“MEHR” AKTsIYaSI DOIRASIDA EHTIYoJMAND OILALARDAN XABAR OLINDI
Yangi yilning kirib kelishi xalqimizni nafaqat quvonchlarga oshna qiladi, balki yangi rejalar tuzish, oʻzaro mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlash, xayr-u saxovatli boʻlish sari ruhlantiradi. Shuning uchun ham Yangi yil bayrami arafasida, ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan oilalar aʼzolari, yurtimizning mehr-muhabbatga, hurmatga munosib nuroniylari holidan xabar olish, ularga bayramona kayfiyat bagʻishlash doimiy anʼanaga aylangan.
Yangi yil bayrami arafasida, 2022-yilning 30-dekabr sanasida Oʻzbekiston xalq demokratik partiyasi Amudaryo tuman Kengashi raisi Mahmud Eshmanov rahbarligida mazkur partiyadan saylangan deputatlar tomonidan “Mehr” harakati aktsiyasi doirasida xayr-saxovat tadbirlari amalga oshirildi.
Xususan, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Amudaryo tuman Kengashi deputati, 31-sonli umumtaʼlim maktabi direktori Nilufar Davletova partiyaning Amudaryo tuman Kengashi raisi Mahmud Eshmanov bilan birgalikda Mangʻit shahrining Doʻstlik va Durunki mahallalarida istiqomat qiluvchi yakka-yolgʻiz, ehtiyojmand yurtdoshlarimiz holidan xabar olishib, ularga Yangi yil tabriklarini yoʻllashdi, bayram sovgʻalari, turli xil oziq-ovqat mahsulotlarini hadya qilishdi.
Mahmud Eshmanov va Nilufar Davletova dastlab, Doʻstlik mahalla fuqarolar yigʻinida istiqomat qiluvchi Nurilla Xudoyorov va Fayzulla Xudoyorov xonadonlarida boʻlishdi va ularning oila aʼzolarini yangi yil bayrami bilan tabriklab, bayram dasturxoni uchun vitaminlarga boy, sarxil oziq-ovqat mahsulotlarini topshirishdi. Shundan soʻng, mazkur mahallada yashovchi yakka-yolgʻiz fuqaro Rajab Rahimovning ham holidan xabar olishdi. Rajab Rahimovga bayramona kayfiyat bagʻishlash, uning ruhiyatini koʻtarish maqsadida samimiy, dildan muloqot oʻtkazdilar hamda Rajab Rahimovga Yangi yil bayrami dasturxonini bezatish uchun zarur boʻladigan oziq-ovqatlar toʻplamini sovgʻa qildilar.
“Mehr” harakati aktsiyasi doirasida Mahmud Eshmanov bilan Nilufar Davletova Durunki mahalla fuqarolar yigʻini hududida istiqomat qiluvchi Qurbonboy Samandarovning xonadoniga ham tashrif buyurishdi. Qurbonboy Samandarovning yashash sharoiti, sogʻligi bilan yaqindan tanishib, muammolarini oʻrganishdi. Shu bilan birga tadbir davomida Qurbonboy Samandarovning ham kayfiyatini koʻtarish, bayramona ruh bagʻishlash maqsadida samimiy tabriklar yoʻlladilar. Yaqinlashib kelayotgan Yangi yil bayrami bilan muborakbod etishib, otaxonning bayram dasturxoni uchun shirinliklar, vitaminlarga boy turli noz-neʼmatlar, sharbatlar va kundalik oziq-ovqat mahsulotlarini tuhfa etdilar.
“Mehr” harakati aktsiyasi doirasida amalga oshirilgan mazkur tadbirdan nafaqat ehtiyojmand va yakka-yolgʻiz insonlar, ularga mehr koʻrsatilgani uchun mahalladoshlari va qoʻni-qoʻshnilari ham mamnun boʻldilar.
Robiya Yoʻldosheva.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶