“Xayr, betoblik – salom, shifo!..”: Yakunlangan yilning tibbiyotdagi sarhisobi
Dunyoga kelayotganimizda ham, ketayotganimizda ham tibbiyotga ishimiz tushadi. Embriologiya, travmatologiya, jarrohlik, ginekologiya... Xullas, bu “...logiya”larning, yaʼni tibbiyot sohalarining har birining oʻz oʻrni va ahamiyati bor. Hayotimiz mobaynida tibbiy mutaxassislarning kamida besh-oltitasiga ishimiz tushishi tabiiy. Yil davomida goh u yerimiz, goh bu yerimiz ogʻrib shifokorga murojaat qilamiz, biroq kuzatuvchan bemor sifatida tibbiyot birlashmasi zinasidan koʻtarilayotib, atrofingizda nima oʻzgarishlar boʻlayotganini, siz koʻrinayotgan qaysidir tibbiy uskuna yangidan olib kelinganini, umuman, bu sohada qanday oʻzgarishlar va yangilanishlar roʻy berayotganini hech kuzatganmisiz? Keling, diqqatingizni aynan ushbu sohaga oid raqamlar va faktlarga qaratamiz.
Maʼlumot uchun, Amudaryo tuman tibbiyot birlashmasi tarkibida 415-oʻrinli Tuman markaziy shifoxonasi, uning ichida 36-oʻrinli xoʻjalik hisobidagi reabilitatsiya boʻlimi, joylarda 14ta, umumiy quvvati 1455 nafar aholiga xizmat koʻrsatish moʻljallangan ambulatoriya-poliklinika muassasalari, 1 ta Koʻp tarmoqli markaziy poliklinika, 9 ta Oilaviy poliklinikalar va 4 ta Oilaviy shifokorlik punkti hamda 11 ta mahalla tibbiyot punktlari faoliyat koʻrsatadi.
Oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlariga biriktirilgan 38 ming 680 ta xonadonda yashovchi 209 ming 212 nafar aholiga 93 nafar umumiy amaliyot shifokorlari va 359 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari, 212 nafar patronaj hamshiralari, 93 nafar amaliyotchi hamshiralar, 54 nafar tibbiy brigada doyasi tibbiy xizmat koʻrsatadi. Koʻp tarmoqli markaziy poliklinika esa unga biriktirilgan 12 ming 669ta xonadonda yashovchi 71 ming 366 nafar shahar aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatadi. Bu yerda jami 102 nafar shifokorlar, 34 nafar umumiy amaliyot shifokorlari va 183 nafar oʻrta tibbiyot xodimlari, 68 nafar patronaj hamshiralari faoliyat yuritadi.
Ayollar salomatligi va tugʻilish koʻrsatkichi.
Tibbiy muassasalar tomonidan ona va bola salomatligini muhofaza qilish, ayol-qizlarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatish masalasiga alohida eʼtibor qaratiladi. Chunki bu avlodlar davomiyligini taʼminlovchi birlamchi omildir. 2024-yilning oʻtgan 10 oyi davomida tugʻish yoshidagi 53 ming 241nafar ayol-qizlar tibbiy koʻrikdan oʻtkazildi. Shulardan homiladorlikka nisbiy moneligi bor ayollar 26 ming 877 nafarni, mutlaq moneligi bor ayollar esa 648 nafarni tashkil qiladi. Tibbiy koʻriklar natijasida ularning 3 ming 910 nafarida turli ekstragenital kasalliklar aniqlangan. Shifokorlarning saʼy-harakatlari natijasida kasallik aniqlangan ayollarning 22 ming 550 nafari sogʻlomlashtirilgan. Tuman boʻyicha 2024-yilning 10 oyi davomida 3 ming 664 nafar chaqaloqlar tirik tugʻilgan va ular sogʻlom, oʻz onalari bagʻrida parvarish qilinmoqda.
Statsionar xizmat.
Tumanda statsionar tibbiy xizmat 421-oʻringa moʻljallangan tuman markaziy shifoxonasi orqali koʻrsatiladi. Tuman boʻyicha joriy yilning 10 oyi davomida 13 ming 240 nafar bemorlarni davolash rejalashtirilgan boʻlib, amalda 21 ming 423 nafar bemor davolanib chiqqan, davolash rejasi 161,8 foizga bajarilgan. Shuningdek, Tuman markaziy shifoxonasida ushbu davr oraligʻida 2 ming 686ta jarrohlik amaliyoti oʻtkazilgan. Bu oʻrtacha har kuni 9-10 nafar bemorda jarrohlik amaliyoti oʻtkazilib, sogʻlom hayotga qaytarildi, deganidir.
Moddiy-texnik baza.
Davlatimiz tomonidan tibbiyot sohasiga berilayotgan eʼtibor natijasida tibbiy muassasalarning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib bormoqda. Bu esa oʻz navbatida xizmat koʻrsatish sifati va hajmining ortishiga xizmat qilmoqda. Yangidan qurilib, 1-sentyabrdan ish boshlagan tugʻruq majmuasi binosi joriy yilda tumanda tibbiyot sohasida amalga oshirilgan eng yirik loyiha boʻldi. Qiymati 14,4 mlrd. soʻmlik 90-oʻrinli, 4 qavatli ushbu majmua amudaryolik ayollar, onalar va bolalarga uzoq yillar davomida xizmat qilishi shubhasiz. Eng muhimi, Tugʻruq majmuasi turli xildagi 10 dona zamonaviy tibbiy uskunalar bilan taʼminlandi.
Shu bilan birga, joriy yilning avgust-sentyabr oylarida tumandagi 6-sonli oilaviy poliklinika binosi davlat tomonidan ajratilgan 750 mln soʻm mablagʻ hisobiga “Mangʻit ideal qurilish” MChJ tomonidan mukammal taʼmirlandi hamda binoga quvvati 10 kVt boʻlgan quyosh panellari oʻrnatildi. Binoning tashqi fasad qismi termoizolyatsiya qilinib, bazalt qoplamasi bilan qoplandi. Binoda normal haroratni taʼminlash maqsadida 2 dona isitish qozonlari va 4ta konditsioner oʻrnatildi.
Shuningdek, investitsiya dasturi doirasida Kuyuk koʻpir ovuli hududida joylashgan 5-sonli oilaviy poliklinika binosi 3 mlrd 251 million soʻmga yangidan qurilib, ayni kunlarda ishga tushirilish arafasida.
Kelgusida birlamchi tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirish maqsadida maqbullashtirilgan Oʻrta qalʼa qishloq vrachlik punktini yangidan oilaviy shifokorlik punkti qilib tashkil etish rejalashtirilgan. Tumanimizning Jumurtov shaharchasi, Yuqori qishloq, Qoramon, Beshtom, Bogʻ va Qumyop mahallalari, Amir Temur, Nazarxon, Boʻz yop ovullari kabi 11ta olis va chekka hududlariga maxsus konteynerlar oʻrnatilib, mahalla tibbiyot punktlari tashkil etilgani ham shu maqsadlarga xizmat qilmoqda.
Tibbiyot muassasalarini barqaror elektr va issiqlik energiyasi bilan taʼminlash maqsadida Doʻrman ovuli hududida joylashgan 2-sonli oilaviy poliklinika binosiga 14 kVt, Oq oltin ovulidagi 3-sonli oilaviy poliklinika binosiga 18 kVt, Bobur nomli ovuldagi 4-sonli oilaviy poliklinika binosiga 17 kVt, Kuyuk koʻpir ovuli hududida joylashgan 5-sonli oilaviy poliklinika binosiga 10 kVt, Xitoy ovulidagi 6-sonli oilaviy poliklinika binosiga 10 kVt quvvatli quyosh panellari oʻrnatilgan boʻlsa, Toʻlqin ovuli hududida joylashgan oilaviy shifokorlik punkti binosining isitish tizimi koʻmirga moslashtirilib, 2 ta koʻmir qozonlari oʻrnatildi.
“Sogʻlik hayotning shunday neʼmatidirki, chindan ham betob podshodan koʻra sogʻlom gado ming karra baxtiyordir” degan edi olmon faylasufi Artur Shopengauyer. Chindan-da, baxt ham, quvonch ham, toʻy-tomosha ham salomatlik mustahkam boʻlsagina tatiydi. Ruhiy va jismoniy sogʻlomlik insonning chinakam boyligidir. Yakunlanayotgan yilda Amudaryo tumanining tibbiyot sohasida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qilar ekanmiz, erishilgan yutuqlar dillarga faxr, qalblarga iftixor baxsh etadi. 2024-yilni kasbiy faoliyatidagi muvaffaqiyatlar bilan yakunlayotgan soha vakillarining kelgusidagi ishlarida ham omad yor boʻlishini tilaymiz.
Aziza Madrahimova, jurnalist.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶