Amudaryo tumani hokimi S.Yoʻldashevning mamlakatimiz mustaqilligining 28-yilligi munosabati bilan bayram tabrigi
Bugun biz xalqimiz hayotidagi unutilmas tarixiy voqea – Vatanimiz mustaqillikka erishgan kunning yigirma sakkiz yilligini katta shodu-xurramlik bilan nishonlamoqdamiz.
Avvalo, tumanimiz ahlini, qolaversa butun xalqimizni eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz – Mustaqillik kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman!
Bundan 28-yil muqaddam biz uchun yangi davr, erkin va ozod hayotni boshlab bergan shu qutlugʻ kundan buyon xalqimiz qanday mashaqqatli va ayni vaqtda sharafli yoʻlni bosib oʻtganini yana bir bor yuragimizdan chuqur his etamiz.
Istiqlolni ato etgani, xalqimizni turli balo-qazolardan omon saqlab, bugungidek yorugʻ kunlarga yetkazgani uchun har birimiz Yaratganga shukronalar aytishimiz ham qarz, ham farz, deb oʻylayman.
Eng ulugʻ, eng aziz bayramimiz yaqinlashishi bilan oʻtgan davr mobaynida amalga oshirgan ishlarimizni sarhisob qilib, oʻzimizga yangi-yangi marralarni belgilab olishga odatlanganmiz.
Bugungi kunda yurtimizda faol investitsiya siyosati yuritilmoqda, zamonaviy korxonalar barpo etilmoqda, soliq tizimi tubdan isloh qilinib, tadbirkorlik va xususiy mulkni rivojlantirish, barcha soha va tarmoqlarda innovatsiya, ilm-fan yutuqlari, yangicha va ijodiy yondoshuvlarni joriy etishga alohida eʼtibor berilmoqda. Qishloq xoʻjaligida zamonaviy, istiqbolli tarmoqlarga asos solish, klaster tizimini yoʻlga qoʻyish, fermer xoʻjaliklarining natijadorligini kuchaytirish boʻyicha quvonarli ishlar olib borilmoqda.
Tumanimizda joriy yilda 5 ta yoʻnalish boʻyicha jami qiymati 286 mlrd. soʻmlik 203 ta loyihani ishga tushirish boʻyicha amaliy ishlar olib borilmoqda. Investitsion muhitni yaxshilash va kichik biznes hamda tadbirkorlikni rivojlantirish masalalariga qaratilayotgan eʼtibor natijasida joriy yilning oʻtgan 8 oyi davomida tuman iqtisodiyotiga salkam 1,5 mln. AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilindi. Yil yakunigacha qoʻshimcha yana 4 ta loyihaga salkam 7 mln. AQSh dollari miqdorida xorijiy investitsiyalar jalb qilinishi kutilmoqda.
Ayniqsa, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari mamlakatimizning eng chekka hududlariga ham yangilanish nafasini, bunyodkorlik ruhini olib kirmoqda. Odamlarning fikri, dunyoqarashi oʻzgarib, qishloqlarimizda turmush madaniyati oshib bormoqda. Birgina bizning tumanimizda dastur doirasida joriy yilda Qilichboy, Choykoʻl ovullarida va Beshtom mahallasida jami 29 mlrd. soʻmdan ortiq ishlarni bajarish rejalashtirilgan boʻlib, ayni kunlarda qurilish va bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari qizgʻin davom ettirilmoqda.
Aholining turmush farovonligini yanada yaxshilash maqsadida yangi ish oʻrinlarini tashkil qilish, namunaviy loyihalar asosida arzon uy-joylar qurish, muhandislikkommunikatsiya va ijtimoiy infratuzilma bilan taʼminlash, ijtimoiy soha obʼektlarini qurish va rekonstruktsiya qilish borasida ham keng koʻlamli ishlar qilinmoqda.
Shuningdek, kam taʼminlangan, nogironligi boʻlgan insonlarga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatish, fuqarolarni ijtimoiy muhofaza qilish, jamiyatning himoyaga muhtoj qatlamlarini, yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni qoʻllab-quvvatlash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bu kabi izchil islohotlar, yuksalishlarning tom maʼnoda yangi bosqichga koʻtarilishi xalqimizning bugunidan rozi boʻlib yashab, oʻz yurtining kelajagiga, oʻzining ertangi kuniga ishonchini, Vatan taqdiriga daxldorlik tuygʻularini mustahkamlamoqda.
Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 20-21-avgust kunlari Qoraqalpogʻiston Respublikasiga qilgan tashrifi davomida tumanimizni boshqa hududlar bilan bogʻlovchi ponton koʻprigi oʻrniga uzunligi 600 metr boʻlgan zamonaviy avtomobil va temir yoʻl koʻprigini qurish ishlarini kelgusi yildanoq boshlash boʻyicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar bergani, tumanimizning oʻziga xos xususiyatlari va imkoniyatlaridan kelib chiqib, uni bogʻdorchilik, toʻqimachilik va pillachilikka ixtisoslashtirish boʻyicha tavsiyalar bergani tumanimizning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ulkan yangilik boʻldi. Fursatdan foydalanib, muhtaram Yurtboshimizga bu eʼtibori va gʻamxoʻrligi uchun tumanimiz ahli nomidan chuqur minnatdorchilik izhor etaman!
Bugun yurtimizning har bir goʻshasida katta shodiyona – mamlakatimiz mustaqilligining 28-yilligi keng nishonlanmoqda. Joylarda “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” shiori ostida bayram tadbirlari koʻtarinki ruhda davom etmoqda. Shu fursatdan foydalanib, butun tumanimiz ahlini yana bir bora eng ulugʻ, eng aziz ayyom – mustaqilligimizning 28-yillik bayrami bilan chin qalbimdan tabriklayman!
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo, turmushimiz farovon, mustaqilligimiz abadiy boʻlsin!
Sultonboy YOʻLDAShEV, Amudaryo tumani hokimi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶