OʻQUVChI-YoShLAR BARKAMOL BOʻLIB YeTIShIShIDA SINF RAHBARLARINING ROLI KATTA
Maktabda oʻquvchi-yoshlarni maʼnan yetuk va jismonan barkamol qilib tarbiyalashda fan oʻqituvchilari bilan bir qatorda sinf rahbarlarining ham roli katta ahamiyatga egadir. Sinf rahbarlari oʻquvchilarning ota-onalari bilan hamkorlikda ularning tartib-intizomi va qiziqishlarining shakllanishida ishtirok etadilar. Oʻquvchilarning qobiliyatlari va qiziqishlaridan kelib chiqib, ularni maktabda mavjud fan toʻgaraklariga jalb qiladi. Maktabda va darslarda qatnashish davomatini nazorat qiladi.
Bugungi kunda oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya berish bilan bir qatorda ularni kasbga oʻrgatish ishlari maktab davridan yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu borada koʻpchilik ota-onalar farzandlarining qaysi fanga, qaysi kasbga qiziqishini koʻpincha ikkinchi darajaga qoʻyishadi. Mana shunday paytda ota-onadan koʻra koʻproq sinf rahbarlari ularning qiziqishlarini toʻgʻri baholab, keyingi hayotda oʻz oʻrinlarini topishida koʻmakchi boʻladilar. Boʻsh vaqtlarining mazmunli tashkil etilishi va turli xil tarbiyaviy ahamiyatga ega boʻlgan mashgʻulotlar bilan band boʻlishini taʼminlab, turli xil oqimlar taʼsiridan himoya qiladi.
“Sinf rahbarlari toʻgʻrisida”gi nizomda yangidan qabul qilingan va sinf rahbarlarining oʻquvchi, ota-ona va mahalla bilan hamkorlikda olib boriladigan ishlari hamda vazifalari belgilab berildi. Oldinlari sinf rahbarlari oʻquvchilarning uylariga borish, ularning darslarga kelmaslik sabablarini aniqlash, bular haqida amaldagi ishidan koʻra ortiqcha qogʻozbozlik uchun asosiy ish vaqtini sarflagan boʻlsa, endilikda bular soddalashtirildi. Maktabda muhim sanalarga bagʻishlab oʻtkaziladigan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va ularning natijadorligini oshirish maqsadida, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq sinf rahbarining rahbarlik qilayotgan sinf oʻquvchilarning tadbirlardagi ishtirokiga qarab baholanadigan, unga tegishli tartibda ustama haqlari belgilanadigan boʻldi.
Sinf rahbarlarini moddiy-qoʻllab quvvatlashni kuchaytirish borasida 2020-yil noyabr oyidan, ularning sinf rahbarligi uchun toʻlanadigan qoʻshimcha haqlari 50 foizga oshirildi. Bu kabi davlatimiz tomonidan qilinayotgan eʼtibor, ularning oʻz ishlariga boʻlgan masʼuliyatini chuqur anglab, vazifalariga sidqidildan yondashishlari uchun kuch-gʻayrat bagʻishlaydi.
Yalgʻashboy ShOMURODOV, 26-sonli maktab direktori, Oʻzbekiston xalq taʼlimi aʼlochisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶