NAFSIGA ERGAShDI, YuZI ShUVUT BOʻLDI
Nafs balosi odamni ne koʻylarga solmaydi. Agar mehnat qilishni oʻziga ep koʻrmaydigan, dangasa odam boʻlsa-yu, ana shu nafs balosiga yoʻliqsa bormi, hayoti izdan chiqib, el ichida sharmanda boʻlishi aniq.
Tumanimizdagi mahallalardan birida yashovchi Salim Shoimov (ism-sharifi oʻzgartirildi) ana shunday, nafsini jilovlay olmagan, oqibatda nafs quliga aylanib, jinoyat koʻchasiga kirganlardan. U Rossiyada ishlab, farzandlari ehtiyoji uchun pul joʻnatib turgan xotini oʻsha tomonlarda vafot etgach, oilasini taʼminlash uchun pul topishning oson yoʻllarini izlay boshladi... va nihoyat bu “yoʻl”ni topdi. Hozir ochiq dalada nima koʻp, qoramol koʻp. Bitta-yarimtasini oʻgʻirlab, sotib yuborsa, kim bilib oʻtiribdi?
Salimboy ushbu rejasini amalga oshirish uchun yarim tunda oʻziga tegishli eshkakli qayigʻi bilan daryoning oʻng qirgʻogʻiga oʻtdi. Tun qorongʻiligida birinchi duch kelgan qoramolning qozigʻini sugʻurdi-da, qayiqqa yuklab, tezda ortiga qaytdi. “Molning izini hech kim topa olmaydi, - oʻziga-oʻzi tasalli berdi u, - oʻrtada daryo bor...”
Haqiqatan ham uning oʻgʻirligi bir muddat sirligicha qoldi. Bu orada qoramolni yaxshigina pullab, bir-ikki kun huzur qilib yashagan Salimboyning harom luqmaga havasi ortdi, nafsiga ergashib yana daryoning, oʻng qirgʻogʻiga oʻtdi. Bu gal yolgʻiz emas, voyaga yetmagan Halimboy Shoimovni (ism-sharifi oʻzgartirildi) oʻziga sherik qildi. Ikkovlon yarim tunda daryoning oʻng qirgʻogʻidan chap qirgʻogʻiga oʻtishdi, yana bir fuqaroning molxonasida bogʻlovli turgan qoramolini oʻgʻirlab, qayiqqa yuklashdi va... sotib yuborishdi.
Xalqimizda: “oʻgʻirlikning umri qirq kun”, degan ibora bor. Ota-bola tomonidan qilingan oʻgʻirlikning “umri” esa qirq kunga ham yetmay fosh boʻldi. oqibatda esa yengil hayot kechirish, ishlamay tishlashni reja qilgan Salimboy oʻz nafsining mahkumiga aylandi. Ovul-elda mol oʻgʻrisi, degan nom oldi, hamqishloqlari nazaridan qoldi.
Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudida uning bu qilmishi muhokama etilib, odil sud tomonidan jazoga tortildi. Salimboy Shoimovga jazo tayinlashda, albatta, davlatimizning kechirimlilik, insonparvarlik tamoyillariga amal qilindi. Jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlar toʻliq qoplab berilgani, qaramogʻida ikki nafar voyaga yetmagan farzandlarining borligi, oilaviy ahvoli, OFY tomonidan berilgan kafolat xati hamda uning chin koʻngildan pushaymonligi inobatga olindi va yengilroq jazoga hukm etildi.
S.DAVLETMURODOV, Jinoyat ishlari boʻyicha Amudaryo tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶