IPAK QURTLARI UCh YoShDA
Pillachilikni yetti xazinaning biri, deyishadi. Shundanmi, ipak qurti parvarishlash bilan shugʻullanuvchi pillakorlar bu mavsumiy ishga alohida eʼtibor bilan qarashadi.
Xalqimizda yaxshi bir anʼana bor: xonadonida biron bir ezgu ish boshlashidan oldin, ayniqsa, toʻy boshlayotganlar hovli-joyini tartibga keltirib, hafsala bilan taʼmirdan chiqarishadi. Azim Qilichboyning Doʻrman ovulida yashovchi onaxon Anorgul opa Tojimova esa boshqalarda farqqli, deyarli har yili ipak qurti boqish mavsumidan oldin uy-joyida keng miqyosi obodonlashtirish va taʼmirlash ishlarini olib boradi. Barcha ichkari va tashqari xonalar, ayvonlar yaxshilab oqlanib, maʼlum muddat shamollatib qoʻyiladi.
- Ipak qurti juda nozik jonivor, - deydi opa uchinchi yoshda barglarga oʻrmalayotgan jimitdekkina moʻʼjizakor jonivorlarga barg solarkan. – Shuning uchun butun oilamiz bilan uning parvarishiga eʼtibor bilan qaraymiz.
Har yilgi mavsumda 3-4 quti jonlantirilgan urugʻni parvarishlab, moʻl pilla hosili yetishtirib kelayotgan Anorgul Tojimova bu yil marrani juda baland oldi: 200 gramm, yaʼni 15 quti ipak qurti urugʻini parvarishlashga ahd qildi. Uning bu niyatini fermer xoʻjaligi rahbari Ulugʻbek Oʻrozboyev qoʻllab-quvvatladi. Anorgul opa Tojimova parvarishlaydigan 15 quti ipak qurti urugʻi uchun avvaldan yetarli tut bargi zahiralarini yaratib berdi. Har bir quti qurt urugʻi uchun necha kilogarmm yashil tut bargi zarurligi hisoblab chiqilib, fermer xoʻjaligi hududidagi tut daraxtlaridan Anorgul opa Tojimova xonadoni uchun yetarli miqdorda ajratib berildi.
Anorgul opa Tojimova ayni kunlarda farzandlari va nabiralari, kelinlari bilan kun sayin rivojlanayotgan ipak qurti uchun dasta qoʻyish pallasiga ham qizgʻin hozirlik koʻrmoqda.
- Ipak qurti toza va sifatli pilla oʻrashi uchun qoʻyiladigan dasta ham toza va sifatli boʻlishi kerak, - deydi mohir pilakor. – Shuning uchun tabiiy sharoitda oʻsadigan Xiva supurgisi oʻsimligini koʻproq gʻamlab qoʻyganmiz. Bundan tashqari, oq shoʻra, turongul, sassiqpoya oʻsimliklari ham yaxshi dasta boʻla oladi.
Anorgul opa Tojimova bu yilgi mavsumda kamida 600 kilogramm pilla yetishtirishiga ahd qilgan. Qariyb 45-yildan beri tuman pillachilik sohasini rivojlantirishga munosib hissa qoʻshib kelayotgan Anorgul ona Tojimovaning bu yilgi tumanimiz pillakorlari orasida rekord natijaga erishishida, 600 kilogramm yuqori sifatli “kumush tola” xirmonini bunyod etishida omad tiladik.
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶