QIZ BOLA – ELNING KOʻRKI
Baxtli oila qurish, sogʻlom farzandlarni tarbiyalash va ularning kamolini koʻrishdek ezgu niyat xalqimizning orzu-intilishi, hayotiy maqsadlarining uzviy bir boʻlagi hisoblanadi. Ota-bobolarimiz azal-azaldan oʻgʻilni uylantirib, qizni turmushga berishni oʻzlarining zimmasidagi vazifalardan biri sifatida bilishadi. Ammo, har narsaning oʻz vaqti boʻlganidek, oila qurishning ham oʻz vaqti-soati bor. Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga koʻra, nikoh yoshi erkaklar uchun oʻn sakkiz yosh, ayollar uchun oʻn yetti yosh etib belgilangan. Albatta, bu oʻgʻil yoki qiz shu yoshda oila qurishi shart, degani emas. Afsuski, oramizda shunday ota-onalar uchramoqdaki, ular oʻgʻlining boshini ertaroq ikki qilib, qizini ertaroq turmushga berishga harakat qilib, farzandlari baxtiga zomin boʻlishmoqda.
Hayot tajribasi va mutaxassislar fikricha, qizlarning turmush qurish yoshi oila mustahkamligiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillardan biridir.Hali oq-qorani tanimagan, hayotning, turmushning nima ekanligini toʻliq anglab yetmagan, ham jismoniy, ham aqliy, ham psixologik jihatdan hayotga tayyor boʻlmagan qizlarni turmushga berish oilaning mustahkam boʻlishiga, boʻlajak farzandlarning sogʻlom boʻlishiga oʻzining salbiy taʼsirini koʻrsatmasdan qolmaydi.
Ayniqsa, yoshlarning oilaviy hayotga maʼnaviy va iqtisodiy tayyorlik darajasi oila mustahkamligining muhim garovi hisoblanadi. Hali kasb-hunar yetukligiga erishmagan, bir kasb-korning boshini tutmagan, oila masʼuliyatining nima ekanligini anglab yetmagan yoshlar turmush qurishgach, hayot tashvishlari oldida dovdirab qolishadi, bir-biridan ayb izlashga kirishadi. Bu ishga ota-ona, qaynota-qaynonalar ham qoʻshilishadi. Bu holat koʻpincha boʻlgʻusi onaning salomatligiga, qolaversa, tugʻilajak farzandning sogʻlomligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Natijada yosh onada ruhiyat buzilishi kelib chiqib, bu oila mustahkamligiga putur yetkazadi. Tumanimizda ham hali kasb-hunar kollejini bitirmagan qizlarni turmushga berish holatlari uchramoqda.
Ayrim ota-onalar koʻpincha qizining kelajak taqdiri, baxt-saodati haqida oʻylamay, hali voyaga yetmagan qizini uzatish, "bir tashvishdan qutulish”fikriga tushadi. Bunday holatlarga koʻpincha yoshlarning "aqlsizlik” qilib qoʻyganligini sabab qilib, majburiyat bilan toʻy qilishimiz kerak, degan ota-onalar ham uchraydi. Tilimizda maʼnaviy tubanlik degan ibora bor. Ana shu "aqlsizlik qilgan” yoshlarning maʼnaviy tarbiyasini kim bergan? Albatta birinchi navbatda ota-ona va boshqa yaqinlari. Qizlarning yengil-yelpi harakatlarining hammasi vaqtida ota-ona tomonidan yetarlicha eʼtibor berilmasligi, ustini but qilayapman, yedirib-ichirayapman, boʻldi-da, degan oʻyga borib, ular tarbiyasi bilan jiddiy shugʻullanmaganlikdan yuzaga keladi. Vaholanki moddiy taʼminotning oʻzi yetarlimikin?
Qiz bolani yoshlikdan oilaviy hayotga tayyorlash haqida gap borganda, avvalo uning xulq-atvori, ibo-hayosi, ichki dunyosining goʻzalligi, hayotda ayol qilishi kerak boʻlgan roʻzgʻor yumushlarini oʻrganishi, biror kasb-hunar egallashi nazarda tutilishi lozim.
Sohibqiron Amir Temur bobomiz bilan bogʻliq shunday naql bor: jangu-jadaldan keyin Sohibqiron bobomiz dam olib oʻtirganlarida unga bir qiz qabuliga kirish uchun janjal qilayotganligini aytishadi. Amir Temur kirishga ijozat beradi. Shunda qiz ayuhannos solib kirib keladi: "Siz qanday odil podshohdirsizki, askarlaringiz bu qadar quturishsa, askarlaringiz qilayotgan tajovuzkorlikdan xabaringiz yoʻq. Ulardan bittasi mening nomusimni toptadi. Endi men nima qilaman?”
Temur shu askarni topib kelishni buyuribdi. Askardan shu gap rost-yolgʻonligini soʻrabdi. Askar qoʻrqa-pisa rostligini aytibdi. Lekin qizga gʻazab bilan qarab, oʻzing rozi boʻldingku, debdi. Amir Temur qizga oʻn tillo berishni buyuribdi. Qiz umrida bunday katta pulni koʻrmagan, xursand boʻlishni ham eʼtiroz bildirishni ham bilmay hoqonning oyogʻi ostiga oʻzini tashlabdi. Amir Temur uning holatini kuzatibdi. Qizchodirdan chiqib ketibdi. Sohibqiron haligi askarga borib qizdan shu pulni tortib olib kelishni buyuribdi. Askar chopib chiqib ketibdi. Birozdan keyin soqchilar ularni hoqon huzuriga olib kelishibdi. Askar yigit oltinni ololmagan, tirnalgan yuzidan qon oqardi. Qiz: "Bu askarni qarang, shuncha qilgan nomussizligiga qaramay siz bergan oltinni ham tortib olmoqchi” debdi qoʻlidagi oltinni koʻksiga bosgancha. Shunda Buyuk bobomiz qizga qarab: "Ha-a ana endi oʻzingga kelding, qizim, agar sen nomusingi ham shu oltinni himoya qilganday himoya qilganingda edi, bunday koʻngilsizliklar boʻlmas edi”. Hoqon yigitga qarab shunday debdi: "Nafsini tiygan yigit sulton boʻlur”. Qissadan hissa shuki agar qizlarimiz iboli, hayoli, andishali boʻlsalar, yigitlarimiz mard, or-nomusli, gʻururli, halol boʻlsalar hech kim ularni nomussizlikka majbur qila olmas edilar.
Darhaqiqat, agar qizlarimiz ibo-hayoli, andishali boʻlsa, oʻzining oriyatini asrashi bu - barcha yaqinlarining, qolaversa el-yurtning oriyatini asrashi deb tushunsa, milliy urf-odat va qadriyatlarimizga hurmat bilan munosabatda boʻlsa, albatta baxtli oila qurishi shubhasiz.
Qizlarning erta turmush qurishi tibbiy jihatdan ham xatarli holat hisoblanadi. Yosh turmush qurish va erta ona boʻlish ayolning juda koʻp imkoniyatlarini cheklashi bilan birga, salomatligiga ham jiddiy xavf solishi mumkin. Shuningdek, yosh kelinchakning bir muhitdan ikkinchi muhitga koʻnikishi oʻta murakkab jarayon. Shunday paytda uning organizmida fiziologik, ruhiyatida psixologik oʻzgarishlar yuz beradi. Shunday ekan, sogʻlom oilani shakllantirishning asosiy shartlaridan biri - ayolning biologik va maʼnaviy yetuk yoshda turmush qurishidir. Qizlarning fiziologik toʻliq rivojlanishi 20-21 yoshga toʻgʻri keladi.
Qolaversa, ularning oilaviy hayotga ruhiy, jismoniy, tibbiy, maʼnaviy jihatdan tayyor emasligi bir qator salbiy oqibatlarga sabab boʻladi. Jumladan, farzandni tarbiyalash, turmush oʻrtogʻi va oila aʼzolari bilan munosabatlarni oʻrnatish, roʻzgʻor ishlarini yuritishda yosh kelin qiyinchiliklarga duch keladi.
Tugʻilajak bolaning sogʻlom boʻlishida ham ota-ona, ayniqsa, onaning yoshi asosiy oʻrin egallaydi. Psixologik nuqtai nazardan olganda, har qanday yoshda ona boʻlishning ijobiy va salbiy jihatlari bor. Maʼlumki, 21 yoshda bosh miya deyarli rivojlanib boʻladi, insonning jismoniy va psixologik holati barqarorlashadi. Shuning uchun 21-25 yoshdagi ayollarning farzandlari durkun va sogʻlom boʻlib tugʻiladi. Erta turmush qurgan yoshlarning oilasida tugʻilgan bolalar bilan har tomonlama balogʻatga yetib, hayotda oʻz oʻrnini topgandan soʻng nikoh rishtasini bogʻlagan yigit-qizlarning oilasida dunyoga kelgan farzandlarning salomatligi, intellektual darajasi va boshqa koʻrsatkichlarida katta farq boʻladi.
Xulosa oʻrnida aytish kerakki, erta turmush qurish nafaqat yosh ayolning salomatligiga salbiy taʼsir koʻrsatadi, balki uning taʼlim olishida, jamiyatdagi oʻz oʻrnini topishida ham toʻsiq boʻladi. Shunday ekan, hurmatli ota-onalar, farzandingizni bila turib muammolar girdobiga tashlamang, ularning baxtsiz boʻlishlariga sababchi boʻlmang!
Aziz yoshlar, Siz – mustaqil Oʻzbekistonimizning kelajagi, umid chirogʻisiz! Sizning barkamol insonlar boʻlib voyaga yetishlaringiz uchun mamlakatimizda barcha sharoitlar yaratilgan: 12-yillik uzluksiz bepul taʼlim tizimi joriy qilingan, yurtimizning barcha goʻshalarida zamonaviy koʻrinishdagi maktablar, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari, sport majmualari barpo qilingan, turli toʻgaraklar faoliyat yuritmoqda. Shunday ekan, yoshlik shijoatingizni oʻqib-oʻrganib, ilm va hunar egallashga sarflang! Erta turmush qurib, roʻzgʻor yukini yelkangizga olishga aslo shoshilmang!
Maryam AHMEDOVA,
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputati, tuman hokimining oʻrinbosari, Xotin-qizlar qoʻmitasi raisi.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶