BAGʻRI OBOD OILA
Inson borki, doimo shirin orzular ogʻushida yashaydi. Ana shu orzulari tufayli hayot qoʻygan sinovlarni yengib oʻtishga odatlanadi. Bugun kechagidan koʻra yaxshiroq yashashga intilish odamzot uchun irsiyat. Mehnatsevarlik esa bobomeros qadriyat.
Amir Temur nomli ovulda aynan ana shu omillar bois, oʻz hayotlarini oʻzgalar havas qilarli darajada halol mehnati, intilishi va orzulari asosiga qurib baxtiyor yashayotgan oilalar koʻp.
Amudaryo tumanining boshqa qishloq va mahallalaridan farqli oʻlaroq Amir Temurliklar oʻzbek, qoraqalpoq turkman va qozoq oilalar koʻpligi, bundan ham eʼtiborlisi, barcha millat vakillarining ahil-inoqligi, oʻta mehnatkashligi bilan ajralib turishadi. Biz ijodiy guruhimiz bilan ovuldagi Quvvat ogʻa Sapargeldiyev oilasida boʻlganimizda buning yaqqol guvohi boʻldik.
Ota-bobolari yerga mehr berib, dehqonchilikdan rizq-nasibasini undirib oʻtgan Quvvat ogʻa ham esini taniganidan beri shu ovul ahliga el boʻlib, hamqishloqlari bilan birgalikda halol mehnat qilib keladi. Umr yoʻldoshi Kichikgul Murodova esa hamisha umr yoʻldoshiga yelkadosh.
Birgalikda Amir Temur nomli jamoa xoʻjaligi dalalarida mehnat qilishdi. Har yili 4-5 gektarlab gʻoʻzani parvarishlab, tozalashgacha boʻlgan ishlarni birgalikda bajarishdi. Dala ishlarida, ortib tomorqa xoʻjaligini yuritgan Quvvat ogʻa bilan Kichikgul eje vaqt oʻtib, birovdan oldin, birovdan keyin, deganlariday, qilgan mehnatlarining samarasini koʻrishdi. Birin-ketin tugʻilgan ikki oʻgʻil, ikki qizni mehnatkash, intiluvchan, oʻqimishli insonlar qilib tarbiyalashdi. Oila bagʻri obod, koʻngillar shod boʻldi.
Uy-roʻzgʻor tashvishlari, deb oʻzlari oliy maʼlumot olish orzusini bir chetga surib qoʻyib, dala ishlari, dehqonchilik bilan mashgʻul boʻlganidanmi, ilmli boʻlish orzularini farzandlari kamolida koʻrishdi. Katta oʻgʻillari Gurbannazar ovuldagi 25-sonli maktabda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha direktori oʻrinbosari, qizlari Ejemoyi qoraqalpoq tili oʻqituvchisi, Aysoʻna esa boshlangʻich sinf oʻqituvchisi. Oila safiga yaqindagina kelib qoʻshilgan goʻzal kelinchak Oʻgʻilsafar qoraqalpoq, oʻzbek, turkman tillarini mukammal biluvchi tarix fani oʻqituvchisi. Kenja oʻgʻil Shohnazar esa ayni paytda talaba, Qoraqalpoq Davlat universitetining ingliz tili fakultetida tahsil olmoqda.
– Allohga shukur, – deydi Kichikgul eje mamnuniyat bilan, – hozir avvalgiday yetar-yetmaslik yoʻq. Farzandlarimning barchasi oliy maʼlumotli, har oyda maoshini otasiga olib kelib berishadi. Oʻylashib-kengashib ish qilishadi.
Turkman oilalarning deyarli barchasida farzandlarga atab ota-ona shaxsiy hadyalar, oʻgʻil-qizlar esa boʻlgʻusi oilalari uchun oʻz qoʻllari, halol mablagʻlaridan zarur buyumlar tayyorlashadi. Kichikgul eje bu borada farzandlariga yaqin maslahatgoʻy. Yangi kelinchak Oʻgʻilsafar qaynsingillariga, qaynonasiga bu borada yordamchi.
– Ejemoyi qizim oʻzbek oilasiga kelin boʻldi: quda-qudagʻaylarim, kuyovim biri-biridan yaxshi, – mamnunligini yashirmaydi Kichikgul eje.
Endi Aysoʻnajon qizining baxtini oʻylayotgan ejejonning kelin-u qizlari oʻz qoʻllari bilan tikkan dasturxon, koʻrpacha-yu toʻqilgan kiyim-kechaklarning har birini mehr bilan taxlab, zarur maslahatlar beradi.
Turkman millatiga xos havasga munosib bu anʼanaga koʻra, qiz-u kelinchaklar albatta milliy-maʼnaviy urf-odatlarga amal qilishi, milliy liboslarini hurmat va eʼtibor bilan kiyib yurishlari shart. Kichikgul eje tarbiyasini olgan qizi Ejemoyi garchi oʻzbek oilasiga kelin boʻlsa-da, turkman millatiga xos milliy liboslarini aslo yechmaydi. Goʻzal qiz Aysoʻna esa egnidagi milliy libosi bilan yanada goʻzal, latofatli, havasga munosib!
Oiladagi oʻzaro ahillik, mehr-oqibat, mehmondoʻstlikni koʻrib,toʻgʻrisi, havas qildik. Ana shu ahillik bois, bugungi kunda oilaning oʻz chorva-yu parrandasi, ziroatga boy tomorqa xoʻjaligi, tomorqa xoʻjaligidan ortib, bozor rastalari orqali oila byudjetiga kiradigan halol daromadi moʻl.
Hovlining bir chetida Quvvat ogʻaning xususiy traktori bahorgi yer ishlariga taxt holatda turganidan bildikki, Quvvat ogʻa oʻz texnikasi bilan ovuldoshlarining ogʻirini yengil qilishdan aslo ogʻrinmaydi. Qolaversa, xususiy traktori tufayli oila iqtisodi hamisha barqaror.
– Kobalt rusumli avtomobil olish uchun navbatga yozildik, – quvonchini yashirmaydi Gurbannazar.
Insonning hayotdan koʻngli toʻq yashashi uchun aslida bundan ortigʻi boʻlmasa kerak. Quvvat ogʻa bilan Kichikgul eje ahillikda tuzgan oila saltanatida ular orzu qilgan hamma narsa bor – oʻzaro mehr-oqibat, bagʻrikenglik, halol va fidoyi mehnat evaziga kelgan kamtarin boylik, farzandlar kamoli! Bu – totuvlikning, birini-biri jigarbandim, deb qabul qilguvchi, oʻrtalaridagi mehr-muhabbat rishtalaridan kuch olib yashaguvchi et bilan tirnoq qon-qarindoshlikning buyuk ifodasidir!
Robiya YOʻLDOShEVA.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶