Xizr eli va Yuqori qishloq mahalla fuqarolar yigʻinlarining maʼmuriy binolari yangidan qurilib, tantanali ravishda foydalanishga topshirildi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Amudaryo tumanidagi Xizr eli va Yuqori qishloq mahallalarining maʼmuriy binolari qurib bitkazildi.
10-may kuni mazkur inshootlarning tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Dastlab, Xizr eli mahalla fuqarolar yigʻini binosi oldida tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Sagʻindiq Turmanov, tumandagi tegishli tashkilot masʼullari, qurilish ishlari boʻyicha pudratchi tashkilot ishchilari hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirokida maʼmuriy binoning ochilish marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev soʻzga chiqib, fuqarolar yigʻinining yangidan qurib bitkazilgan maʼmuriy binosi Xizr eli mahallasi aholisi uchun katta tuhfa boʻlganligini, bu binoda mahalla rivoji, aholi farovonligi uchun muhim qarorlar qabul qilinishini, yordamga muhtoj fuqarolarning muammolari aynan shu yerning oʻzida hal etilishini aytib, barchani qizgʻin tabrikladi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Sagʻindiq Turmanov Prezidentimiz tashabbusi bilan mahallalar infratuzilmasini yaxshilash yoʻlida amalga oshirilayotgan izchil saʼy-harakatlar faqatgina aholi farovonligini taʼminlash va ular uchun munosib turmush sharoitini yaratish uchunligini aytib oʻtdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan mahalla faollari oldinlari Xizr eli mahallasining maʼmuriy binosi yoʻqligi sababli mahalla hududidagi maktabgacha taʼlim tashkiloti binosida ijara asosida faoliyat yuritib kelganligini aytishib, yangidan qurilgan bino uchun tuman hokimligiga, qurilish ishlarini sifatli va qisqa muddatlarda amalga oshirgan pudratchi tashkilot − “Tuproqqalʼa maxsus qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyatiga chuqur minnatdorlik bildiridilar.
Shundan soʻng, mahallaning yoshi ulugʻ nuroniylari ramziy tasmani qirqib, mahallaning maʼmuriy binosini tantanali ravishda ochiq deb eʼlon qildilar.
Keng jamoatchilik vakillari shinam va yorugʻ xonalarni koʻzdan kechirib mahalla xodimlari va murojaat bilan kelgan fuqarolar uchun yaratilgan sharoitlarni koʻzdan kechirishdi. Nuroniylar esa elimizda hamisha tinchlik-farovonlik boʻlishini tilab duolar qilishdi. Tuman hokimi mahalla xodimlari bilan suhbatlashib, ularning ish faoliyatlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Aytish kerakki, “Tuproqqalʼa maxsus qurilish” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qurib bitkazilgan mazkur bino uchun 820 mln soʻmdan ortiq mablagʻ sarflandi. Qurilish ishlari boshlangan ilk kunlardan mahalla nuroniylari bino atrofidagi tomorqaga mevali va manzarali daraxt koʻchatlarini ekdilar. Mahalla binosi qurib bitkazilgunga qadar ushbu koʻchatlar ham boʻy choʻzib, kurtak yozdi hamda mahalla chiroyiga yanada chiroy qoʻshdi.
Darhaqiqat, ezgu niyat bilan qilingan ishlar oʻzining ijobiy samarasini bermasdan qolmaydi. Ahillikda va birdamlikda qilingan ishlardan esa barcha birdek manfaat koʻradi.
Mehmonlar Xizr eli mahalla fuqarolar yigʻini binosining ochilish marosimidan soʻng, Yuqori qishloq mahallasiga tashrif buyurildi.
Tuman hokimi Sultonboy Yoʻldashev mahalla faollari bilan suhbatlashib nuroniylarga uzoq umr, sihat-salomatlik tiladi.
Tuman hokimi tantanali ochilish marosimida Prezidentimizning tegishli qarorlari bilan bugun hayotimizda chuqur iz qoldirayotgan ezgu ishlar, keng koʻlamli qurilish va obodonlashtirish ishlari haqida soʻz yuritdi.
Tuman hokimi oʻz nutqida Yuqori qishloq mahallasi garchi tuman markazidan ancha olisda joylashgan boʻlsa ham, mahalla ahli oʻz ogʻizbirchiligi orqali “Tashabbusli byudjet” loyihalarida faol ishtirok etayotganligini, mahalla yoshlari oʻz bilim va salohiyatlari bilan tumanimiz yoshlariga oʻrnak boʻlib kelayotganligini aytib oʻtdi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vaziri Sagʻindiq Turmanov yangidan qurib bitkazilgan mahallaning maʼmuriy binosi bilan barchani tabrikladi. Keng va shinam yorugʻ xonalarda faoliyat olib boruvchi xodimlarning ish samaradorligi endilikda yanada yuqori boʻlishiga tilakdoshlik bildirib, ularning ish faoliyatlariga muvaffaqiyat va zafarlar tiladi.
Darhaqiqat, xodimlar uchun yaratilgan bunday shart-sharoitlar ularning oʻz kasbiga mehr-muhbbatining yanada oshishiga, shijoat bilan ishlashiga xizmat qiladi. Oldinlari mahalla hududidagi eski maktab binosida faoliyat yuritgan xodimlar yangi binoning qisqa fursatlarda qurilib foydalanishga topshirilganidan juda mamnun boʻlishdi.
Tadbirda mahallaning maʼmuriy binosini qurishga masʼul boʻlgan “Kommunal rem stroy” masʼuliyati cheklangan jamiyati xodimi ushbu binoni qurish ishlari yanvar oyida boshlanganligini, mahalla ahli ham qurilish boshlangan kundan boshlab quruvchilar bilan birga boʻlib, hashar yoʻli bilan ularga yordam berganliklarini eʼtirof etib oʻtdi hamda ularga oʻzining chuqur minnatdorligini bildirdi.
826 mln. soʻm mablagʻ evaziga qurib bitkazilgan mazkur bino bunyod boʻlishida oʻz mehnatlari bilan hissa qoʻshgan aholi oʻz mahalla fuqarolar yigʻinining ham boshqalar qatori maʼmuriy binosi qurilganidan juda mamnun boʻldilar. Buni ochilish marosimiga tashrif buyurgan insonlarning yuz-koʻzlaridagi mamnunlik, tabassumlaridan ham payqash qiyin emas.
Mahalla fuqarolar yigʻini maʼmuriy binosi eshiklarini taʼntanali ravishda yoshi ulugʻ nuroniylar ochishdi.
Har ikkala mahallada boʻlib oʻtgan yangi maʼmuriy binolarining ochilish marosimida qatnashgan fuqarolar yigʻini xodimlari va mahalla faollari zamonaviy uslubda qurilgan binolarda ishlash uchun barcha sharoitlar yaratilganligini, bu yerda faqat sidqidildan ishlash kerakligini aytib oʻtishdi va bunday sharoit yaratib bergan Prezidentimizga, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi va Vazirlar Kengashi, Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligiga, tuman hokimligiga oʻz minnatdorligini bildirishdi.
Shu oʻrinda aytish kerakki, bugun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar negizida aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratish ayni ustuvor vazifa hisoblanadi. Bunga hududlarda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli bunyodkorlik, obodonlashtirish ishlari yoqqol misol boʻla oladi. Maqsad esa faqat bitta − insonlari oʻtayotgan har bir kunidan rozi boʻlib yashashlari uchun sharoit yaratish!
Tuman hokimligining Axborot xizmati

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶