SINF RAHBAR - IKKINChI ONA
Bola ilk marotaba maktab ostonasiga qadam qoʻygan onlaridanoq uni oʻz farzandidek koʻrib, bagʻriga olib, taʼlim-tarbiya beruvchi ulugʻ zot bu - Ustozdir.
Ayniqsa, boshlangʻich sinflarda sinf rahbarining roli, mehnati juda katta. Chunki oʻquvchi birinchi sinfga kelgan payti yozilmagan oq qogʻozdek boʻladi. Sinf rahbarining mehri, taʼlim-tarbiyasi ila yozishni, oʻqishni, hisob-kitobni va tabiatdagi hodisalarni oʻrganadi. Sinf rahbari bular bilan cheklanib qolmay, maktabda, koʻchada, jamoat joylarida oʻzini tutishni, odob-axloq qoidalari, kattalarni hurmat qilish, kichiklarni izzat qilish, bir-birlari bilan doʻst-inoq boʻlish, muhtojlarga yordam berish kabi sifatlarni oʻquvchilarning ong-u shuuriga singdiradi . Shuning uchun ham boshlangʻich sinf oʻquvchilari sinf rahbarini oʻzlarining ikkinchi onasidek bilib, hurmat qilishadi va mehr koʻrsatishadi.
Bir paytlar oʻzim ham birinchi sinfga qadam qoʻyganimda ustozim, sinf rahbarim, Darmonjon opa Xoʻjayeva meni oʻzining jajji qizalogʻidek koʻrib, mehr ila qoʻllarimdan tutib, yozishni oʻrgatgan. Aʼlo baholarga oʻqisam quvongan, sal oqsasam, xato va kamchiliklarimni toʻgʻrilashga yordam bergan. Ustozimning yurish-turishi, oʻzini tutishi, gapirishi, mehribonligi, kiyinish odobi, qoʻyingki, barcha xislatlari men uchun ibrat boʻlgan. Oʻsha paytlardayoq mening murgʻak qalbimda birinchi ustozim kabi ustoz boʻlish orzusi tugʻyon urgan.
Yillar oʻtib, oʻqib-oʻrganib, institutni bitirgach, bu orzuimga yetdim. Oʻzim ham boshlangʻich sinf oʻqituvchisi boʻlib ish boshladim. Bu yil birinchi qaldirgʻochlarimni yuqori sinfga kuzatayapman. Ularga qarab turib har biri oʻz farzandimdek boʻlib qolganini his qilaman. Har bir oʻquvchimning birinchi sinfga kelgan paytlari koʻz oʻngimdan oʻtadi. Shu toʻrt yil mobaynida ularning kelajakda jamiyatimizga foydasi tegadigan yetuk inson boʻlishlari va hayotning past-balandliklarida qoqilmasliklari uchun qoʻlimdan kelgancha taʼlim-tarbiya berdim, deb oʻylayman.
Oʻquvchilarimning har biri oʻziga xos olam. Ularning qiziqishlari, intilishari, orzu-niyatlari oʻzgacha. Barchasiga kelgusi oʻqishlarida omadlar tilab, Oʻzbekistonimizning bayrogʻini yuksaklarga koʻtaruvchi insonlar boʻlib yetishishlarini Allohdan soʻrab qolaman.
Shahlo ABDOLBOYeVA, 12-sonli maktabning boshlangʻich sinf oʻqituvchisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶