“VATANGA XIZMAT – ENG OLIY BAXT” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir oʻtkazildi
Mamlakatimizda 2019-yilning 15-dekabri, 2020-yilning 15-yanvari oraligʻida oʻtkazilgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularning harbiy xizmatga boʻlgan qiziqishlarini oshirish maqsadida tumanimizdagi umumiy oʻrta taʼlim maktablarida turli targʻibot tadbirlari boʻlib oʻtdi.
13-yanvar kuni “Vatanga xizmat – eng oliy baxt” shiori ostida 48-sonli maktabda boʻlib oʻtgan oylik doirasidagi tadbirdan ham oʻquvchilar koʻnglida Milliy Armiyamizga hurmat, qudratiga ishonch tuygʻularini mustahkamlash kabi maqsadlar koʻzlandi. Shuningdek, mazkur tadbir har bir yigit uchun harbiy xizmat burchini ado etish – sharafli burch ekanligini, buning uchun ular ham jismonan, ham maʼnan yetuk boʻlib voyaga yetishlari, yurtiga fidoyi, sadoqatli boʻlishlari lozimligini targʻib etishga bagʻishlandi.
Aytish joizki, hududda ushbu maktabni bitirib, ayni kunda muddatli harbiy xizmat burchini oʻtayotganlar, hayotini harbiy xizmatga bagʻishlaganlar koʻpchilikni tashkil etadi.
Har yili 14-yanvar – Vatan himoyachilari kunida muddatli harbiy xizmatni oʻtab kelgan sobiq askarlar, harbiy sohada xizmat qilayotganlar ishtirokida tadbirlar oʻtkazilib kelinadi. Shularning taʼsirida joriy yilda 10-11-sinflarda oʻqiyotgan oʻquvchilar orasida harbiy sohada oʻqib, ilm olib, yurtimiz osoyishtaligini asrashni niyat qilganlari koʻpchilikni tashkil qiladi. Ular bilan maktabning chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi Sirojiddin Kamolov qunt bilan shugʻullanib, koʻnglida burchga sadoqat, hushyorlik va ogohlik tuygʻularini mustahkamlashga harakat qilmoqda. Undan tashqari, ularni Qurolli Kuchlarimiz faoliyati, mamlakatimiz mudofaa salohiyatini kuchaytirish va harbiy xizmatning nufuzini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan muntazam tanishtirib bormoqda.
14-yanvar – Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy tadbir dastlab sinfxonada mashgʻulot tarzida boshlandi. Dars tugagach, barcha maktab hovlisiga yigʻildi va tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirni maktab direktorining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari Ilhom Qalandarov tabrik nutqi bilan ochdi.
Qutlugʻ sana munosabati bilan tantanavor ruhdagi harbiy qoʻshiq, musiqa sadolari ostida maktabning 10-,11-sinflari oʻgʻil bolalari ishtirokida harbiy mashgʻulotlar namoyish etildi. Ushbu taʼlim maskanini tugatib, harbiy soha mutaxassisi boʻlib, yurtimiz osoyishtaligiga hissa qoʻshayotgan Sohibjon Bozorboyevning onasi Omongul opa barcha yigʻilganlarni Vatan himoyachilari kuni bilan qutladi, harbiy xizmatchi onasi boʻlganligidan faxrlanib yashashini bildirdi.
Sana munosabati bilan maktab badiiy havaskorlari namoyish etgan kontsert dasturi barchaga manzur boʻldi.
Ushbu tadbirni maktab chaqiriqqa qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchisi Sirojiddin Kamolov va oʻqituvchilar jamoasi hamkorlikda tayyorlashdi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶