“BARKAMOL AVLOD” BOLALAR HAFTALIGI
Yoz mavsumi boshlanishi munosabati bilan oʻquvchilarning dam olish vaqtlarini maroqli va mazmunli oʻtkazish markazimizning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Chunki bolalarni bir zum boʻlsa-da boʻsh qoʻymasdan, ularni har daqiqadan unumli foydalanishga oʻrgatishimiz darkor. Shu maqsadda markazimizda 2-iyundan 8-iyungacha "Barkamol avlod” bolalar haftaligi oʻtkazildi. Hafta davomida bayramona bezatilgan "Barkamol avlod” bolalar markazi bolalarning chinakam begʻubor mamlakatiga aylandi. Haftalikning boshlanishi munosabati bilan "Milliylikka yoʻgʻrilgan kun” nomli tadbir oʻtkazildi. Tadbirning ochilish marosimida markazimiz direktori X.Rajabova tabrik nutqi soʻzlab, barkamol avlod kelajagimiz ekanligini, ularning tarbiyasi, kamolati, baxt-saodatga erishishi uchun kurash har birimizning burchimiz ekanligini va bu mashaqqat yoʻlida tinmay harakatda boʻlishimiz lozimligini taʼkidladi.
Bolajonlar tomonidan tayyorlangan kuy-qoʻshiqlar, bir-biridan qiziqarli tomoshalar tashrif buyurgan ota-onalar, maktab oʻquvchilari hamda toʻgarak rahbarlarining koʻnglida unutilmas taassurotlar qoldirdi. Haftalikning ikkinchi kunida "Kelajagimiz gulgʻunchalari” nomli koʻrgazmali badiiy maʼnaviy va ijodiy tadbirning oʻtkazilishi ham bolajonlarning quvonchiga yanada quvonch ulashdi. Ijodkor, shoʻx-shodon bolajonlarga sovgʻalar topshirildi. Shu bilan birgalikda "Yozgi taʼtil – bir yilga tatir”, "Sogʻlom tanda - sogʻ aql”, "Biz baxtli avlodmiz” bayram tadbirlarining boʻlib oʻtishi ham bolajonlarning qiziqishlari, intilishlari oshishiga zamin yaratib berdi.
Haftalik yakunida esa "Barkamol avlod – yurt kelajagi” nomli tadbir boʻlib oʻtdi. Tadbirda musiqiy chiqishlar, soʻz ichidan soʻz topish oʻyinlari ham bolalarga bayramona kayfiyat ulashdi. Vatan haqidagi betakror sheʼrlar ijodkor oʻquvchilar tomonidan chiroyli tarzda oʻqib eshittirildi. Davlatimiz mustaqilligining 25-yilligi kun sayin yaqinlashmoqda. Ushbu eng ulugʻ, eng qutlugʻ bayram munosabati bilan oʻquvchilar qalbida Vatanga muhabbat, faxr-iftixor tuygʻularini uygʻotishda oʻtkazilgan haftalik muhim oʻrin tutadi.
Nargiza TURSUNBOEVA,
"Barkamol avlod” bolalar markazining "Texnik ijodiyot” yoʻnalishi uslubchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶