Amudaryo tarixiga bir nazar
Amudaryo tumanining yirik ovullaridan biri - Xitoy ovul fuqarolar yigʻini tasarrufida Changalbogʻ, Mulkdor, Kulol, Dangboshi, Saposhboy, Banggi, Toryop, Moʻllashol, Oqboshqalʼa singari qavmlardan iborat.
Xitoy ovuli nomining kelib chiqishi boʻyicha turli rivoyatlar mavjud. Baʼzi birovlar uni “Xitoy” emas balki “Ktay”, “Ke-te” soʻzlaridan kelib chiqqan deb isbotlamoqchi boʻladilar. Yana birovlar “Qitday”- ozgina kichik yer maʼnosi ham bor deb yuradilar.
K.Nurjanov va Gʻ.Xoʻjaniyazovlarning fikricha, bu qishloq Chingizxon bosqini davrida oʻlkada joylashgan millati xitoy urugʻidan boʻlgan navkarlarga suyunchi tarzida inʼom etilgan yerlar sharafiga “Xitoy” deb atalgan boʻlsa ajab emas.
Chingizxon Xorazmga urishi boshlangandan 4-yil avval Xitoyni oʻziga boʻysundirgan va minglab uygʻur, xitoy askarlarini jangga jalb etgani tarixdan maʼlum. Yana boshqa manbalarda tilga olinishich bu yerda turkiy qavmlar sanalmish Xitoy urugʻining vakillari yashagan. Xasan Ato Abushiyning “Turkiy qavmlar” kitobida yozishicha “Xitoylar soʻng zamonlarga qadar Sof va pok xulqli, gʻadr, xiyonat va yolgʻonsiz, hunar va maorifga tirishqoq, oz ila qanoat etuvchi xalqlardir”.
Yana boshqa Pirmat Shermuhammedov oʻz kitobida bu qishloq Chingizxon bosqini davrida oʻlkada joylashgan millati xitoy urugʻidan boʻlgan navkarlarga suyunchi tarzda inom etilgan yerlar sharafiga Xitoy deb atalgan boʻlsa ajab emas.
Chingizxon Xorazmga yurish boshlashdan toʻrt yil avval Xitoyni oʻziga boʻysundirgan va minglab uygʻur, xitoy askarlarini jangga jalb qilgani tarixdan maʼlum.
Yana bir muhim jihati Xitoy qishlogʻining Buyuk ipak yoʻlida joylashganligidir. Akademik Yaxyo Gʻulomovning “Xorazmning sugʻorilish tarixi. Qadimgi zamonlardan hozirgacha” kitobida yozilishicha, Xorazmda uchta xalqaro yoʻl tutashgan. “Birinchisi, Movorounnahrdan boshlangan asosiy karvon yoʻli. Ikkinchisi Xurosondan, uchinchisi, Jurjondan boshlangan karvon yoʻlidir.
Birinchi yoʻl Buxoro-Varaxsha-Qizilqum orqali, Shoʻroxon, Kat-xos, Nuzkat-Vayxon, Nukbogʻ, Mazdakxon, Gurganch orqali oʻtgan, ikkinchi yoʻl Amul-Toxiriya, Dargʻon, Jibarbdon, Sadvar, Xazarasp, Xonqa, Gurlan, Porsu, Gurganch orqali oʻtgan. Gurlan bilan Porsu orasida qadimiy Xitoy qishlogʻi joylashgan Uchinchisi, Jurjondan Zmuxshir quduqlari boʻylab, Qizilravot orqali Gurganchga oʻtgan.
Bugungi kunda Xitoy ovuli Amudaryo tumanining obod va koʻrkam goʻshalardan biridir. Bu yerda Oxunboboyev nomli jamoa xoʻjaligi, “Namuna” urugʻchilikka ixtisoslashgan xoʻjalik joylashgan. Oʻnlab fermer va pudratchilar xoʻjaliklar paxta don sabzovot, poliz va chorva mollari yrtishtirib kelmoqda.
Ovul 13 aholi punktidan iborat boʻlib, tuman markazi bilan oraligʻi 20 km masofani tashkil etadi.
Doʻrman fuqorolar yigʻini. Oʻrta Osiyoda xususan Oʻzbekistonda “Doʻrman” nomi bilan aytiluvchi qavm, qishloq va joylar koʻp uchraydi. Jumladan Toshkent, Fargʻona, Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlarida “doʻrman”, “Doʻrmancha”, “Yuqori Doʻrman”, “Oʻrta Doʻrman”, “ Quyi Doʻrman” deb ataladigan elat va qishloqlar mavjud.
Doʻrman moʻgʻulcha toʻrt degan maʼnoni anglatadi. Xiva xoni Abulgʻoziy oʻzining “Shajarai Tarokima” kitobida doʻrman urugʻi haqida talaygina maʼlumotlarni berib oʻtadi.
Amudaryo tumanining janubi-gʻarbiy qismida joylashgan Doʻrman fuqarolar yigʻini qaramogʻida “Oqcha”, “Qoramon”, “Boʻz solma”, “Boʻzchi” kabi aholi punktlari mavjud.
Qangʻli. Bazi olimlar Qangʻli urugʻi nomini aravada koʻchib yuruvchi kishilar avlodi degan maʼnoni bildiradi deb aytadi. Ovul avvaliga Qangʻli-Qipchoq deb atalgan. 1992-yil mart oyida ushbu qishloqqa Qangʻli nomi beriladi.
Qangʻli qishlogʻi va tumanning Qipchoq boʻlimi hududida istiqomat qiluvchi qangʻlilar haqida soʻz yuritadigan boʻlsak, bu jarayon tadqiqotchi K.L.Zaxidina tomonidan ancha jiddiy oʻrganilgan. Tadqiqotchilarning ilmiy xulosasiga koʻra, bu yerda qangʻlilarning qora qangʻli, pishkakli qangʻli, buqa qangʻli, oʻrmonli qangʻli, irgʻaqli qangʻli, bolgʻali qangʻli singari urugʻlar mavjud boʻlgan.
Sharqshunos olimlarning uzoq yillar olib borgan tadqiqotlariga koʻra bir paytlar qangʻlilarning oʻziga xos maqollari, matallari, ertaklari va dostonlari boʻlgan. Ular orasida “Qipchoq va Uzro” ishqiy qahramonlik dostoni alohida ahamiyatga ega. Dostonda mard, odamshavanda, toʻgʻri soʻz, haqiqat uchun oʻzini oʻtga choʻgʻga uradigan Qipchoq ismli yigit qora niyatli kishilarning xiylasi tufayli dushman qoʻliga asir boʻlib tushadi. Bundan xabar topgan sevgilisi Uzro oʻz yaqinlari bilan gʻanimlar ustidan bostirib boradi va Qipchoqni tutqundan xalos etadi.
Qangʻ soʻzining kelib chiqishiga keladigan boʻlsak. Bu haqida koʻplab ilmiy adabiyotlarda yoritilgan, lekin shunga qaramasdan Qangʻ soʻzining etimologiyasi xususida olimlar orasida haliga qadar aniq fikrga kelinmagan.
Tarixchi Rashididdin “Qangʻli” soʻzining kelib chiqishin afsonaviy shaxs Oʻgʻuzxon nomi bilan bogʻlaydi. Rivoyatlarda aytilishicha, Oʻgʻuzxon oʻz urugʻ aymoqlari bilan urushib yurgan kezlarda qoʻlga kiritgan boyliklarini tashish uchun maxsus arava yasatgan. Arava turkey tilda “Qangʻli” deyilgan. Shuning uchun ham ular aravani qangʻli nomi bilan ataganlar. Qangʻlilarning barchasi ularning avlodi sanalgan.
Abulgʻozixon “Qangʻli” soʻzining paydo boʻlishini Oʻgʻuzxon qoʻshini nomi bilan bogʻlab, quydagilarni yozadi: “Oʻgʻuzxon tatar xoni bilan urishib, ular ustidan gʻalaba qozongach, katta oʻljani qoʻlga kiritadi. Talon-taroj bilan ortirgan boyliklar ot, tuyalarga yuklangan boʻlsa hamki, yana juda koʻp qismi ortib qoladi. Bu ortib qolgan mollarni nima qilishini bilmay turgan bir vaqtda Oʻgʻuzxon qoʻshinlarining ichida aql-idrokli bir kishi boʻlib, u arava ixtiro qiladi. Uning yasagan aravasiga qarab boshqalar ham arava yasab, urushda tushgan oʻljalarni joylab, uylariga qaytadilar. Aravani Qanqa deb nomlaganlar. Aravani Qanqa deb atashining belgisi, u harakat qilayotganda “qanq-qanq” deb tovush chiqargan. Aravani dastaval yasagan, ixtiro qilgan kishini qangʻli deb ataganlar. Qangʻli elining barchasi shu kishining avlodi sanalgan”
Muallifi nomaʼlum boʻlgan “Hudud ul olam” kitobida yozilishicha “Qadim Xorazm poytaxti Kat va uning atroflarida qad tiklagan Xitoy, Mangʻit, Qipchoq qalʼalari hamda qishloqlarida mard va oliyjanob kishilar yashaganlar, ular oʻzlarining or va nomuslari uchun qattiq kurashgan. Mehmondoʻstlik va samimiylikda ularning oldiga tushadigani boʻlmagan.”
Qishloq tarkibida Qonjigali, Jumaboy soga, Pishkakli, Vaxm yop, Motor yop, Qum yop, Qoragʻay, Boʻz singari aholi punktlari mavjud.
Qonjigali tuman markazidan 19 km uzoqlikda joylashgan. U shimoldan Amudaryo, sharqdan Qipchoq shirkat xoʻjaligi, janubdan Vaxum yop, gʻarbdan Motoryop bilan chegaradosh.
Tilshunos va tarixchi olimlar oʻrtasida Kuyikkoʻpir atamasi haqida baxs va munozaralar hamon davom etib kelmoqda. Baʼzilar uni Quyi (quduq) koʻprik, Kiyik koʻprik, Kuygankoʻprik, Kuyuk koʻprik deya izohlaydilar. Aslida bularning hech biri haqiqatga yaqin emas. XII-XVI asrlardagi moʻgʻillar hukmronligi davrida Oʻrta Osiyoga, shu jumladan Orolboʻyi, Xorazmga koʻplab moʻgʻil, uygʻur, xitoy, talas, uychin, jaloir qavmiga mansub navkar yigitlar kelishgan va shu yerlik qizlarga uylanib, shu zaminni vatan tutadilar. Markaziy Osiyoning, shu jumladan Xorazm viloyatining Xonqa, Yangibozor, Gurlan tumanlarida kuyuklar qavmi, Abdulla kuyik, Otash kuyik laqabli fuqarolar avlodi hozir ham barhayot. Shundan kelib chiqib, dadil aytish mumkunki, tumanning “Navroʻz” va “Oʻzbekiston” jamoa xoʻjaliklari joylashgan “Qizil choli”, “Alamchi”, “Eshonovul”, “Jamolxoʻja”, “Qishloq”, “Qitayovul” qavm va elatlari turkey qavmlardan biri- kuyiklar nomi bilan ataladi. Xulosa qilib shuni aytish mumkunki “ Kuyik koʻpir”- urugʻ nomidan olingan qavm-qishloqning hozirgi atalishidir.
Kuyikkoʻpir tumanning Urganch-Mangʻit-Nukus avtomagistrali boʻyida joylashgan boʻlib, vohaning obod qishloqlaridan biridir.
Shahnoza Qurbonboyeva, 77-sonli maktab oʻqituvchisi

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶