DOʻRMAN OVULIDA “ASSALOM NAVROʻZ!” DEB NOMLANGAN NAVROʻZ SAYLI OʻTKAZILDI
Oʻlkamizda soʻlim bahor. Hammayoqda goʻzallik, yangilanish, yasharish. Yoshu-qari, barcha-barchaning qalbida shodlik, bayramona quvonch. Yurtimizning har bir goʻshasida, har bir ovul va mahalla, xonadonlarda Navroʻz shukuhi. Shunday shodiyona kunlarda shoʻx kuy va qoʻshiqlar yanada avjida.
Barcha joylarda boʻlgani kabi Amudaryo tumanining chekka hududlaridan boʻlgan Doʻrman ovulidagi 20-sonli maktabda ham “Assalom, Navroʻz!” deb nomlangan katta bayram sayli oʻtkazildi. Sayilga maktab oʻqituvchi va oʻquvchilari, faxriylar, ovul aholisi tashrif buyurishdi.
Tadbirni maktab direktori Jahongir Matnazarov ochib berdi va doʻrmanliklarni bayram bilan muborakbod etdi. U oʻz soʻzida Navroʻz tarixi haqida gapirib, fors tojik tilidan olingan Navroʻz soʻzi yangi kun, degan maʼnoni anglatishini, Oʻrta Osiyo va Yaqin sharq xalqlarining qadimiy anʼanaviy yangi yil bayrami hisoblanishini aytib oʻtdi.
Taʼkidlanganidek, Navroʻz juda qadimdan nishonlana boshlagan. Navroʻz bahorgi tun va kunning tengligiga, yaʼni 21-22-martga toʻgri keladi. Sharq xalqlarining azaliy va milliy bayrami boʻlgan Navroʻz 4 ming yilik tarixga ega. Navroʻzning kelib chiqishi va shakllanishiga oid qimmatli manbalar Zardushtiylik muqaddas kitobi hisoblangan “Avesto”, mashhur qomusiy olim Abu Rayhon Beruniy, Umar Xayyom, Abdulqosim Firdavsiy, Nasiriddin Rabgʻuziy, Yusuf Xos Hojib, Alisher Navoiy kabi mutafakkirlarimizning qimmatli maʼlumotlarda keltirilgan. Navroʻz – muhabbat, doʻstlik, poklik va insonparvarlik ayyomi sifatida ulugʻlanadi.
Doʻrman ovulida oʻtkazilgan Navroʻz tantanasida maktab oʻquvchilari tomonidan tayyorlangan musiqiy dastur namoyish etildi. Bahoriy liboslar kiygan qizlar ijrosidagi raqslar, kuy va qoʻshiqlar bayramga fayz kiritdi. Dastur davomida davraga Navroʻzoyning kirib kelgani tomoshabinlarni yanada quvonchga toʻldirdi. U har bahorda Navroʻz tantana qilishini aytib, yashnash, yasharish bayrami tabiatning uygʻonishi bilan bogʻliq ushbu yangi kunning boshlanishi bilan barchani muborakbod etdi. Shu bilan birga bahordagi bu anʼana xalqimizni hech qachon tark etmaganini, aksincha Navroʻz sayli yil sayin takomillashib, sayqallanib, boyib borganini eʼtirof etdi.
Navbat adras-u atlaslar makoni Margʻilon joylashgan vodiyga xos milliy ohanglar, kuy va qoʻshiqlarga berilganida tomoshabinlarning ham zavqi oshdi, sayilga kelganlar davrani toʻldirib, raqsga tushishdi. Bu hammaga yanada koʻtarinki va bayramona ruh baxsh etdi.
Bayram tadbiri davomida xalqimizda kelayotgan qadimiy udumlar ham koʻrsatib berildi. Beshik bilan bogʻliq boʻlgan xalqimiz anʼanalari, beshik toʻyi, chaqaloqni beshikka belash marosimi namoyish qilindi. Kelinchaklarning yal-yal yonib turgan liboslari, buvijonlar kiygan qadimiy kiyimlar, qizlarga yarashgan qirq kokillar bu qadimiy bayram koʻrkiga koʻrk qoʻshdi. Yangragan allalar, laparlar va yor-yorlar, yigit-qizlar aytishuvlari millatimiz navqironligini oʻzida aks ettirdi.
Sayilga kelganlarga bayramona bezatilgan dasturxonlardagi milliy taomlardan, Navroʻzning shoh taomi – sumalaklar ulashildi. Ovul ahli birdamlik, hamjihatlikda va koʻtarinki ruhda qadimiy bayramni nishonladi. Doʻrmandagi ushbu sayilda butun el bahor tashrifini, Navroʻz shukuhini birdek his qildi.
O.Xudoyberganova.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶