YaXShI FAZILATLARIMIZ KITOB TUFAYLI
Biror yolgʻonchining musiqiy asar taʼsirida rostgoʻy boʻlib qolishi qiyin. Ota-onasining yuziga oyoq qoʻygan biror kishining musiqa asari yordamida tuzalib, mehribon farzandga aylanishiga ham ishonib boʻlmaydi. Agar yolgʻonchida jindek vijdon boʻlsa, oʻz vijdoni pushaymonlarga olib borishi va oxir-oqibatda tarbiyalashi ham mumkin. Xuddi shuningdek, ota-onasini hurmat qilmay qoʻygan bola ham hayot taʼsirida oʻz xatosini tushunib yetishi, ota-onasi oldidagi burchini his etishi, hatto kechikib boʻlsa-da, tavba qilishi mumkin. Agar biror bola notoʻgʻri yoʻlga kirgan boʻlsa, unga nasihat qilsangiz, nasihatingizni toʻgʻri qabul qilmasligi mumkin. Lekin unga biror hayotiy ibratli hikoyani oʻqib bersangiz, u oʻz qilmishidan pushaymon boʻlishi tabiiy.
Shuning uchun men oʻsib kelayotgan yosh avlod tarbiyasida kitobxonlik kechalari, "Men sevgan qahramon” mavzusidagi davra suhbatlari muhim oʻrin tutishini taʼqidlamoqchiman. Chunki, kitob inson maʼnaviy dunyosini boyituvchi eng muhim tarbiya vositasidir. Biz oʻzimiz uchun eng yaxshi fazilatlarni kitobdan olamiz.
Maqsuda QOʻChQOROVA,
Amudaryo akademik litseyi oʻquvchisi.
KOʻZGA TOʻTIYo KITOB
Ancha vaqt ilgari boʻlib oʻtgan bir vaqea meni oʻylantirib qoʻydi. Taksilar toʻxtash joyida tursam, yonimga yoshlari chamasi saksonga kirgan keksa otaxon kelib oʻtirdi, uning soch-soqoli oppoq, koʻzlarida koʻzoynak, qoʻllarida eski bir kitob bor edi. Yuzlaridan esa nur yogʻilib turardi. Otaxon oʻrindiqqa oʻtirdi-da, kitobni ochib, varaqlay boshladi. Men kitobga zimdan nazar tashladim. Kitob juda eski boʻlsa ham muqovasi oppoq qogʻoz bilan qoplangandi. Bir necha daqiqadan keyin avtobus kelib toʻxtadi. Men shoshib avtobusga chiqdim. Ortimdan asta-sekin otaxon ham avtobusga chiqdi. Avtobusda odam koʻpligidan boʻsh oʻrindiq yoʻq edi. U kishi tik oyoqda turgancha kitobni mutolaa qila boshladilar. Otaxon tik turganicha kitob oʻqiyotganiga mening bir havasim, bir rahmim kelardi. Avtobus sal boʻshab, otaxon oʻrindiqqa oʻtirib, kitob oʻqishda davom etdi. Xayolimdan "ota-bobolarimiz kitobni qanday asrab-avaylaganlar, biz yoshlar esa aksincha, uning qadriga yetmaymiz, baʼzan yirtib, iflos qilamiz, kattalarga hurmat, odob, uyalish tuygʻularidan begonalashib ketayapmiz”, – degan oʻylar kechdi.
Ota-bobolarimiz kitobni qoʻllariga olganda avval oʻpib, koʻzlariga surtib, keyin ochib oʻqiganlar, iflos joylarga qoʻymaganlar. Hozirda esa kitobni emas, aksincha televizorni, telefonni, kompyuterni, hatto uyquni afzal biladiganlar koʻpaygan. Biroq Oʻzbekistonga bilimli, aqlli, dono, sogʻlom, oʻz ona Vataniga munosib farzandlar kerak. Buning uchun yurtimizda barcha shart-sharoitlar yaratilgan, faqatgina biz yoshlar ulardan unumli foydalana bilishimiz kerak.
Chinoroy OʻRINBOYeVA.
(Foto - http://uza.uz)

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶