Biometrik pasportni ID-kartalarga almashtirishdagi vazifalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi
Mamlakatimizda axborot tizimini jadal rivojlantirish, aholiga davlat xizmatlarini koʻrsatishda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanish, turli axborot tizimlarida va masofaviy xizmat koʻrsatishda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish davr talabiga aylanmoqda. Shuni inobatga olgan holda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 26-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining xorijga chiqish biometrik pasportini rasmiylashtirish va berish tizimini yaratish ham Oʻzbekiston Respublikasi biometrik pasport tizimini modernizatsiya qilishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 4079-sonli qarori bilan respublikaning mavjud biometrik pasport tizimi infratuzilmasi negizida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining 2011-yildan joriy etilgan namunadagi biometrik pasporti oʻrniga 2021-yildan boshlab, identifikatsiya ID-kartalarini berish tizimi joriy etiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida idektifikatsiya ID-kartalarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 2020-yil 9-sentyabrda qabul qilgan 6065-sonli Farmoniga muvofiq amaliyotga joriy etilayotgan bu yangi tartibga koʻra, identifikatsiya ID-kartalarini olish va almashtirish uchun Oʻzbekiston fuqarolari, oʻz ixtiyoriga koʻra, xohlagan ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmalariga, ularni almashtirish uchun esa Davlat xizmatlari markazlariga murojaat qilishlari mumkin.
Yaqinda tuman Ichki ishlar boʻlimida Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasida biometrtik pasport oʻrniga yangi identifikatsiya ID-kartalarini berishni yoʻlga qoʻyishga tayyorgarlik koʻrish mavzusida yigʻilish oʻtkazildi.
Yigʻilishda tuman prokurori Javlon Muftullayev, tuman Ichki ishlar boʻlimi boshligʻi oʻrinbosarlari Sulton Jarilkaganov, Baxtiyor Oʻrozov, jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi Sultonmurod Davletmurodov, tuman Ichki ishlar boʻlimi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi xodimi Alisher Rajabovlar ishtirok etdilar va kun tartibidagi masala boʻyicha oʻzlarining fikr-mulohaza, takliflarini oʻrtaga tashladilar.
Yigʻilishda taʼkidlanishicha, 2020-yilda Ichki ishlar boʻlimi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi xodimlari sohaviy xizmat xodimlari bilan “Spitamen”, “Antiterror - tozalash”, “Pasport-viza” tadbirlarida tumanda qonun buzilishi holatlarining oldini olishda faol qatnashgan, 168 nafar fuqaroga pasport tizimi qoidalariga rioya qilmagani uchun maʼmuriy chora koʻrilgan. Joriy yilning 11 oyi davomida pasport tizimi boʻyicha murojaat qilgan 2985 nafar fuqarolarning muroajaatlari ijobiy hal qilingan.
Shuningdek, tumanimizda MDH davlatlaridan 294 nafar fuqarolar vaqtincha boʻlib, qaytib ketishdi bu borada qonun buzilish holatlari aniqlanmadi.
Albatta, Tuman Ichki ishlar boʻlimining Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boʻlinmasi tomonidan identifikatsiya ID-kartalarini berish jarayoni ham oʻziga xos masʼuliyat va tayyorgarlikni talab etadi. Boʻlinma xodimlari ham butun imkoniyatlarini fuqarolar murojaatlarini oʻz vaqtida koʻrib chiqib, ijro etishga sarflaydi.
Yigʻilishda bu boradagi vazifalarni ado etish yuzasidan qarorlar qabul etildi.
O.RAJABOVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶