XALQ DEPUTATLARI TUMAN KENGAShINING 19-SESSIYaSI TOʻGʻRISIDA AXBOROT
Joriy yilining 26-oktyabr kuni Xalq deputatlari tuman Kengashining 19-sessiyasi boʻlib oʻtdi. Sessiya majlisida tuman hokimi oʻrinbosarlari, hokimlik masʼul xodimlari, boʻlimlar rahbarlari, xalq taʼlimi muassasalari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Sessiya ishiga tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev raislik qildi.
Sessiya kun tartibida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi muhokamasi haqidagi masala koʻrib chiqildi.
Sessiyada tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev nutq soʻzlab, soʻnggi yillarda mamlakatimizda taʼlim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, yosh avlod egalarida zamonaviy bilim va koʻnikmalarni shakllantirish, taʼlimning uzviyligi va uzluksizligini taʼminlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligi xususida toʻxtaldi. Shuningdek, tizimni yangidan isloh qilish, mamlakatimizda taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini takomillashtirish, jamiyatimizda oʻqituvchi va pedagog xodimlar, ilmiy va ijodkor ziyolilarga boʻlgan hurmat-eʼtiborni yanada oshirish, taʼlim oluvchilarning kasbiy mahoratini rivojlantirish, tizimda xususiy sektor ishtirokini kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yanada takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun eʼlon qilinganligini qayd etdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan tuman hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Mahmud Shermetovning axboroti tinglandi.
Axborotda taʼkidlanganidek, ushbu Farmon loyihasi Oʻzbekistonning yangi taraqqiyot davrida taʼlim-tarbiya va ilm-fan sohalarini yanada rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlari belgilab berilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, Farmon loyihasi bilan 2021-yil 1-maydan boshlab oʻquvchilari xalqaro fan olimpiadalarida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan umumtaʼlim muassasalari pedagoglariga toʻgʻridan-toʻgʻri oliy malaka toifasi berilishi, umumtaʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari pedagoglariga 2020-yil 1-noyabrdan boshlab sinf rahbarlari uchun toʻlovlar 1,5 barobarga oshirilishi koʻzda tutilgan.
Shuningdek, Farmon loyihasida koʻrsatilganidek, 2024-2025 oʻquv yiliga qadar faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan umumiy oʻrta, oʻrta maxsus va professional taʼlim muassasalari pedagoglarining oylik maoshi mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdorining 15 baravarigacha bosqichma-bosqich oshirilib borilishi esa oʻqituvchilarning mehnatini munosib ragʻbatlantirish imkonini beradi hamda ularni oʻz ustida yanada koʻproq ishlashga undaydi.
Sessiya majlisida kun tartibiga qoʻyilgan masala yuzasidan xalq taʼlimi muassasalari rahbarlari, Xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlarining fikr-mulohazalari, takliflari tinglandi. Soʻzga chiqqanlar taʼkidlaganlaridek, ushbu qaror loyihasi taʼlim jarayoni ishtirokchilari boʻlgan taʼlim beruvchi hamda taʼlim oluvchiga birdek yuksak masʼuliyat yuklashi bilan birga, koʻplab yangi imkoniyat va sharoitlar yaratadi. Xususan, farmon loyihasida 2022−2023 oʻquv yilidan boshlab, umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim muassasalari va kasb-hunar maktablari bitiruvchilarining shahodatnomasi, diplom ilovasidagi majburiy 11-yillik taʼlimning soʻnggi 6-yillik baholarining oʻrtacha koʻrsatkichi kiritilib, ushbu koʻrsatkich oliy taʼlim tashkilotiga kirish imtihonlarida inobatga olinishi taʼkidlangan. Qolaversa, 2021-yil 1-apreldan boshlab, hududiy xalq taʼlimi boʻlinmalari metodistlarining ish haqi miqdori oliy toifali oʻqituvchining bazaviy tarif stavkasi miqdoriga tenglashtirilishi koʻrsatilgan.
Shu bilan birga oʻquvchilarining 95 foizi va undan ortiq qismi oliy hamda professional taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan va ishga joylashgan direktorlarga – 12 baravar, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosarlariga – 6 baravar hamda oʻquvchilarining 85–89 foiz qismi oliy hamda professional taʼlim tashkilotlariga oʻqishga qabul qilingan va ishga joylashgan direktorlarga – 6 baravar, direktorning oʻquv ishlari boʻyicha oʻrinbosarlariga – 3 baravar miqdorida mehnatiga xaq toʻlanishi belgilangan.
Sessiya majlisi yakunida tuman Kengashi deputatlari oʻzlari saylangan saylov okruglarida maktab rahbarlari, oʻqituvchilar hamda mahalla faollari bilan birgalikda Prezident Farmoni loyihasining mazmun-mohiyati boʻyicha tushuntirish ishlari olib borishlari, aholining fikrlarini umumlashtirib tuman Kengashiga takliflar berishlari lozimligi qayd etildi.
Sessiya kun tartibidagi masala yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Tuman hokimligining Axborot xizmati.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶