Atrof muhit bu-oʻzimiz yashaydigan ona yurt
Bizning uyimiz Mangʻit arna kanaliga yaqin hududda joylashgan. Yilning toʻrt faslida ham kanal sohilidagi yoʻl boʻylab shahar markazidagi jonajon maktabimga oʻqishga boraman. Ayniqsa, jazirama yoz faslida Mangʻit arna sohilida yurish juda huzurbaxsh. Shovullab oqayotgan suv salqini jazirama issiq taftini bosadi. Tanga xush yoquvchi salqin shamol esib turganini koʻrsangiz, xuddi moʻʼjizaning oʻzi, deysiz.
-Arna suvi tabiiy sovutgich,-deydilar doim dadam. - Bu neʼmatning qadriga yetishimiz kerak. Bizning mamlakatimizdagiday toza ichimlik suvini dunyoning koʻpchilik mamlakatlaridan topish mushkul.
- Qanchalar jannatmakon yurtimiz, uning boy tabiati bor-a!- deyman shunday davlatda yashayotganligimdan gʻururlanib.
Har yili erta koʻklamda hovlimizdagi bogʻimizga turli xil mevali daraxt koʻchatlari oʻtqazamiz. Keksaygan daraxtlarni dadam avaylabgina qaychilab, shakl beradilar. Bogʻimizdagi xazonlarni yigʻib, uzum toklarini koʻmish paytida paydo boʻlgan chuqurlarga tashlab chiqamiz.
- Bular bahorda toklarni ochish paytida koʻmilib qoladi va tabiiy chirindi, fosforga aylanadi, -deb oʻrgatadilar dadam.
- Tabiat – onamiz. U bizga toza havo, turli noz-neʼmatlar ato etadi,-deya taʼlim berishadi ustozlarimiz.
Xazon yoqish – yer ekologiyasini buzishini, dov-daraxtlar zarar koʻrishini, eng yomoni, atrof-muhit zararli is gazidan ifloslanishini birinchi sinfdaligimizdayoq ustozlarimiz bizga qayta-qayta uqtirishgan. Shuning uchun biz oʻzimiz yashaydigan hovlimizni hamisha toza tutishga harakat qilamiz. Qolaversa, Konstitutsiyamizda ham har birimiz atrof muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishimiz zarurligi taʼkidlangan. Atrof muhit bu - oʻzimiz yashaydigan oila, mahalla - ona Yurt.
Ona Vatanimizning har jihatdan goʻzal, havosi musaffo, daryo-yu anhorlarida oquvchi zilol suvlari toza boʻlsa, oʻzimiz sogʻlom, ona zaminimizda hayot bardavomdir.
Qunduzoy Yusupova,
"Kamalak yulduzlari” bolalar ijodiyoti
festivalining Oʻzbekiston Respublikasi bosqichi gʻolibi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶