam Roʻzmetovning umr yoʻli biri-biridan masʼuliyatli lavozimlarni ado etish asnosida goʻzal va havasga munosib mazmunlar bilan boyidi. U 1975-1985-yillarda 30-sonli umumtaʼlim maktabida oʻqituvchi, 1985-1987-yillarda Amudaryo tumani ijroiya qoʻmitasida maslahatchi, targʻibot-tashviqot ishlari boʻyicha boʻlim mudirining oʻrinbosari, 1987-1988-yillarda sobiq Ittifoqning Krasnodar oʻlkasi Korenev tumani ijroiya qoʻmitasi instruktori lavozimlarida faoliyat yuritish orqali oʻsha davr davlat qurilishi asoslari boʻyicha zamonaviy bilim va tajribaga ega boʻldi. Natijada 1988-yilda Amudaryo tumani rahbariyati unga yuksak ishonch bildirib, Amudaryo tuman ijroiya qoʻmitasi tashkiliy boʻlim mudiri lavozimiga tayinlashdi.
Ishonch – insonga qanot, umidbaxsh orzularga parvoz berguvchi kuch. Qolaversa, ishonchga sazovor boʻlish uchun intilish tuygʻusi insonni maʼnaviy jihatdan kuchli qiladi. Rustam Roʻzmetov ana shu tuygʻularga hamroh yashab, mehnat qildi. U 1991-yildan 2017-yilning yanvarigacha, to pensiyaga chiqquniga qadar turli masʼuliyatli lavozimlarda faoliyat yuritdi. Xususan, OʻzXDP Amudaryo tuman Kengashi kotibi, mazkur partiya Kengashining birinchi kotibi, Amudaryo tumani hokimining ijtimoiy masalalar boʻyicha oʻrinbosari, tuman hokimining birinchi oʻrinbosari – shahar hokimi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi “Mahalla” jamgʻarmasi Amudaryo tuman boʻlinmasi raisi, “Mahalla” xayriya jamoat fondining tuman boʻlinmasi raisi lavozimlarida hamisha xalq orasida, xalqning ertangi kuni yanada farovon va obod boʻlishi yoʻlida sidqidildan faoliyat yuritdi.
Ishning koʻzini biladigan, har qanday vaziyatda ham oʻz vazifasini qatʼiyat bilan uddalaydigan insonlar hamisha qadrlanadi. Rustam Roʻzmetov ham ana shunday insonlar toifasidan boʻlgani uchunmi, “men pensiyaga chiqdim”, deya xotirjamlik bilan xalqqa eltar eshiklarni birdaniga “yopib” ketmadi. Aksincha, OʻzLiDeP Amudaryo tuman Kengashi raisining oʻrinbosari, apparat rahbari sifatida 2017-yilning avgust oyiga qadar faoliyat yuritdi.
Rustam aka Roʻzmetovning joʻshqin mehnat faoliyati bilan kechgan umr yoʻllariga nazar solgan kishi uning qadami yetgan manzillarda goʻzallik, ezgu amallardan obod lahzalarga guvoh boʻlishi tabiiy. Ayniqsa, bu tuman hududidagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish, qishloq ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirish, milliy urf-odat va anʼanalarimizni tiklash, oila mustahkamligini taʼminlashga qaratilgan ezgu ishlarda yaqqol namoyon. Bevosita Rustam Roʻzmetovning tashkilotchiligida tumandagi barcha ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlarining moddiy-texnika bazasi mustahkamlandi. “Mahalla” xayriya jamoat fondi mablagʻlari hisobidan ovul va mahalla fuqarolar yigʻinlari ofislari kompyuter va xona jihozlari bilan taʼminlandi.
Rustam Roʻzmetovning aksariyat rahbarlardan farqli bir odati bor edi. U oʻzi rahbarlik qiladigan soha boʻyicha muammolarni shaxsan oʻzi oʻrganib chiqishdan tashqari, mavjud muammolar yechimi topilmaguncha tinib-tinchimasdi. Shu bois, u “Mahalla” tizimida ishlagan 2004-2011 va 2011-2017-yillarda 24ta mahalla hududida 42,64 km. avtomobil yoʻllari, 25,7 km. tabiiy gaz quvurlari, 47,75 km. uzunlikdagi ichimlik suvi quvurlarini taʼmirlash ishlariga bosh-qosh boʻldi.
Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, kichik va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish, aholining turmush tarzini yaxshilash, hukumat Qarorlari va hayotga joriy etilayotgan yangi Qonunlar ijrosini taʼminlash, mahalla institutini rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar, oshkora muloqot tadbirlari, oʻquv-seminarlar va davra suhbatlari oʻtkazish orqali xalq bilan muloqot uchun zarur sharoitlar yaratdi. “Oila – mahalla – taʼlim muassasasi hamkorligi” tizimini ishlab chiqdi va bu borada uzviylikni taʼminlashga erishdi.
– Mahallalarga, olis qishloqlardagi xonadonlarga chiqqanimizda zamon talablari darajasidan ancha past oilalarga duch kelardik, – deydi Rustam aka “Mahalla” tizimida ishlagan davri haqida soʻz yuritarkan. – Boquvchisini yoʻqotgan, doimiy daromad manbaiga ega boʻlmagan oilalar turmush tarzini yaxshilash, iloji boricha ularning hayotiga yorugʻlik, roʻshnolik olib kirishga harakat qilardik.
Vaholanki, shundan keyin bunday oilalarni qoʻllab-quvvatlash Rustam Roʻzmetov uchun birinchi galdagi vazifaga aylanardi. Shu maqsadda R.Roʻzmetov homiylik yordamlarini jalb qilgan holda 2014-2017-yillar davomida kam taʼminlangan oilalarning salkam 2000 nafarga yaqin farzandlari yozgi dam olish oromgohlarida hordiq chiqarishlari uchun bepul yoʻllanmalar bilan taʼminlanishiga erishdi. Oʻsha yillarda 14ta oilaga qoramol olib berilib, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga moddiy yordam paketlari ajratildi. Quvonarli tomoni shundaki, oʻsha paytdagi tuman Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi X.Rajabova bilan hamkorlikda 40ta oila farzandlarining sunnat va nikoh toʻylari oʻtkazilishiga bosh-qosh boʻldi.
Rustam Roʻzmetov oʻzining 40-yillik mehnat faoliyati davomida deyarli har kuni xalq orasida, oʻzi uchun aziz Amu elining yaxshi kunida quvonchlariga sherik, gʻamli kunlarida dardkash, yelkadosh boʻldi. Nimaiki, orzu-niyatlari boʻlsa, aziz xalqi va ularning orzulari bilan birga baham koʻrdi. Urush va mehnat faxriylari, tashabbuskor, intiluvchan yoshlar, ayniqsa, ijodkorlar bilan boʻladigan samimiy suhbatlar unga cheksiz quvonch, ruhiyatiga quvvat bagʻishladi. Shu bois, tumanda yashab, ijod etayotgan yozuvchi va shoirlar, ijodkorlar bilan yoshlarning uchrashuvlari, ijodiy kechalar, adabiy-musiqiy tadbirlarning doimiy tashkilotchisi edilar va bundan cheksiz zavq olardilar.
Xalqimiz zakosi tufayli yaralgan goʻzal va purmaʼno bir hikmat bor: “Yigit yetmishda yetuklikka yetishadi”, deydilar. Rustam Roʻzmetov ayni shu kunlarda umr safarining yetuklik manziliga yetdilar. Demak, bu hali keksalik haqida soʻz ochishga erta, degani. Hamonki, fikri tiniq, yoshlarday dadil va oʻktam Rustam Roʻzmetov biri-biridan oʻqimishli, mehnatkash, barkamol uch oʻgʻil va bir etak nevaralarning bobosi sifatida oʻzi istiqomat qiladigan Yangiobod mahallasida obroʻ-eʼtibori bor, hurmati baland. Umr yoʻldoshi, el sevgan bolalar shifokori Zamiraxon opa Yusupova bilan farzandlariga, nevara-chevaralariga, mahalla yoshlariga yaqin maslahatgoʻy. Turli bayramlar sanalari munosabati bilan doʻst-u birodarlari, shogirdlari, farzandlari mehridan yanada obod boʻlib ketadigan bu fayzli xonadondan aslo yaxshilarning qadamlari uzilmaydi.
Bu hayot karvonida oʻz umr safarining yetuklik manzili – yetmishinchi dovonidan oshgan Rustam aka Roʻzmetovni qutlugʻ yoshlari bilan chin dildan muborakbod etamiz.
Amudaryo degan bu mahallada,
Nomi aziz, oʻrni ulugʻ insonsiz.
Elim, degan fidoyilar saylanganda,
Mahallaga singgan mehri ummonsiz.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶