MILLIY ARMIYaMIZ NUFUZI VA SALOHIYaTI YuKSALMOQDA
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda mudofaa sohasini isloh qilish, Qurolli Kuchlar jangovar qobiliyatini yuksaltirish borasida uzluksiz islohotlar olib borilayotir. Natijada bugungi kunda davlatimiz suverenitetini, chegaralarimiz daxlsizligini, tinchlik-osoyishtaligini ishonchli taʼminlay oladigan, har qanday tahdidlarga qarshi tura oladigan milliy armiyamiz shakllandi.
Oʻzbekiston Qurolli Kuchlari dunyoning eng kuchli armiyalari reytingida 145 davlat orasida 62-oʻrinni egallagani fikrimiz dalilidir.
Amudaryo tuman Mudofaa ishlari boʻlimida ham ishlar bugungi kun talablari darajasida olib borilishi uchun barcha imkoniyatlar safarbar etilayapti.
Oʻzbekiston Respublikasi “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat toʻgʻrisida”gi Qonuni va Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi yoshlarni harbiy xizmatga chaqirish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qarori, “Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlikni tashkil etish va uni amalga oshirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablari asosida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bunda yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy armiyamizning Vatanimiz sarhadlarini sergaklik bilan himoya qilayotgani, Vatanini asrash har bir oʻgʻlonning burchi ekanligi, mamlakatimizda uzluksiz harbiy taʼlim tizimida “Temurbeklar maktabi”, Oliy harbiy taʼlim muassasalari faoliyat yuritayotgani, ularda taʼlim olgan yoshlar harbiy xizmat sohasida ishlab, yurtimiz tinchligini, osoyishtaligini saqlashga munosib hissa qoʻshayotgani keng targʻib etilmoqda.
Chaqiruvga qadar boshlangʻich tayyorgarlik fani oʻqituvchilari bu borada faol mehnat qilishayapti. Taʼlim muassasalarida yoshlarning jismoniy chiniqishi uchun zarur sport jihozlari mavjudligi ularni chaqiriqqacha tayyorlash ishlarini sifatli olib borishga asos boʻlayotir.
Boʻlimimiz tomonidan oʻtgan yil mobaynida umumiy oʻrta taʼlim maktablarida oʻsmirlarni chaqiriqqacha tayyorlash boʻyicha 78-marta tadbirlar oʻtkazildi, shuningdek, baynalmilal jangchilar bilan uchrashuvlar tashkil etildi, “Yosh chegarachilar” harbiylashtirilgan sport musobaqalari oʻtkazildi.
Ushbu musobaqada 6-sonli maktab jamoasi tumanda birinchi, respublikada faxrli uchinchi oʻrinni egalladi.
Yoshlarni uzluksiz harbiy taʼlimga jalb qilish borasidagi targʻibot ishlari muntazam olib borilayotganligi natijasida 2022-yilda 9 nafar yoshlar Oliy harbiy taʼlim muassasalariga, 8 nafar yoshlar “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseylariga oʻqishga qabul qilindilar. Biz ularning kelgusida Qurolli Kuchlarimiz safida sadoqat bilan xizmat qilishiga, mudofaa salohiyati oshishiga hissa qoʻshishiga ishonamiz.
Boʻlimimiz tomonidan armiyamiz saflarini munosib oʻgʻlonlar bilan toʻldirish maqsadida muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilar belgilangan tartibda tanlab olinishiga ulkan eʼtibor qaratilmoqda.
Armiya va xalq yakdildir. Shu boisdan ham 14-yanvar – Vatan himoyachilari kunini xalqimiz keng tantana qiladi.
Tumanimizning butun aholisini ushbu qutlugʻ kun bilan tabriklayman. Yurtimiz tinch, onalar koʻngli xotirjam boʻlsin!
Sherzod MURODOV,
tuman Mudofaa ishlari boʻlimi boshligʻi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶