Tinch va osoyishta kunlar shukronasi
Har gal Mustaqillik bayrami yaqinlashgan sari koʻnglim yorishib ketadi. Shunday tabarruk kunlarga yetkazganiga shukronalikdan quvonaman.
Umr boʻyi tumanimiz ishlab chiqarishining turli sohalarida baholi qudrat, el-yurt farovonligi yoʻlida mehnat qildim. Bir narsa koʻnglimga taskin beradi doim. Bu – aziz xalqim oldida yuzim yorugʻligidan. Bugungi farovon obod kunlarga biz osonlikcha erishmadik. Har bitta oilaning bir jiddiy tashvishi boʻlardi. Kimnidir iqtisodiy yetishmovchilik, kimnidir maʼnaviy kamsitilish qiynardi. Hukumatdan yer olib, ter toʻkib hosil yiqqan dehqon kuzda yer bergan "hotamtoy hukumat”ga "goʻsht plan” uchun mol, "sariyogʻ plan” va "tuxum plan” uchun bolalarning rizqini qiyib sariyogʻ bilan tuxum topshirardi. Oʻziga esa... Oʻziga tom boshi toʻla joʻxoripoya bilan gʻoʻzapoya qolardi, xolos. Kimlardir oʻylab topgan har xil "plan-plan”larni biz ham bajarishga majbur edik.
Bugun bunday maʼnisiz "plan”lar yoʻq. Xudoga shukur, Prezident Farmoni bilan kafolatlangan oʻz xususiy tomorqamizda yetishtirgan mahsulotlarning barchasi oʻzimizniki. Qoʻralarimiz mol-holga, qoʻy-qoʻzi-yu parrandaga toʻla.
Keksayib, ishga layoqatimiz pasaysa, davlat nafaqa tayinlayapti. Oʻgʻil-qizlarimiz jahon andozalariga mos taʼlim-tarbiya olishayapti. Bozorlarimiz toʻkin, hayotimiz farovon. Tadbirkorlik qilish niyatimiz boʻlsa, davlat oʻz himoyasiga olayotir, gʻamxoʻrlik koʻrsatayotir. Bundan ortiq baxt bormi inson uchun! Eng muhimi, yurtimizda tinchlik-osoyishtalik, Xalqimiz oʻzaro ahil, mehr-oqibatli. Ahillik va mehr-oqibat hokim boʻlgan joyda fayz-baraka va taraqqiyot boʻladi. Ana shunday oʻsish, rivojlanish, taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlayotgan Oʻzbekiston fuqarosi ekanligimdan hamisha faxrlanaman, shuronalar aytaman.
Yangiboy RAJABOV,
mehnat faxriysi,
"Qangli” ovuli.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶