1600 AQSh dollari evaziga ishga kiritib berishni vaʼda qilgan firibgar ushlandi
Hayotda birovning haqiga xiyonat qilish, firib berish orqali moʻmay daromad topishga intilish tufayli yuzi qaro boʻlgan, el oldida jinoyatchi sifatida boshi egilgan odamlar uchrab turadi. Biroq, ularning achchiq qismati negadir boshqalarga oʻrnak boʻlmaydi, bu boshi berk koʻchani tark etishga undamaydi. Goʻyoki oʻzini hammadan aqlliday hisoblab, qilmishimni hech kimga sezdirmayman , yopiqlik qozon yopiqligicha qolaveradi, deb oʻylaydi. Lekin qingʻir ishning oxiri voy ekanligini hayot qayta-qayta tasdiqlamoqda.
Tumandagi davlat muassasalaridan birida ishlab yurgan, gulday ikki farzandning onasi Gulruh (ismlar oʻzgartirildi) ham topganiga qanoat qilmay, oson pul topish yoʻliga oʻtganida bu haqda chuqurroq oʻylab koʻrmadi.
Hamkasb dugonasi Halimadan uning bir qarindoshi oʻz mutaxassisligi boʻyicha ish izlayotganini, ishsiz qiynalayotganini eshitib, buni goʻyo oʻzi uchun oson pul topishga imkonday qabul qildi. Darrov tanishlari orqali uning ishini hal qilib berishini, buning uchun oʻsha qiz tezroq 1600 dollar pulni topib berishi kerakligini aytdi. Dugonasini pora bersa, ishi oson bitishini aytib, qiziqtirdi. U rozilik bildirdi.
Gulruh oʻsha kuni aytilgan joyda Halimaning qarindoshi pullarni olib kelsa, undan keyingi ishlarini oʻzicha xomchoʻt qilib turganida goʻyo xayollari roʻyoga aylanganday boʻldi: oʻsha qizdan aytilgan summadagi dollarni va hujjatlarini olib sumkasiga solib, endi joʻnamoqchi boʻlayotgan vaqtida uni maʼmuriy organlar xodimlari qoʻlga olishdi.
Yaqinda sodir etgan ushbu holati uchun Gulruhning qarshisiga ochilgan jinoyat ishi jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudida batafsil muhokama qilindi. Sud hayʼati ish boʻyicha toʻplangan barcha hujjatlarni oʻrganib, taraflarning koʻrsatmalarini eshitib, Gulruhning qilmishiga yarasha jazo tayinladi.
Asqar SAFAROV, jinoyat ishlari boʻyicha tuman sudi raisi.

▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶
▶