USTOZLARIMIZ OMON BOʻLIShSIN!
Hayotda shunday insonlar borki, har qachon, har qanday sharoitda ham biz uchun doim mehribon, soʻzlaganda yuzlaridan nur yogʻiladi, bizni toʻgʻri tarbiyalashga, koʻnglimiz choʻksa, ovutishga tayyor turadi. Ular – ustozlarimizdir.
Xalqimizda ustoz otangday ulugʻ, degan ibora bejiz aytilmagan. Ota-onalarimiz ustozlarimizning hurmatini joyiga qoʻyishimizga, ularning sabogʻini puxta egallashimizga undashida ham oʻsha aziz insonlarga hurmat-ehtirom mujassam. Shuningdek, ustozlarga itoatkorlik, ular oldida odob saqlash, oʻgitlariga amal qilish kabi odatlarimiz qadriyat darajasiga koʻtarilgan, desak adashmagan boʻlaman.
Aslida ham bizning qanday insonlar boʻlib voyaga yetishishimizda ustozlarimizning xizmati juda ulkan.
Mana men Mangʻit Iqtisodiyot kollejining birinchi bosqichini tugatdim. Kollejga ilk bor qadam qoʻygan kunim, ilk darsga kirganim, ilk bor ustozlarimiz bilan tanishganimiz - bari-bari xuddi hozirgiday koʻz oldimda.
Oʻsha kuni faqat mengina emas, men kabi kollejda ilk bor dars mashgʻulotlariga kirgan barcha oʻquvchilar ham hayajonga asir boʻlgani shubhasiz. Chunki yangi oʻquv muassasasi, yangi guruhdoshlar, yangi ustozlar. Biroq ustozlarimizning samimiy muomalasi, jonkuyarlik bilan doʻstona muhit yaratishga intilishlari tufayli hammamiz tez kunlar ichida bir oila farzandlariday inoq boʻlib ketdik.
Bunda bizga ustozlarimiz Zulxumor opa Safarova, Gulshoda opa Masharipova, Barno opa Eshimbetovalar xuddi ota-onamizday mehribonlik ila yoʻl-yoʻriqlari bilan yaqindan yordam berdilar, dars mashgʻulotlarini puxta oʻtib, bizning fan asoslariga qiziqishimizni yanada oshirdilar.
Men shular haqida oʻylar ekanman, insonning inson sifatida shakllanishida ustozlarning oʻrni qanchalar muhim ekanligini anglaganday boʻlaman. Baxtimizga ular omon boʻlishsin, yosh avlod kamoloti yoʻlida charchashmasin.
Mastura SAʼDULLAYeVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶